“O‘qituvchilarda akademik erkinlik yo‘q”. Ta’limda o‘qituvchi fenomeni, ular qanday ishlashyapti?
O‘zbekistonda pedagoglik nufuzli kasb bo‘lmay qoldi. Bunga bir qancha omillar, xususan, akademik erkinlik, mehnat sharoitlari yetishmasligi va maoshning hanuz past ekani ta’sir qilmoqda. Nima qilish kerak? Gazeta’ning ta’lim podkastida mavzu muhokama qilindi.

“O‘qituvchilarda akademik erkinlik yo‘q”. Ta’limdagi o‘qituvchi fenomeni, ular qanday ishlayapti?
Podkastning 3-sonida o‘qituvchi fenomeni tahlil qilindi. Ta’limda o‘qituvchi kim? Uning vazifasi nima? Sifatli o‘qituvchi qanday bo‘lishi kerak? O‘zbekistonda pedagogika sohasi qanday ishlayapti? Shu kabi savollarga javob topish uchun bu safar studiyaga doimiy ta’lim eksperti Komil Jalilov, pedagog Shokir Tursun va Abdulla Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy instituti rektori Abduvali Ismoilov taklif etildi.
— Komil aka, podkastlarimizda doim birinchi murojaat qiladigan mavzuimiz — nazariya. Avval shu haqda gaplashsak, o‘qituvchi o‘zi kim va qanday vazifani bajaradi?
O‘qituvchi kim degan savolga javob berishdan oldin, xohlaymizmi-yo‘qmi, podkastimizning avvalgi sonlariga murojaat qilishga to‘g‘ri keladi. Chunki ta’lim baribir yaxlit tizim. Oldingi podkastlarda esingizda bo‘lsa, ta’lim falsafasi va metodologiya haqida gaplashgandik, ya’ni o‘qitishda qanday ta’lim falsafalari, qanday metodologik yondashuvlar borligi haqida. O‘shanda ta’limning 3 ta muhim komponenti bir-biri bilan o‘zaro bog‘liq ekani va shu uyg‘unlikda ishlashi kerakligini aytgandik.
Endi o‘qituvchi kim deganda, u shu tizimning markazida turadi. Chunki o‘quv dasturlari yoki ta’lim falsafasini bevosita sinfda ro‘yobga chiqaradigan — o‘qituvchi. Ya’ni ta’lim oldida qanday maqsadlar turmasin, bu maqsadlarga qay darajada erishilishini bevosita o‘qituvchi hal qiladi, ular eng asosiy figura rolini bajaradi.
O‘qituvchining vazifasi qanday deganda, bu yerda ham yana falsafalarga qaytamiz. Ta’lim falsafasidan kelib chiqib, rollar turlicha belgilanadi. Umuman, biz ta’lim falsafalarini bir qancha yondashuvlarga bo‘lgandik. An’anaviy falsafalarda maqsad ko‘proq o‘quvchiga jamiyat uchun muhim hisoblangan bilim, ko‘nikma yoki qadriyatlarni yetkazish hisoblanadi.
Bunda o‘quvchilar passiv rolda, ya’ni ma’lumotlarni qabul qiluvchi, singdiruvchi rolida bo‘ladi. O‘qituvchi esa ma’lumot yetkazuvchi, ya’ni qandaydir ekspert sifatida gavdalanadi. Ikkinchi yondashuvda progressiv falsafalar ilgari surilgandi.
Bu yerda ko‘proq o‘quvchining shaxsiyati, tanqidiy va ijodiy fikrlashi hamda boshqa ko‘nikmalarini rivojlantirishga, uni faol shaxs sifatida shakllantirishga e’tibor beriladi. Bunda o‘qituvchi fasilitator, ya’ni bilimni tayyor holda o‘quvchiga yetkazadigan emas, shu bilimlarni egallash uchun shart-sharoit yaratadigan, yo‘naltiruvchi sifatida namoyon bo‘ladi.
Savollar, topshiriqlar beradi va o‘quvchilar shu savollarga javob berish orqali o‘qituvchi qo‘ygan vazifalarni bajaradi, bilimlarini shakllantiradi. Uchinchi, yanada progressiv falsafa esa o‘tgan asrning 1950−1960-yillarida yaqqol yuzaga chiqqan bo‘lib, bu — rekonstruksionizm, ya’ni jamiyatni qayta qurish bilan bog‘lanadi.
