Texnologiya

Olimlar saratonning davosiz turini davolash yo‘lini topdi

Olimlar davolab bo‘lmaydigan saraton turini davolash usulini topdilar.

RUDN universiteti Molekulyar va hujayraviy tibbiyot instituti mutaxassislari, rossiyalik hamda xitoylik olimlar bilan birgalikda, standart usullar bilan deyarli davolab bo‘lmaydigan o‘pka saratoni turiga qarshi yangi usulni taklif etishdi. Bu haqda “RIA Novosti” universitet matbuot xizmatiga tayanib xabar berdi.

Adenokarsinoma – o‘pkadagi xavfli o‘smalarning eng keng tarqalgan turidir. Ba’zi bemorlarda gen mutatsiyalari mavjud bo‘lib, bu odatiy davolash usullarini samarasiz qiladi. Shu sababli, bunday o‘smaga ega bemorlar uchun turli davolash usullarini topish va ularni birlashtirish zamonaviy biotibbiyot uchun muhim vazifadir.

**Eksperiment qanday o‘tkazildi?**

Tadqiqotchilar nurlanish terapiyasini PCSK9 ingibitorlari (bu dorilar, masalan, diabetni davolash va xolesterinni tushirishda qo‘llaniladi) bilan to‘ldirishga qaror qilishdi. Ular o‘pka saratonining tajovuzkor hujayralaridan maxsus namunalar yaratdilar va ularni CRISPR/Cas9 (“molekulyar qaychi”) yordamida o‘zgartirdilar.

Shundan so‘ng, klonlashtirilgan hujayralarga nurlanish bilan bir vaqtda PCSK9 fermentini bloklaydigan (ingibitsiya qiladigan) dorilar bilan ishlov berildi. Tajriba shuni ko‘rsatdiki, gadron terapiyasi va PCSK9 ingibitorlari birgalikda qo‘llanilganda saraton hujayralarini standart usullarga qaraganda ancha samaraliroq yo‘q qiladi.

“Gadron terapiyasi bu nurlanish terapiyasi rivojlanishidagi yangi bosqichdir. U bemorning sog‘lom to‘qimalari va a’zolariga tegmagan holda, zararlangan hujayralarni zaryadlangan yadro zarrachalari (protonlar yoki neytronlar) bilan nishonga olib yo‘q qilish imkonini beradi. Bu usul juda kuchli va yuqori aniqlikka ega”, dedi tadqiqot mualliflaridan biri, RUDN universiteti xodimi Alyona Gansova.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Obninsk shahridagi Tsyb nomidagi tibbiyot ilmiy-tadqiqot markazi hamkasblari bilan birgalikda mutatsiyaga uchragan hujayralarga neytronlar va protonlar bilan ishlov berilgan. Har ikkala holatda ham birgalikdagi terapiya (nurlanish va ingibitorlar) yaxshi natija ko‘rsatgan.

Tadqiqotga Xitoyning Fudan universiteti professori Suhuy Bao katta hissa qo‘shdi. U PCSK9 fermentini tormozlovchi molekula nurlanish terapiyasining o‘pka saratoni hujayralariga ta’sirini kuchaytira olishi haqidagi g‘oyani ilgari surgan edi.

Gansovaning tushuntirishicha, hozirda olib borilayotgan izlanishlarda tajriba hayvonlarida o‘pka saratoni modellashtirilmoqda. Ushbu tajribalar natijalariga asoslanib, olimlar neytron nurlanishi ta’sirida tirik organizmlarda immun javob mexanizmlari qanday ishga tushishini tasvirlashni rejalashtirmoqda.

Avvalroq Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti yaqin kelajakda dunyoda har besh odamdan biri saratonga chalinishi haqida ogohlantirgandi.