Osiyo o‘yinlari: Abdumalik Xalokov boks, Muzaffarbek To‘raboyev dzyudo bo‘yicha oltin medallarga ega chiqdi
Yaponiyada o‘tayotgan Osiyo o‘yinlarida O‘zbekiston hisobidagi oltin medallar soni 19 taga yetdi. Bokschi Abdumalik Xalokov -60 kg vazn toifasida chempion bo‘lgan bo‘lsa, dzyudochi Muzaffarbek To‘raboyev +100 kg vazn toifasida finalda g‘alaba qozondi.

Osiyo o‘yinlari: Abdumalik Xalokov boksda, Muzaffarbek To‘raboyev dzyudoda oltin medalga sazovor bo‘ldi
Aichi-Nagoyada davom etayotgan Osiyo o‘yinlarida yana ikki nafar o‘zbekistonlik sportchi oltin medalni qo‘lga kiritdi.
Abdumalik Xalokov -60 kg vazn toifasida final jangida Janubiy Koreya vakili Jang Dongvanga qarshi ringga chiqdi. Xalokov bahsda raqibini 5:0 hisobida mag‘lub etib, ikki karra Osiyo o‘yinlari g‘olibiga aylandi.
“Xalqimizga, prezidentimizga va’da bergandik, olti medal olib kelamiz deb va va’damizning ustidan chiqqanimdan juda xursandman. Albatta, bu medal nafaqat meniki, murabbiylarimniki ham. Ular menga taktika vazifalar qo‘yildi va o‘sha taktikalarni bajarib, chiroyli g‘alaba qozondim. Bu oltin medalimni murabbiylarimga sovg‘a qilaman. Ularni o‘tgan bayramlari bilan chin qalbimdan tabriklayman. Ular bor, bizlar bormiz. Oldimizda maqsadlar katta. Intilamiz, harakat qilamiz, O‘zbekiston bayrog‘ini yuqori ko‘tarib, xalqimizni, prezidentimizni xursand qilishda davom etamiz”, — dedi Xalokov jangdan so‘ng.
Xalokov jang haqida so‘zlar ekan, dastlabki ikki raundni murabbiylar ko‘rsatmasiga ko‘ra, so‘nggi raundni esa o‘z xohishiga binoan o‘tkazganini aytdi.
“Rostini aytsam, murabbiylarim aldab yur, bo‘ldi, hech narsa kerak emas deb aytgandilar. Ikki raund yutganimdan keyin, uchinchi raund kelib, aytdim, urishmasam bo‘lmaydi, deb. Qon qaynadi va bemalol urishsam ham urib qo‘yaman, farqi yo‘q, dedim. Bo‘ldi, ehtiyot bo‘lgin, deyishdi va erkak kishida agressiya bo‘ladi-yu, o‘sha agressiyani uchinchi raundda chiqardik”, — dedi Osiyo o‘yinlari chempioni.
Shuningdek, dzyudochi Muzaffarbek To‘raboyev ham Osiyo o‘yinlarining ikki karra chempioniga aylandi. U +100 kg vazn toifasidagi finalda yaponiyalik dzyudochini mag‘lub etdi.
To‘raboyev Xanchjou-2022 Osiyo o‘yinlarida ham oltin medal olgandi. Shu tariqa, O‘zbekiston hisobidagi oltin medallar soni 19 taga yetdi.