Bunda maktablar o‘quvchini faqat demokratik jamiyatga tayyorlash, uni faol fuqaro qilish yetarli emas, degan xulosaga kela boshlaydi. Bu yerda o‘quvchi nafaqat faol fuqaro sifatida, balki jamiyatdagi qusurlarni ko‘ra oladigan inson sifatida ham tayyorlanadi. Ya’ni ertaga maktabni bitirgandan keyin bir faol a’zo sifatida jamiyatni o‘zgartirishga tayyor bo‘lishi kerak.
O‘qituvchi ko‘proq dialogga kirishuvchi hamkor bo‘lishi kerak. Qayerda qanday muammolar bor, nimani qanday to‘g‘rilasa bo‘ladi — shularni tushuntirishga urinadi. Umuman olganda, o‘qituvchining roli xohlaymizmi-yo‘qmi, maqsaddan kelib chiqib turlicha bo‘ladi.
Albatta, bitta ta’lim falsafasini ushlab olib, o‘qituvchi faqat unaqa, faqat bunaqa qilishi kerak deyish shart emas. Chunki fanlar doirasida bir kunlik darsning maqsadi turlicha bo‘lishi mumkin. Shunga qarab o‘qituvchining roli ham o‘zgaradi.
O‘qituvchi faqat bilim berish bilan cheklanib qolmasligi kerak. Kecha o‘qituvchi bilim manbai sifatida qaralgan bo‘lsa, bugun bilimni faqat o‘qituvchidan emas, balki sun’iy intellekt va internetdan ham olish mumkin bo‘lib qoldi. Imkoniyat kengaydi. Shunday ekan, o‘qituvchining roli ham o‘zgarib boryapti.
Avvallari o‘qituvchi faqat darslikdagi ma’lumotlarni yetkazish bilan cheklangan bo‘lsa, bugun bu yetarli emas. U o‘quvchiga fikrlash, mulohaza yuritishni o‘rgatishi kerak bo‘lyapti, olgan bilimlarini amaliyotda qanchalik qo‘llash lozimligini tushuntirishi ham ahamiyatli bo‘lib boryapti. Shunday ekan, o‘qituvchi doimiy ravishda o‘z ustida ishlashi, kasbiy rivojlanishiga alohida e’tibor berishi kerak.
Shu o‘rinda davlat tomonidan berilayotgan imkoniyatlarni ham sanab o‘tishimiz lozim deb o‘ylayman. O‘qituvchi kasbining fidoyisi bo‘lib, rolini yaxshi bajarishi uchun avvalo unga sharoit kerak edi. Bundan 10 yil oldin o‘qituvchilarimiz qayerda edi? O‘sha paytlarda hali maktab ta’limi sifati haqida o‘ylashga vaqti yo‘q edi, chunki ular o‘ziga taalluqli bo‘lmagan ishlar bilan band edi.
Bugun sharoit yaratildi, maktablarga e’tibor berildi, yangi malaka oshirish tizimi yaratildi. O‘qituvchining bilimi bo‘lmasa, bu yaqqol ko‘rinib qoladigan darajaga yetib keldi. Endilikda ular doimiy ravishda ustida ishlab, rivojlanib, yaxshi bilim beruvchiga aylanishga harakat qilib boryapti.
— Abduvali aka, shu joyda gapingizni bo‘lsam, bu haqida yana gaplashamiz. O‘zi sharoitlar qanchalik, ya’ni talabga javob beryaptimi, sifatli o‘qituvchilar tayyorlanyaptimi degan savollar ham bor. Komil aka sanab o‘tgan nazariyalardan qaysi biriga hozir amaliyotda javob berilyapti deb hisoblaysiz?
— Abduvali Ismoilov:
Endi Komil akaning o‘zlari ham aytdilar, yo u, yo bu nazariyadamiz deb aytish qiyin, albatta. O‘qituvchining faoliyati o‘zgarib boryapti. Avval bilim beruvchi bo‘lgan bo‘lsa, endi fasilitator roliga o‘tyapti. Fasilitator roliga o‘tish uchun rekonstruksiya, rivojlanish yo‘lidamiz desak to‘g‘riroq bo‘ladi.
