Onkomarkaz Toshkent aholisi uchun bepul xizmatlar bekor qilingani haqidagi xabarlarni rad etdi
Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida Toshkent shahridan boʻlgan bemorlarga bepul xizmat koʻrsatish toʻxtatilgani haqidagi maʼlumotlar rad etildi. Muassasada bepul yordam koʻrsatish tartibi emas, balki bemorlarni yoʻnaltirish marshruti oʻzgarganini tushuntirishdi. Endilikda poytaxt aholisi, xuddi boshqa hududlardagi bemorlar kabi, markazga DMED elektron tizimi orqali yoʻnaltiriladi. Bemor avval oilaviy poliklinikaga murojaat qiladi, u yerda […]

Onkomarkaz Toshkent aholisi uchun bepul xizmatlar bekor qilingani haqidagi xabarlarni rad etdi
Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Toshkent shahridan boʻlgan bemorlarga bepul xizmat koʻrsatish toʻxtatilgani haqidagi maʼlumotlarni rad etdi.
Muassasaning aniqlik kiritishicha, bepul yordam koʻrsatish tartibi emas, balki bemorlarni yoʻnaltirish sxemasi oʻzgargan. Endilikda poytaxt aholisi ham, boshqa hududlardagi bemorlar kabi, markazga DMED elektron tizimi orqali yoʻnaltiriladi.
Avval bemor oilaviy poliklinikaga murojaat qiladi va u yerda zarur birlamchi tekshiruvlardan bepul oʻtadi. Tuman yoki shahar onkologi koʻrigidan va qoʻshimcha tekshiruvlardan soʻng DMED tizimida elektron yoʻllanma rasmiylashtiriladi.
U onkomarkazda tasdiqlanganidan keyin bemorga zarur xizmatlar, jumladan, kontraktli tekshiruvlar, KT/MRT, PET-KT, gistologiya, immunogistoximiya, shuningdek, kimyoterapiya, nur terapiyasi va jarrohlik amaliyoti bepul koʻrsatiladi.
Markazda taʼkidlanishicha, elektron yoʻllanmalarga oʻtish muassasaga tushadigan yuklamani kamaytirish va birlamchi tekshiruvlarning qayta oʻtkazilishiga yoʻl qoʻymaslik zarurati bilan bogʻliq. Bundan tashqari, bu Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi mablagʻlarini toʻgʻridan-toʻgʻri yuqori texnologiyali tibbiy yordamga yoʻnaltirish imkonini beradi.
Yoʻllanma bilan kelgan bemorlardan tashxis qoʻyish, davolash, dori-darmonlar va sarflash materiallari uchun toʻlov talab qilish taqiqlanadi. Yoʻllanmasiz rejali murojaat qilish pullik asosda amalga oshiriladi. Shoshilinch tibbiy yordam bepul va yoʻllanmasiz koʻrsatiladi.
Agar yoʻllanma boʻla turib, onkomarkazda pul yoki dori-darmon sotib olish talab qilinsa, muassasa 1303 ishonch telefoniga murojaat qilishga chaqirdi.

