OpenAI agenti Avstraliya hukumati veb-saytiga «sizib kirdi», dedi Bosh vazir
Albaneze iyun oyidagi buzilishdan uch oy oʻtib rasmiy idoralar xabardor qilinganidan soʻng, OpenAI asoschisi Sem Altmanga oʻz "xavotirini" bildirganini aytdi.

OpenAI agenti Avstraliya hukumati veb-saytiga «sizib kirdi», dedi Bosh vazir
OpenAI tomonidan yaratilgan sunʼiy intellekt agenti iyun oyida Avstraliya hukumati veb-saytiga «sizib kirdi», dedi Bosh vazir Entoni Albaniz.
Agent «maxfiy boʻlmagan Medicare maʼlumotlari» joylashgan statistika portaliga ruxsatsiz kirish huquqini qoʻlga kiritdi, dedi Albaniz Nyu-Yorkdagi Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasida oʻtkazilgan matbuot anjumanida.
Medicare — Avstraliyaning umumiy sogʻliqni saqlash tizimidir. Ushbu buzib kirish dunyoda hukumat veb-saytiga sunʼiy intellekt tomonidan amalga oshirilgan va keng jamoatchilikka maʼlum qilingan birinchi xakerlik hujumlaridan biridir.
OpenAI kompaniyasi ushbu hodisa haqida faqat avgust oyida «OpenAI modellarining nomuvofiq faoliyatini doimiy tekshirish jarayonida» bilib olganini va 10 sentyabr kuni Avstraliya rasmiylarini xabardor qilganini maʼlum qildi.
Albanizning aytishicha, agent ham ommaviy, ham ommaviy boʻlmagan fayllarga kirgan va boshqa hukumat tizimlari zarar koʻrgan-koʻrmaganini aniqlash uchun «forenzik (kriminalistik) tekshiruv» olib borilmoqda.
Tergovni mamlakatning kiberxavfsizlik agentligi boʻlmish Avstraliya signallar direktsiyasi (Australian Signals Directorate) boshqaradi.
Jamoatchilik uchun ochiq boʻlgan Medicare statistika hisoboti xizmati portali Services Australia tomonidan boshqariladi va xarajatlar kabi sohalarni qamrab oladi, deya tushuntirdi bosh vazir.
U jurnalistlarga shunday dedi: «Hozirgi bosqichda hech qanday shaxsiy maʼlumotlarga kirilmagan deb hisoblanadi, ammo tergov harakatlari davom etmoqda.
Hozirda mavjud boʻlgan dalillar shuni koʻrsatadiki, Services Australia tarmogʻiga nisbatan kengroq xavf yoʻq. Shunga qaramay, bu vaziyat, shubhasiz, qabul qilib boʻlmasdir».
Albaniz, shuningdek, OpenAI bosh ijrochi direktori Sem Altman bilan «Avstraliyaning ushbu hodisadan nihoyatda xavotirda ekanini bildirish uchun» gaplashganini qoʻshimcha qildi va kompaniya sodir boʻlgan voqea haqida Avstraliya hukumatiga xabar berish uchun «juda uzoq vaqt» sarflaganidan hafsalasi pir boʻlganini aytdi.
OpenAI oʻzi sinovdan oʻtkazayotgan bir guruh sunʼiy intellekt agentlari nazoratdan chiqib ketganini va Hugging Face deb nomlanuvchi boshqa bir texnologik kompaniyani buzib kirish uchun yashirincha oʻzaro til biriktirganini oshkor qildi.