Chunki zamonaviy rivojlangan modelga yetib bordik deb aytish qiyin. Lekin, albatta, biz shu yo‘ldamiz. Malaka oshirish tizimida fasilitator bo‘lish o‘zi qanday, ya’ni mulohaza yuritish qanday metodlar bilan o‘rgatiladi yoki tanqidiy fikrlashni o‘rgatish uchun qanday metodlar kerak degan savollarga javoblar malaka oshirishda o‘rgatib borilyapti.
O‘qituvchilar buni o‘rganib, o‘z faoliyatida tatbiq etishga harakat qilib borishyapti. O‘ylaymanki, biz eng zamonaviy modellarni joriy etish yo‘lidamiz. Bunga hammamiz harakat qilyapmiz. O‘qituvchi ham ertami-kechmi bu modelga yetib boradi.
— Shokir aka, xalqaro tajribada kuchli ta’lim tizimiga ega davlatlar bor. Shunday tizimli mamlakatlarda o‘qituvchi kim va qanday vazifani bajarishi kerak deb belgilangan?
— Shokir Tursun:
Shaxsan men uchun o‘qituvchining 3 xil vazifasi bor. Birinchisi — ta’limni loyihalash. Dastavval bola nimani o‘rganadi, qachon o‘rganadi, qanday o‘rganadi degan savollarga javob ishlab chiqish kerak. Ikkinchi vazifasi — o‘rganish jarayonini tashxis qilish.
Ya’ni bu baholash emas, tashxis qilish deganda muammolar qayerda, bolalar qayerda o‘rgana olmayapti, nima sababdan muammo paydo bo‘lyapti — shuning tahlillarini amalga oshirish kerak. Albatta, unga yechimlar konsorsium, ya’ni jamoa bilan kelishiladi.
Va uchinchisi, eng muhimi, biroz yetishmayotgani deyishimiz mumkin, bu — motivatsiya uyg‘otish. Ya’ni bolaga bilim olish uchun ichki motivatsiyani uyg‘otish masalasi turibdi. Fanga qiziqtirish desak ham bo‘ladi. Lekin umuman olganda butun tizimda.
Mana shu 3 ta vazifani bajargan o‘qituvchi har qanday yuqorida sanalgan falsafadagi ideal o‘qituvchi bo‘ladi deb hisoblayman. Endi amalda shunday o‘qituvchilar bormi desa, O‘zbekistonda kam. Qidirish kerak. Topsangiz ham bunday o‘qituvchilar qimmat. Chunki birinchi vazifa, ya’ni loyihalash bosqichiga tizim ruxsat bermaydi.
— Komil Jalilov:
Ruxsat bersangiz shu yerda qo‘shimcha qilsam. Hozir sanab o‘tilgan bir qancha vazifalardan kelib chiqsak, ta’limni loyihalash jarayoniga to‘xtalsak degandim. Ingliz tilida eng ko‘p ishlatiladigan nom — instructional design. Bu — o‘qitish jarayonini loyihalash degani.
Dizayn bu yerda loyihalashtirish ma’nosida kelyapti. Oddiy misol qilinsa, nimadir yasash uchun birinchi hech bo‘lmasa qog‘ozda chizmasini chizib olasiz, to‘g‘rimi?! Men yakuniy natijaga qanday erishmoqchiman va buning uchun nimalar kerak degan narsani ko‘ra olish uchun ham chizma kerak.
Ta’limda ham xuddi shunday bo‘lishi kerak, ya’ni ma’lum choraklar, yilliklar yoki umuman 11 yillikdan keyin qanday o‘quvchini chiqarmoqchimiz, qanday insonni ko‘ryapmiz degan savol bo‘lishi kerak. Shu savolga javob bo‘lgandan keyin ta’limni loyihalashtirish mumkin, ya’ni bunga olib borish uchun nima ishlar qilinishi kerakligi ishlab chiqiladi.
