Olti mamlakat vakillari Toshkentda «Havo ipak yoʻli»ni rivojlantirish va yangi aviayoʻnalishlarni muhokama qiladilar

Olti mamlakat vakillari Toshkentda "Havo ipak yoʻli"ni rivojlantirish va yangi aviayoʻnalishlarni muhokama qilishadi
3-5 noyabr kunlari poytaxtdagi Hyatt Regency Tashkent mehmonxonasida "Markaziy Osiyo – Xitoy" (C5+1) fuqarolik aviatsiyasi sohasidagi hamkorlik boʻyicha Ishchi guruhining 3-konferentsiyasi boʻlib oʻtadi. Unda Oʻzbekiston, Xitoy, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Turkmaniston aviatsiya maʼmuriyatlari hamda aviakompaniyalari vakillari ishtirok etadi.
Uchrashuvning asosiy vazifasi — mintaqa mamlakatlari va Xitoy oʻrtasida fuqarolik aviatsiyasi sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, ilgari erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish va hamkorlikning yangi istiqbolli yoʻnalishlarini belgilashdan iborat. 2024 yil 24 yanvarda Oʻzbekiston Transport vazirligi va Xitoy Fuqarolik aviatsiyasi boshqarmasi oʻrtasida imzolangan "Havo ipak yoʻli"ni birgalikda barpo etish toʻgʻrisidagi bitim doirasidagi vazifalarni amalga oshirishga alohida eʼtibor qaratiladi.
Bundan tashqari, ishtirokchilar sohaning ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha hamkorlikni chuqurlashtirish, qoʻshma loyihalarni ishga tushirish, havo transporti bozorini liberallashtirish, normativ-huquqiy bazani uygʻunlashtirish va mintaqaviy parvozlar geografiyasini kengaytirishni koʻrib chiqadilar. Konferentsiya doirasida ishtirokchi mamlakatlar oʻrtasida aviaqatnovlarni rivojlantirish, yangi yoʻnalishlarni ochish va amaldagi reyslar chastotasini oshirish boʻyicha ikki tomonlama konsultatsiyalar ham rejalashtirilgan.
Bunday uchrashuvlarni muntazam ravishda navbat bilan oltita davlatda oʻtkazish gʻoyasi Xitoy tomoni tashabbusi bilan ilgari surilgan edi. C5+1 formatidagi birinchi konferentsiya 2024 yilda Xitoyda, ikkinchisi — 2025 yilda Qozogʻistonda boʻlib oʻtgan. Bu yil Oʻzbekiston mezbon tomon sifatida ishtirok etmoqda.

