Oskar mukofoti sovrindori, aktrisa Eva Mari Seynt 102 yoshida vafot etdi
U «Portda» (On the Waterfront) filmida Marlon Brando bilan, keyin esa Xichkokning «Shimoldan shimol-gʻarbga» (North by Northwest) filmida Keri Grant bilan birga bosh rollarni ijro etgan.

Oskar mukofoti sovrindori, aktrisa Eva Mari Sent 102 yoshida vafot etdi
«Portda» (On the Waterfront) va «Shimoldan shimol-gʻarbga» (North by Northwest) kabi Gollivud klassikasiga aylangan filmlardagi rollari bilan tanilgan, Oskar mukofoti sovrindori, aktrisa Eva Mari Sent 102 yoshida vafot etdi.
Sent rejissyor Elia Kazanning 1954 yilda suratga olingan «Portda» kriminal dramasidagi debyut roli uchun «Eng yaxshi ikkinchi darajali aktrisa» nominatsiyasida Oskar mukofotini qoʻlga kiritgan edi. U ushbu filmda Marlon Brando ijro etgan, ichki ziddiyatlarga toʻla sobiq bokschi va port ishchisining sevgilisi Idi Doyl rolini oʻynagan.
Besh yil oʻtgach, u Alfred Xichkokning «Shimoldan shimol-gʻarbga» shpionlik trillerida Keri Grant ijro etgan reklama agentligi rahbarini xavfli tarzda yoʻldan ozdiruvchi «jozibador qotil ayol» (femme fatale) Iv Kendall rolida namoyon boʻldi.
Oila vakili Jeff Sanderson uning seshanba kuni Los-Anjelesdagi uyida, oilasi va yaqinlari davrasida tabiiy sabablarga koʻra vafot etganini tasdiqladi.
Vafotiga qadar Sent hayot boʻlgan eng keksa Oskar sovrindori va Gollivudning oltin davridan qolgan soʻnggi yulduzlardan biri edi.
U shuningdek, 1900 yilda «Biz kabi odamlar» (People Like Us) nomli mashhur teleserialda boy beva ayol rolini ijro etgani uchun «Emmi» mukofotiga sazovor boʻlgan.
1924 yilda Nyu-Jersi shtatining Nyuark shahrida tugʻilgan Sent teatrga boʻlgan qiziqishini kashf etishdan oldin oʻqituvchi boʻlishni rejalashtirgan edi.
U Nyu-Yorkda Gerbert Bergxof studiyasida, soʻngra Kazan tomonidan hammuassislikda tashkil etilgan, aktyorlik mahorati maktabi hisoblangan Aktyorlik studiyasida tahsil oldi.
Sent Kazanning klassik «Portda» filmidagi ijrosi bilan Gollivudga shiddat bilan kirib keldi.
Brando oʻzining kuchli aktyorlik mahorati bilan tanilgan edi va Sent uni «yoqimtoy», ammo «biroz qoʻrqinchli» deb bilganini aytgandi.
«U mening ichimni xuddi yaqqol koʻrib turgandek his qilardim», — degan edi u 2013 yilda Turner Classic Movies (TCM) telekanaliga bergan intervyusida.
Shunga qaramay, u Xichkokning «Shimoldan shimol-gʻarbga» shodevrida oʻsha paytda «Xichkokning sariq sochli goʻzallari» deb ataladigan qahramonlardan birini oʻynash uchun kutilmagan tanlov sifatida koʻrilgan.
Uning sherigi Grant bosh roldagi aktrisalarga nisbatan juda talabchanligi bilan mashhur edi.
«U men bilan tashqi koʻrinishdan boshlab ishladi», — degan edi Sent.
«Sochim, pardozim, poyabzalim, taqinchoqlarim, hamyonim, qoʻlqoplarim — hamma narsa. Va men uchun aynan shu tashqi koʻrinishni yaratish orqali u menga shpion ayol hissini berdi».
Sent shuningdek, 1960 yilda Otto Premingerning «Chiqish» (Exodus) filmida Pol Nyuman bilan birga suratga tushgan va Jon Frankenxaymerning «Hamma yiqiladi» (All Fall Down) filmida Uorren Bitti qahramonining sevgilisi rolini oʻynagan.
Keyinchalik u rejissyor Jeffri Xayden bilan oila qurish va farzand tarbiyalash uchun diqqat markazidan uzoqlashdi.
Yarim asr oʻtgach, 80 yoshlar atrofida boʻlgan Sent 2006 yilda suratga olingan «Supermenning qaytishi» (Superman Returns) blokbasterida Supermenning asrab olgan onasi sifatida katta ekranga qaytdi.
Keyinchalik u Kolin Farrell va Rassel Krou bilan birga «Qish ertagi» (Winter's Tale) fantastik filmida va 2019 yilda suratga olingan «Mariyetta ekstazda» (Mariette in Ecstasy) dramasida rohiba rolida koʻrinish berdi.
Gollivudning «Shon-sharaf alleyasi»da ikkita yulduzga ega boʻlgan Sent aktyorlik sohasidagi uzoq yillik faoliyati uning ijodiga chuqurroq maʼno bagʻishlaganini aytgandi.
«Qancha uzoq yashasang, shunchalik aqlli boʻlasan, chunki koʻp narsani koʻrasan, koʻp joylarda boʻlasan», — degan edi u TCM telekanaliga.
«Oʻz hayotingda turli xil hissiy kechinmalarni boshdan kechirasan va umid qilamanki, narsalarni yaxshiroq tushunasan.
Va bu seni yaxshiroq aktrisaga aylantiradi».
Sentning Xayden bilan nikohi 65 yil — uning 2016 yildagi vafotiga qadar davom etdi. Undan ikki farzandi qoldi.

