Texnologiya

Oliy oʻquv yurtlari va startaplar Raqamli rivojlanish vazirligining SI-infratuzilmasidan foydalanish imkoniyatiga ega boʻladilar

Oliy oʻquv yurtlari, ilmiy tashkilotlar, startaplar va hokimlarning maslahatchilari sunʼiy intellekt sohasidagi ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalar uchun Raqamli texnologiyalar vazirligining hisoblash quvvatlari va «katta maʼlumotlar» bazalaridan bepul yoki imtiyozli shartlarda foydalanishlari mumkin boʻladi.

OTMlar va startaplar Raqamli texnologiyalar vazirligining SI-infrastrukturasidan foydalanish imkoniyatiga ega boʻladi

Vazirlar Mahkamasining 20.10.2026 yildagi 581-son qarori bilan Raqamli texnologiyalar vazirligining sunʼiy intellekt infrastrukturasidan bepul yoki imtiyozli foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.

Eslatib oʻtamiz, bunday imkoniyat Prezidentning 22.10.2025 yildagi FM-189-son Farmonida nazarda tutilgan edi. Nizom uni amalga oshirish tartibini belgilaydi.

Oliy taʼlim va ilmiy tashkilotlar, Raqamli startaplar dasturi aʼzolari boʻlgan startaplar, shuningdek hokimlarning raqamli texnologiyalar va sunʼiy intellektni rivojlantirish uchun masʼul boʻlgan maslahatchilari infrastruktura foydalanuvchilari boʻlishlari mumkin. Resurslar SI modellarini oʻqitish, testdan oʻtkazish va validatsiya qilish, inferens va tahlil uchun ajratiladi.

Dasturiy interfeys (API) orqali foydalanuvchi katta til modellari yordamida 6 oygacha boʻlgan muddatga oyiga 10 mln tokengacha bepul qayta ishlashi mumkin boʻladi. Limitdan oshganda, lekin 50 mln tokendan koʻp boʻlmagan miqdorda tarifning 50 % chegirmasi beriladi, foydalanilmagan tokenlar esa keyingi oyga oʻtkazilmaydi.

SIning boshqa modellarini oʻqitish va testdan oʻtkazish uchun 6 oygacha boʻlgan muddatga 120 GB gacha videoxotira ajratiladi. «Katta maʼlumotlar» bazalaridagi maʼlumotlardan bepul foydalanish mumkin, biroq ularni uchinchi shaxslarga berish va tijorat maqsadlarida foydalanish taqiqlanadi.

Loyihalar yilda ikki marta — iyul va noyabr oylarida oʻtkaziladigan tanlovda saralab olinadi. Talabnomalar Sunʼiy intellekt va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish markazi sayti orqali elektron shaklda topshiriladi va 100 ballik tizim boʻyicha baholanadi.

Tanlov natijalaridan rozi boʻlmagan ishtirokchi uch ish kuni ichida apellyatsiya shikoyatini berishga haqli. Apellyatsiya komissiyasi uni besh ish kuni ichida koʻrib chiqadi.

Foydalanuvchi bir vaqtning oʻzida faqat bitta loyihani amalga oshirishi mumkin. Infrastrukturadan kriptovalyuta mayningi, zararli dasturlar yaratish, spam va boshqa noqonuniy maqsadlar uchun foydalanish taqiqlanadi, qoidabuzarliklar uchun esa Markaz kirishni cheklash yoki toʻxtatishga haqli.

Hujjat Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasida davlat tilida eʼlon qilingan va 21.10.2026 yildan kuchga kirdi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.