Olmaota—Toshkent poyezd yo‘nalishida 1-oktyabrdan ayollar vagoni yo‘lga qo‘yiladi

Qozog‘istonning “Yo‘lovchi tashish” aksiyadorlik jamiyati 1-oktyabrdan boshlab Olmaota—Toshkent xalqaro poyezd qatnovida ayollar uchun mo‘ljallangan vagonda xizmat ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yadi. Bu haqda “24.kz” nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, Olmaota—Toshkent yo‘nalishi Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasidagi yo‘lovchi tashish xizmatlarini rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega. Ushbu yo‘nalishning mashhurligi va yo‘lovchilar sonining ortib borayotganini inobatga olib, ayollar vagonini joriy etishga qaror qilingan.
“Bu xizmat ichki temiryo‘l yo‘nalishlarida ham juda talabgir. Ishga tushirilganidan buyon 946 mingdan ortiq yo‘lovchi ayollar vagonidan foydalangan”, — dedi “Yo‘lovchi tashish” AJ boshqaruvi raisi Anuar Axmetjanov.
Hozirda poyezd har kuni qatnaydi: Olmaota vokzalidan jo‘nash — soat 19:05 da, Toshkent vokzaliga yetib kelish — soat 12:53 da (Toshkent vaqti bilan); Toshkent vokzalidan jo‘nash — soat 14:41 da (Toshkent vaqti bilan), Olmaota vokzaliga yetib kelish — soat 08:51 da.
Shu bilan ayollar vagoni joriy etilgan yo‘nalishlar soni 14 taga yetadi. Ayollar vagonida kattalar hamrohligida yetti yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il bolalarning yurishiga ruxsat beriladi. Bu vagonlarga chiptalar faqat ayollarga sotiladi va ularga faqat ayol kuzatuvchilar xizmat ko‘rsatadi.
Chiptalarni temiryo‘l kassalaridan sotib olish yoki bilet.railways.kz rasmiy veb-saytida onlayn rasmiylashtirish mumkin. Chipta sotib olayotganda joy ayollar vagonida ekanini bildiruvchi “JN” belgisiga e’tibor berish lozim. Chiptalar sotuvi poyezd jo‘nashidan 45 kun oldin ochiladi, bu yo‘lovchilarga safarni oldindan rejalashtirish imkonini beradi.

