Oltin narxining koʻtarilishi NKMKning yarim yillik sof foydasini 2,4 mlrd dollarga yetkazdi
Navoiy kon-metallurgiya kombinati 2026-yilning birinchi yarmida 2,38 mlrd dollar sof foyda oldi. Bu – 2025-yilning shu davriga nisbatan 57,2 foiz koʻp. Kompaniya oltin ishlab chiqarishni oshirmagan – aksincha, ishlab chiqarish 1,8 foizga kamaygan; foydaning keskin oʻsishi esa oltin narxining koʻtarilishi bilan bogʻliq. Ayni paytda 1 unsiya oltin ishlab chiqarish xarajati 41,5 foizga qimmatlagan.

Oltin narxining oshishi NKMKning yarim yillik sof foydasini 2,4 mlrd dollarga olib chiqdi
Navoiy kon-metallurgiya kombinati 2026-yil yanvar–iyun oylarida 1,51 mln troy unsiya oltin ishlab chiqardi. Bu ko‘rsatkich bir yil avvalgi 1,54 mln troy unsiyadan sal past.
Ishlab chiqarish biroz kamayganiga qaramay, oltin narxlarining ko‘tarilishi hisobiga kompaniyaning yarim yillik sof foydasi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 57,2 foizga oshib, 2,38 mlrd dollarga yetdi.
Qayd etilishicha, hisobot davrida sof tushum 49,9 foizga ko‘payib, 7,067 mlrd dollarni tashkil etgan. Operatsion foyda esa yillik hisobda 60,5 foizga oshib, 4,511 mlrd dollarga chiqqan.
Moslashtirilgan EBITDA (foizlar, soliqlar, amortizatsiya va eskirish xarajatlari hisobga olinmasidan oldingi foyda) 4,889 mlrd dollar bo‘lib, bir yil ichida 59,8 foizga o‘sgan. EBITDA marjasi 64,9 foizdan 69,2 foizgacha ko‘tarilgan.
### Oltin qazib olish qimmatlashdi
Shu bilan birga, NKMKda bir unsiya oltinning ishlab chiqarish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha umumiy xarajati (AISC) sezilarli darajada oshgan.
2026-yilning birinchi yarim yilligida AISC 1 647 dollarni tashkil etgan. 2025-yilning shu davrida bu ko‘rsatkich 1 164 dollar edi. Ya’ni xarajatlar 41,5 foizga oshgan.
Kompaniya bunga, jumladan, oltin narxining yuqorilashi ortidan royalti to‘lovlarining ko‘payishi, inflyatsiya sabab materiallar qimmatlashishi hamda “Muruntov” konini rivojlantirish loyihasi doirasidagi xarajatlarning ortishi bilan izoh bergan. Bundan tashqari, so‘mning dollarga nisbatan mustahkamlanishi AISC ko‘rsatkichining bir unsiya hisobida yana 101 dollarga oshishiga olib kelgan.
### NKMK investitsiyalarni ham oshirdi
Hisobot davrida kompaniyaning investitsion faoliyatga yo‘naltirgan sof mablag‘lari 543 mln dollarni tashkil qilgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 31,8 foizga ko‘p. Mablag‘lar amaldagi konlarda ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish, tog‘-kon texnikalari parkini kengaytirish va yangi resurslarni aniqlashga qaratilgan geologiya-qidiruv loyihalariga yo‘naltirilgan.
Kompaniyaning qarz yuklamasi esa kamaygan: sof qarzning moslashtirilgan EBITDAga nisbati 0,5x dan 0,3x gacha tushgan. 30-iyun holatiga NKMK qarz portfelida 2025-yil mayida London fond birjasida joylashtirilgan 500 mln dollarlik va 2024-yil oktabrida chiqarilgan 1 mlrd dollarlik xalqaro obligatsiyalar mavjud bo‘lgan.

