O‘n bir yil avvalgi jangda og‘ir jarohat olgan mashhur bokschi vafot etdi
Prichard Kolon hayotini butunlay o‘zgartirgan jangdan deyarli 11 yil o‘tgach vafot etdi. 2015-yil 17-oktyabrdagi jangdan

Mashhur bokschi Prichard Kolon 33 yoshida vafot etdi. U 11 yil avvalgi jangda olgan og‘ir jarohatlari tufayli so‘nggi o‘n bir yilni nogironlar aravachasida o‘tkazgan edi, deb xabar beradi Championship.
Prichard Kolon hayotini tubdan o‘zgartirgan jangdan qariyb 11 yil o‘tib olamdan o‘tdi. 2015-yil 17-oktabrda bo‘lib o‘tgan o‘sha jangdan so‘ng sportchi nogironlar aravachasiga mixlanib qolgan va nutq qobiliyatini yo‘qotgan edi.
O‘sha paytda Kolon 23 yoshda bo‘lib, eng istiqbolli yosh bokschilardan biri hisoblanardi. Professional boksga kirishdan avval u Puerto-Riko chempioni bo‘lgan, Yoshlar Panamerika o‘yinlarida oltin medalni qo‘lga kiritgan va Olimpiadaga yo‘llanma olishga intilgan. Professional boksda ham Kolon tezda o‘z o‘rnini topdi. Uning rekordi 16:0 ga yetgan bo‘lib, atigi uchta jang hakamlar qarori bilan yakunlangan edi.
Uning 17-raqibi amerikalik Terrell Uilyams bo‘ldi. To‘qqizinchi raundda Kolon boshining orqa qismiga kuchli zarba oldi va yiqildi. U o‘rnidan turib, jangni davom ettirdi, garchi uning ahvoli sezilarli darajada yomonlashgan bo‘lsa ham.
Jangdan so‘ng Kolon hushidan ketdi. Kasalxonada shifokorlar uning miyasida katta qon ketishini aniqladilar. Unga bosh suyagi ichidagi bosimni tushirish uchun trepanatsiya qilindi va tibbiy komaga yotqizildi.
Kolon 221 kundan keyin hushiga keldi, ammo endi gapira olmasdi va deyarli harakatsiz edi. Uning oilasi qariyb 11 yil davomida unga g‘amxo‘rlik qildi. Prichard Kolon 33 yoshda edi.

