OpenAI «ming yillik masalasi»dan birini yechganini maʼlum qildi
OpenAI oʻz neyrotarmoqlari matematikadagi eng mashhur va murakkab muammolardan biri - Nave-Stoks tenglamalari yechimlarining mavjudligi va silliqligi masalasi boʻyicha yechim topganini maʼlum qildi.

OpenAI «ming yillik masalasi»lardan birini hal qilganini maʼlum qildi
Bu muammo Kley matematika instituti tomonidan XXI asr boshida eʼlon qilingan yettita «ming yillik masalasi»dan biri sanaladi.
Uni yechganlik uchun 1 million dollar mukofot belgilangan.
Nave-Stoks tenglamalari suyuqliklar va gazlar harakatini ifodalaydi. Ular yordamida quvurlarda neft va gaz oqimi, suv harakati, shuningdek, samolyot, kema va avtomobillar atrofida havo yoki suvning qanday harakatlanishi kabi jarayonlarni matematik tarzda tasvirlash mumkin.
Muammoning murakkab tomoni shundaki, olimlar uch oʻlchovli holatda bunday tenglamalar yechimining har qanday real boshlangʻich sharoitda doim mavjud boʻlishi va vaqt oʻtishi bilan «buzilib ketmasligi»ni umumiy shaklda isbotlay olmagan.
Soddaroq qilib aytganda, savol shundan iborat: agar suyuqlik yoki gazning boshlangʻich holati maʼlum boʻlsa, matematik tenglama uning keyingi harakatini har doim toʻgʻri va uzluksiz ifodalay oladimi? Yoki ayrim vaziyatda matematik yechimda singulyarlik — fizik jihatdan maʼnosiz boʻlgan keskin oʻzgarish yuzaga kelishi mumkinmi?
Masalan, matematik model maʼlum bir cheklangan vaqt ichida suyuqlik tezligi cheksiz oshib ketishini koʻrsatishi mumkin. Ammo real fizik dunyoda bunday holat kuzatilmaydi. Shu sababli Nave-Stoks tenglamalarining mavjudlik va silliqlik muammosi nafaqat nazariy matematika, balki fizika va muhandislik uchun ham muhim hisoblanadi.
Materialda aytilishicha, OpenAI 2026-yil 8-sentabrda ushbu muammoni yechganini bildirgan. Yechim ustida oʻn minglab avtonom AI-agentlar deyarli toʻrt sutka davomida ishlagan.
Bu jarayonda agentlar 4,9 millionta xabar almashgan va jami 300 milliard token sarflagan. Muallifning yozishicha, hisoblash uchun OpenAI mijozlariga ochiq modellardan ancha kuchli ichki tizim qoʻllangan.
Bu natijaning yana bir muhim jihati — AIʼning vazifadagi roli. Avval «neyrotarmoq yangi dori yaratdi» yoki «AI ilmiy kashfiyot qildi» kabi xabarlarda asosiy ilmiy ishni inson tadqiqotchilari bajargan, sunʼiy intellekt esa ayrim bosqichlarda yordamchi vosita sifatida ishlatilgan holatlar koʻp uchragan.
Bu safar esa, materialda taʼkidlanishicha, agar OpenAI jarayonni toʻgʻri bayon qilgan boʻlsa, dastlabki vazifa belgilanganidan keyin yechim izlash jarayonining katta qismi avtonom neyrotarmoq agentlari tomonidan bajarilgan.
Shu maʼnoda, bu natija AIʼning ilm-fandagi oʻrni oʻzgarayotganini koʻrsatishi mumkin. Yaʼni neyrotarmoq faqat olimga hisob-kitoblarda yordam beradigan «aqlli kalkulyator» emas, balki oʻta murakkab muammoni hal qilish jarayonida katta hajmdagi ishni bajaradigan vositaga aylanishi mumkin.

