Oliy taʼlim va maktab taʼlimi vazirlari boshqa ishga oʻtkazilgani aytildi
Hukumatda ikki sobiq vazir boshqa lavozimlarga oʻtgani aytilmoqda: Kongratbay Sharipov Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rektori, Eʼzozxon Karimova esa Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbarining birinchi oʻrinbosari etib tayinlandi.

Oliy taʼlim va maktab taʼlimi vazirlari boshqa lavozimlarga oʻtkazilgani maʼlum qilindi
Kun.uz manbasiga ko‘ra, Kongratbay Avezimbetovich Sharipov Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rektori etib tayinlangan. Ungacha u 2024-yil fevralidan beri Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri sifatida faoliyat yuritib kelayotgan edi.
Shuningdek, Kun.uz manbasi Eʼzozxon Gapirjanovna Karimova Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbarining birinchi oʻrinbosari lavozimiga tayinlanganini xabar berdi. U bunga qadar 2025-yil avgustidan beri Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri lavozimida ishlab kelayotgan edi.
Hozircha bu tayinlovlar rasman eʼlon qilingani yoʻq.
Eslatib oʻtamiz, shu yil oktabr oyi boshida prezident farmoni bilan Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi hamda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi yagona Taʼlim va ilm-fan vazirligi sifatida qayta tashkil etilgan edi. Hozircha yangi vazirlikka kim rahbar boʻlishi maʼlum qilinmagan.

