Layfstayl

O‘rgimchak ham, balandlik ham emas: kino yulduzlarining g‘ayrioddiy fobiyalari

O‘rgimchak ham emas, balandlik ham emas: kino yulduzlarining noodatiy fobiyalari

Biz aktyorlarni doim ekranda, qizil yo‘laklarda va turli tadbirlarda ko‘rsak-da, ular ham xuddi biz kabi oddiy insonlar ekanini unutmaslik kerak. Bu esa ularning qalbida ham turli qo‘rquvlar borligini anglatadi. Ayrim qo‘rquvlar bolalikdan qolgan bo‘lsa, boshqalari mashhurlikka erishgach paydo bo‘lgan. Hatto katta gonorarlar, nufuzli mukofotlar va ko‘plab muxlislar ham ularni bu xavotirlardan xalos eta olmaydi. Ba’zan bu qo‘rquvlar haqiqatan ham g‘ayrioddiy ko‘rinish oladi.

Mashhur “Yomon Santa” aktyori eng g‘alati qo‘rquvlardan biri — antikvar mebellardan qo‘rqishdan aziyat chekadi (bu holat epiplafobiya deb ham ataladi). Billi Bob Torntonning aytishicha, 1950-yillargacha yasalgan eski stul, stol yoki javonlarni ko‘rsa, ko‘ngli ayniydi va nafasi bo‘g‘iladi.

Ayniqsa, Lyudovik XIV davriga oid fransuz antiqa buyumlari uni dahshatga soladi. Uning “Bandidlar” filmidagi qahramoni ham xuddi shu holatni boshdan kechiradi. Ayni paytda, plastmassa yoki metalldan yasalgan zamonaviy mebellar unda bunday salbiy tuyg‘ularni uyg‘otmaydi.

Nikol Kidmanda lepidopterofobiya — tangachaqanotlilardan qo‘rqish holati bor. Bu qo‘rquv uni yoshligidan beri ta’qib qilib keladi. Avstraliyalik aktrisa har safar maktabdan qaytayotganda uyining darvozasida katta kapalaklarni ko‘rar edi. Ularga duch kelmaslik uchun u devordan oshib o‘tar yoki aylanma yo‘ldan yurardi.

Muhimi, aktrisa qo‘rquvini yengishga urinib ko‘rgan. Bir kuni u Amerika tabiat tarixi muzeyidagi kapalaklar qafasiga kirgan. Biroq bu yordam bermagan — aktrisa hanuz hasharotlarning tasodifiy tegib ketishiga ham chiday olmaydi. Ammo u ilon yoki o‘rgimchaklardan mutlaqo qo‘rqmaydi.

Skarlett Yoxansson ornitofobiyadan, ya’ni qushlardan qo‘rqishdan aziyat chekadi. Aktrisaning o‘zi aytganidek, qushlarning deyarli hamma narsasi uni qo‘rqitadi: tumshug‘i ham, qanotlari ham, qanot qoqishi ham.

Butun dunyodagi millionlab tomoshabinlarni qo‘rquvga solgan saspens ustasi... Xo‘sh, Alfred Hichkok nimadan qo‘rqishi mumkin? Javob sizni hayratga soladi: tovuq tuxumidan. Bu ovofobiya deb ataladi. Rejissyor umrida hech qachon tuxum tatib ko‘rmaganini, hatto boshqalarning uni yeyishiga ham qaray olmasligini aytgan.

Uni tuxumning ko‘rinishi ham qo‘rqitgan, u buni jirkanch va vahimali deb hisoblagan. Aytgancha, buyuk ijodkor politsiyachilardan ham qo‘rqqan. Otasi profilaktika uchun tanishidan kichkina Alfredni 5 daqiqaga kameraga qamab qo‘yishni so‘ragan ekan.

Etni junjiktiradigan ko‘plab obrazlarni yaratgan aktyor bolaligidan masxarabozlardan qo‘rqadi. Jonni Deppga har doim quvnoq chehra niqobi ostida qandaydir yovuz narsa yashiringandek tuyulgan, shu sababli uni “U” yoki “Joker” filmlarida ko‘rishimiz amrimahol.

Shunga qaramay, u “achchiqni achchiq kesar” usulini sinab ko‘rmoqchi bo‘lgan: uyining devorlariga masxarabozlar suratini osgan va hatto ularning haykalchalarini ham to‘plagan. Shunday bo‘lsa-da, “Karib dengizi qaroqchilari” yulduzi hozirgacha jonli masxarabozni ko‘rganda o‘zini juda noqulay his qilishini tan oladi.

Klassik kitobdan ko‘ra elektron kitobni afzal ko‘radiganlar orasida Megan Foks, shubhasiz, birinchi bo‘ladi. Chunki u ancha kam uchraydigan papirofobiyadan aziyat chekadi — bunday odamlar quruq qog‘ozga teginishga toqat qilolmaydi. Shu sababli ssenariylarni o‘qish uning uchun katta qiyinchilik tug‘diradi. Agar qo‘l ostida bir stakan suv bo‘lmasa, u mutolaaga kirishmaydi. Sahifalarni bemalol ochish uchun barmoqlarini doim suvga botirib turadi, aks holda uni asabiy titroq bosadi.

“Transformerlar” yulduzini doskaga bo‘r bilan yozilganda chiqadigan ovozga toqat qilolmaydiganlar yaxshi tushunsa kerak, aktrisa bu hissni aynan shunga qiyoslaydi. Shu sababli u raqamli nusxalar bilan ishlashni ma’qul ko‘radi. Shuningdek, unda ko‘pchilikda uchraydigan qorong‘ilikdan qo‘rqish hissi ham bor, shuning uchun yolg‘iz qolsa, hanuz uydagi chiroqlarni o‘chirmaydi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.