Olxo‘ri yeyish kimlarga mumkin emas?

Olxo‘rini kimlar iste’mol qilmasligi kerak?
Olxo‘rini me’yoridan ortiq yeyish hatto sog‘lom odam uchun ham xavfli sanaladi. Ko‘pincha mevalarning zarari ularni noto‘g‘ri iste’mol qilish bilan bog‘liq bo‘ladi. Olxo‘rini ayrim toifadagi insonlar iste’mol qilishi mumkin emas: mahsulot tarkibidagi glyukoza va fruktozaning yuqori miqdori diabet va vazn ortishiga olib kelishi mumkin; yuqori kislotalilik gastritning kuchayishiga sabab bo‘ladi; individual ta’sirchanlik mavjud; emizikli onalar olxo‘ri iste’mol qilmasligi kerak, chunki olxo‘ri chaqaloqlarda diareya va qorin dam bo‘lishiga olib kelishi mumkin.
Olxo‘rini ratsionga ehtiyotkorlik bilan kiritish lozim. Ko‘p miqdorda olxo‘ri yegan bolalarda oshqozon buzilishi, shuningdek, epigastral mintaqada og‘riq paydo bo‘lishi mumkin (qorinning markaziy qismi va kindik ustida joylashgan).
3 yoshgacha bo‘lgan bolalarga yangi uzilgan olxo‘rini iste’mol qilish tavsiya etilmaydi. Pediatrlar bo‘tqa va tvorogga oz miqdorda olxo‘ri pyuresi qo‘shish mumkinligini ta’kidlashadi.
Flavonoidlarga boy ko‘plab sabzavot va mevalarni iste’mol qiladigan insonlarning salomatligi yaxshilanadi, ular yurak-qon tomir tizimi kasalliklari va neoplazmalardan kamroq aziyat chekadi. Bunday foydali komponentlar olxo‘rida ham mavjud.
Olxo‘rida faol moddalar — flavonoidlar, ya’ni antosiyaninlar bor bo‘lib, ular mevalarga binafsharang beradi. Mevalar qayta ishlangandan keyin ham foydali xususiyatlarini saqlab qoladi. Olxo‘ri tarkibida: vitamin C; vitamin A; fruktoza va saxaroza; xun tolasi; organik kislotalar; azotli moddalar, taninlar; makro va mikroelementlar mavjud.
Olxo‘rining asosiy foydali jihati ichaklarni yumshoq tozalashi va oshqozon-ichak trakti faoliyatini normallashtirishidir. Olxo‘ri ishtahani ochish va ichak motorikasini kuchaytirish qobiliyatiga ega, aterosklerozda foydali bo‘lib, qon tomirlari devorlarida xolesterin to‘planishini kamaytiradi.
Agar sog‘lig‘ingizda muammo bo‘lmasa, kuniga 3-4 dona, diareyaga moyil bo‘lsangiz esa ikkitadan ko‘p bo‘lmagan miqdorda iste’mol qilish mumkin.
Olxo‘rini turli bo‘tqalar bilan birlashtirish mumkin. Ular ikkinchi nonushta yoki kechki ovqatdan keyingi ajoyib desert bo‘la oladi. Och qoringa olxo‘ri yeyish va uning ustidan sut ichish mumkin emas.

