Olmaota viloyatida 35 yoshli Oʻzbekiston fuqarosi oʻldirildi
Qozogʻistonning Olmaota viloyatida 35 yoshli Oʻzbekiston fuqarosi ish joyida pichoqlab oʻldirildi. Politsiya 56 yoshli gumonlanuvchini qoʻlga olgan va qotillik fakti boʻyicha jinoiy ish qoʻzgʻatgan.

Olmaota viloyatida 35 yoshli Oʻzbekiston fuqarosi hayotdan koʻz yumdi. Bu haqda KTK telekanali xabar berdi.
Voqea Olmaota viloyatining Aqtas qishlogʻida yuz bergan. Maʼlumotlarga koʻra, tandir non sotish bilan shugʻullangan Oʻzbekiston fuqarosi mijozlardan biri bilan ogʻzaki tortishib qolgan. Bu janjal tezda mushtlashuvga aylanib ketgan.
Dastlabki tergov natijalariga koʻra, 56 yoshli gumonlanuvchi janjal paytida pichoq bilan 35 yoshli erkakning koʻkrak qismiga ikki marta zarba bergan. Jabrlanuvchi olgan jarohatlari tufayli vafot etgan.
Marhum ushbu tandirxonada besh yildan buyon mehnat qilib kelgan. Mahalliy aholi uni ijobiy baholab, hech kim bilan nizolashmaganini taʼkidlagan. Baʼzi hollarda u nonni bepul tarqatgani ham qayd etilgan.
Olmaota viloyati politsiya departamenti qotillik holati boʻyicha jinoiy ish qoʻzgʻatilganini maʼlum qildi. Politsiya vakili Yernar Saydildinning soʻzlariga koʻra, tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida 56 yoshli gumonlanuvchining shaxsi aniqlanib, u qoʻlga olingan va vaqtincha saqlash hibsxonasiga joylashtirilgan.
Politsiya maʼlumotlariga koʻra, gumonlanuvchi hozirda aybiga iqror boʻlib, koʻrsatma bergan. Tergov ishlari davom etmoqda.

