Oliy sud Trampning Kaliforniyada bahsli ovozlarni sanashni toʻxtatish haqidagi iltimosini rad etdi
Oraliq saylovlar arafasida chiqarilgan ushbu qaror, aslida, Tramp administratsiyasining shtatdagi saylov byulletenlarini haqiqiy emas deb topishga boʻlgan urinishiga chek qoʻyadi.

Oliy sud Trampning Kaliforniyada bahsli ovozlarni sanashni toʻxtatish haqidagi iltimosini rad etdi
AQSh Oliy sudi Tramp maʼmuriyatining Kaliforniyadagi oraliq saylovlar ovozlarini sanash jarayoniga aralashish boʻyicha soʻnggi daqiqalardagi iltimosini rad etdi.
Adliya vazirligi 20 000 ta saylov byulleteni shtatdagi AQSh fuqarosi boʻlmagan shaxslarga berilgan boʻlishi mumkinligini daʼvo qilib, ularni bir chetga olib qoʻyishni soʻragan edi.
Ikkita quyi instantsiya sudi bu iltimosni allaqachon rad etgan edi. Shtat saylov mulozimlari taxmin qilinayotgan fuqaro boʻlmagan shaxslarni aniqlash uchun qoʻllanilgan usul noaniq ekanini aytib, federal hukumatning daʼvolariga eʼtiroz bildirdi.
Doʻshanba kүnigi qaror oraliq saylovlar arafasida qabul qilindi. Ushbu saylovlar Prezident Donald Tramp ikkinchi muddatining soʻnggi ikki yilida qaysi siyosiy partiya AQSh Kongressini nazorat qilishini hal qiladi.
Oliy sud oʻz qarorini bir qatorlik farmoyishda eʼlon qilib, adliya vazirligining sud taqiqi haqidagi iltimosini rad etayotganini bildirdi.
"Sudya Kaganga taqdim etilgan va u tomonidan Sudga havola qilingan apellyatsiya koʻrib chiqilguniga qadar sud taqiqini qoʻllash haqidagi ariza rad etiladi", deyiladi unda.
Bu quyi sud qarorlari oʻz kuchida qolishini va Tramp maʼmuriyatining byulletenlarni bekor qilishga boʻlgan urinishi amalda yakunlanganini anglatadi.
Kaliforniya - Amerikaning eng koʻp aholi yashaydigan shtati boʻlib, saylovchilar roʻyxatida 23 millionga yaqin kishi bor. Kaliforniya davlat kotibi ofisiga koʻra, yakshanba oqshomiga qadar pochta orqali yuborilgan olti milliondan ortiq byulleten qabul qilib olingan.
Sud hujjatlariga koʻra, oʻtgan oyda adliya vazirligi Kaliforniya davlat kotibi va Los-Anjeles okrugi registratoriga maktub yuborib, Tramp maʼmuriyati fuqaro emasligiga "ishonadigan" va bu ehtimoli "yuqori" boʻlgan 20 000 nafar roʻyxatga olingan saylovchining byulletenlarini bir chetga olib qoʻyishni talab qilgan.
Toxminan bir hafta oʻtgach, Ichki xavfsizlik vazirligining qurollangan mulozimlari Kaliforniya boʻylab okrug mulozimlari va xodimlariga maktublar yetkazib, agar ular ushbu byulletenlarni alohida ajratmasa, jinoiy javobgarlikka tortish bilan tahdid qilgan.
BBC tomonidan koʻrib chiqilgan 22 sahifali bayonotda adliya vazirligi fuqaro boʻlmagan shaxslar tomonidan berilgan ovozlar "haqiqiy ovozlarni qadrsizlantirishi yoki kuchini kamaytirishi" mumkinligini taʼkidlagan.
Juma kuni federal apellyatsiya sudi hukumatning byulletenlarni ajratish haqidagi iltimosini rad etdi.
Kaliforniya saylov mulozimlari hukumat daʼvolarining toʻgʻriligiga shubha bildirishdi va hukumat tomonidan taqdim etilgan ismlar roʻyxati juda koʻp noaniqliklarga toʻla ekanini aytishdi.
Ular ovoz berish huquqiga ega saylovchilar saylov huquqidan mahrum qilinishi mumkinligidan ogohlantirishdi va ovoz berish davom etayotgan bir paytda byulletenlarni ajratishning imkoni yoʻqligini bildirishdi.
Bu harakatlar Tramp va uning maʼmuriyati tomonidan keng tarqalgani aytiladigan, ammo tadqiqotlar juda kam uchrashini koʻrsatadigan saylovdagi soxtalashtirishlarga qarshi koʻp yillik kampaniyaning bir qismidir.
Prezident Tramp Demokratlar immigrantlarga noqonuniy ovoz berishga ruxsat berish orqali saylovlarni oʻgʻirlashini bir necha bor taʼkidlagan va buning katta qismida koʻplab Demokratik shtatlarda ruxsat berilgan "pochta orqali" ovoz berishni ayblaydi.
Oʻtgan haftada keskin tanqidiy qarorida okrug sudyasi Devid Karter hukumatning Kaliforniyadagi bu harakati Tramp maʼmuriyati tomonidan "saylovga aralashishga boʻlgan davomli urinishlar koʻrinishini" aks ettirishini aytdi.
Sudya qoʻshimcha qilishicha, "Amerika tarixida hech qachon federal hukumat saylov arafasida shtat va mahalliy hukumatni oʻzlarining konstitutsiyaviy saylov tartib-qoidalaridan voz kechishga va ijroiya hokimiyatining irodasiga boʻysunishga majbur qilishga urinmagan".

