Oqtepa maydoni chorrahasida harakat tartibi o‘zgardi
Toshkentdagi Oqtepa maydoni chorrahasida transport vositalari uchun yangi chapga burilish yo‘nalishlari tashkil etildi. Natijada haydovchilar bosib o‘tadigan masofa qariyb 600 metrga, harakat vaqti esa tig‘iz soatlarda 10 daqiqagacha qisqarishi aytilmoqda.

Oqtepa maydoni chorrahasida transport harakatini yaxshilash maqsadida yangi tartib joriy etildi. Bu o‘zgarishlar tirbandliklarning oldini olish va ortiqcha masofani qisqartirishga qaratilgan.
Endilikda Lutfiy ko‘chasidan Nurafshon va Seul ko‘chalari yo‘nalishida harakatlanayotgan haydovchilar svetoforning ruxsat beruvchi ishorasi orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri chapga burilishlari mumkin. Ilgari bu yo‘nalishda harakatlanish uchun Muqimiy ko‘chasiga o‘tib, u yerdan qayrilib olish talab qilinardi.
Shuningdek, Samarqand Darvoza ko‘chasidan kelayotgan transport vositalari uchun ham yangi chapga burilish imkoniyati yaratildi. Avval bu yo‘nalishdan Lutfiy va Muqimiy ko‘chalariga o‘tish uchun Nurafshon ko‘chasiga kirib, qayrilib olish zarur edi. Yangi tartibga ko‘ra, haydovchilar svetoforning tegishli ishorasi orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri chapga burilib, Muqimiy va Lutfiy ko‘chalari tomon harakatlanishlari mumkin.
Ushbu o‘zgarishlar natijasida haydovchilar bosib o‘tadigan masofa qariyb 600 metrga qisqardi. Shuningdek, Nurafshon va Muqimiy ko‘chalarida qayrilib olish jarayonida yuzaga keladigan tirbandliklarni kamaytirish ko‘zda tutilgan. Hisob-kitoblarga ko‘ra, yangi harakat tartibi haydovchilarning yo‘ldagi vaqtini odatiy soatlarda 4 daqiqagacha, tig‘iz vaqtlarda esa 10 daqiqagacha qisqartiradi.
Piyodalar xavfsizligi va harakatlanish qulayligini ta’minlash maqsadida chorrahada piyodalar o‘tish yo‘laklari hamda piyodalar uchun svetoforlar ham o‘rnatildi.