Hozir Shokir ta’lim tizimi o‘qituvchilarga bu imkoniyatni bermaydi deyaptilar, esingizda bo‘lsa o‘tgan safar ham buni gaplashgandik, ya’ni bizda xohlaymizmi-yo‘qmi juda ko‘p hollarda ta’lim tizimi, ayniqsa davlat ta’lim tizimi o‘qituvchini chegaralab tashlagan. Akademik erkinlikni nazarda tutyapman.
Masalan, darslik, mavzuni tanlash imkoniyati yo‘q. Buni rasmiylar belgilab bergan. Taqvim reja degan narsa beradi, xohlaysizmi yoki yo‘q, berilgan mavzuni o‘tasiz, o‘zgartirishingiz mumkin emas. Tekshiruvchi kelib qolsa, berilgan mavzuning o‘rniga boshqa mavzu o‘tayotgan bo‘lsangiz, muammoga duch kelasiz.
Har bir qadamingizni tizim belgilab bersa, funksiyalar atrofiyaga uchraydi, ya’ni funksiyalar ishlatilmagandan keyin sekin-asta yo‘qolishni boshlaydi. Misol uchun, inson uzoq vaqt oyog‘ida yurmasa, yurish nimaligini esdan chiqarib qo‘yadi.
Bu ham shunga o‘xshagan jarayon, o‘qituvchi amaliyotda ta’limni loyihalashtirib ko‘rmasa, uni esdan chiqaradi, faqat tayyor berilgan material bilan ishlaydi. Oqibatda yana bir katta xavf yuzaga keladi, materialning asosiy funksiyasini mana shu materialni yetkazishda deb biladi.
Mening nazarimda, ayniqsa davlat ta’lim tizimida o‘qituvchilarning asosiy vazifasi darslikni o‘qitish deb qaraladi, bolalar tushunyaptimi yoki yo‘q, bu muhimmasdek. Ta’limni loyihalashtirish funksiyasiga imkon bermaganimiz sababli bu funksiya o‘z-o‘zidan yemiriladi va bunga qo‘shilib yondosh funksiyalar ham yo‘qolib boraveradi.
Ya’ni fasilitator deyapmiz-ku, unga yetib borish uchun o‘qituvchi 3 ta bosqichni bosib o‘tishi kerak. Masalan, men darslik yozgan bo‘lsam, uni o‘zimning dunyoqarashim bilan yozganman.
Bunday darsliklar 10 mingdan ortiq maktabda o‘qiyotgan 6 million nafar bolani qamrab ololmaydi. Buning umuman imkoniyati yo‘q. Abduvali aka, balki siz ham buni tasdiqlarsiz, o‘zi darslikdan o‘tish majburiy ekanining qonuniy asosini ham, mantig‘ini ham topolmaganman.
Ya’ni o‘qituvchiga o‘quv dasturini o‘tish majburiy, lekin aynan darslikdagi mavzuni o‘tish, darslikdagi topshiriqlarni bajartirish majburiy degan joyini tushunmayman.
Men o‘qituvchilar orasida o‘tkazilgan TALIS (Teaching and Learning International Survey — Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (OECD) tomonidan o‘tkaziladigan o‘qituvchilar va maktab direktorlari faoliyati, ish sharoitlari hamda ta’lim muhitini baholovchi yirik xalqaro tadqiqot) tadqiqoti natijasiga urg‘u bermoqchi edim. 2024-yilda o‘tkazilgan tadqiqot natijasiga ko‘ra, ta’limda juda katta siljishlar, bir qancha ijobiy jihatlar bor.
O‘qituvchilarning kasbidan, oyligidan mamnunligi, jamiyatda mavqei oshib borayotganligi bo‘yicha bir qancha ijobiy holatlar ko‘rilgan, shu bilan birga bitta qiziqarli jihati bor: o‘qituvchining faoliyatini amalga oshirish uchun avtonomiyasi unchalik yetarli emasligi. Ya’ni mustaqil emas. Komil akaning gaplariga qo‘shilaman, o‘qituvchi dars olib borishi uchun vakolatlari cheklangani ma’lum bo‘lgan.
Bu tadqiqotda ham pastroq ko‘rsatkichni ko‘rsatgan. Hozir ta’lim rivojlanish yo‘lida ketyapti. Kelgusi bosqichda shu haqida ham o‘ylab ko‘rishimiz kerak deb o‘ylayman. To‘g‘ri, hozir o‘qituvchining darslikni tanlash imkoniyati yo‘q, tanlashning ham vaqti keladi. Buning uchun o‘zi ideal darslik qanday bo‘ladi degan savolni ko‘tarishimiz kerak. Bizda juda katta harakat bilan Singapur, Finlandiya tajribasi orqali yangi darslikka kirib kelinyapti.
Keyingi bosqichda malaka oshirishga mas’ul inson sifatida jamoamiz bilan birga shuni o‘qitish metodlarini joriy qildik. Ya’ni 2024−2025, 2025−2026-yillarda qabul qilingan yangi darsliklardagi metodlarni o‘qituvchilarga malaka oshirish tizimida yetkazib bordik. Bundan o‘qituvchilar ancha xursand bo‘lishdi.
Xursand bo‘lib, “yo‘q, yaxshi metodlar, yaxshi tajribalar kiribdi, biz buni o‘rgansak judayam darsimizga yordam bo‘larkan” deb katta qiziqish bilan qabul qilishdi. 2024−2025-yilda 116 soat tabiiy fan bo‘yicha, 106 soat matematika fani bo‘yicha malaka oshirish dasturi joriy qilindi. Darsliklar joriy qilinishi jarayoni oxiriga yetmadi, ya’ni hali 11-sinfgacha yetib kelmadi. Oxiriga yetsin. Oxiriga yetgandan keyin tanlash imkoniyatiga ham yetib kelsak kerak deb o‘ylayman.
Chunki amaliyotda buni teskarisini ko‘proq kuzatamiz.
Yo‘q, keyin to‘xtalamizmi yoki yo‘q, bilmadim. Lekin xalqaro darajada o‘qituvchining faoliyatini tahlil qilish bo‘yicha eng yirik tadqiqot — TALIS. Milliy darajada ham hali bundan yaxshi tadqiqot chiqmadi. Shuning natijasiga ko‘ra, qatnashgan pedagoglarning 95 foizi bugungi kunda o‘z kasbidan mamnunligini ko‘rsatgan. Bu ham bizga yaxshi signal.
— Shokir Tursun: Kosmik raqamdek ko‘rinishi mumkin, lekin nimaga shunaqa deb hisoblasangiz, ular oldingi va hozirgi davr bilan solishtirishadi. Ideal bilan solishtirishmaydi. Ya’ni o‘rtachasini oladi. Aniqroq aytganda, oldingidan yaxshiroq bo‘lgani uchun mamnun his qiladi.
— Komil Jalilov:
10 yil oldingi, deylik, oylab paxtadan beri kelmaslik yoki boshqa o‘ziga xos bo‘lmagan ishlarni bajarishi bilan solishtirishadi. To‘g‘ri, oldingiga nisbatan hozir ancha yaxshi, lekin mening nazarimda TALIS yoki shunga o‘xshash tadqiqotlar natijalarini olayotganda salgina ehtiyotkorlik bilan yondashish kerak. Ingliz tilida self-reporting degan tushuncha bor, ya’ni o‘zini ta’riflash yoki o‘zini baholash degani. Mana shu ko‘nikma faqat o‘qituvchilarda emas, umuman olganda jamiyat sifatida unchalik yaxshi rivojlanmagan. Ya’ni biz o‘zimizga-o‘zimiz baho berayotganda ko‘pincha yoki juda oshirib yuboramiz, yoki juda tushirib yuboramiz. To‘g‘ri baho berishimiz juda qiyin. Ayniqsa davlat strukturasida ishlaydiganlar, mening nazarimda, shu ko‘rinishdagi so‘rovnomalarni to‘ldirayotganda juda ehtiyotkorlik bilan yondashishadi va ko‘proq o‘zining shaxsiy kuzatuvlaridan yoki o‘zining shaxsiy bahosidan emas, ulardan nima kutilayotganiga qarab javob berishadi.
To‘g‘ri, masalan, chiroyli to‘ldirib beringlar deydigan direktorlar ham bo‘lishi mumkin, uni ham inkor qilmaymiz. Lekin hatto bunday holat bo‘lmagan taqdirda ham bizda baribir mendan nima javob kutilyapti degan narsani ko‘proq o‘ylashadi.

