Olimlar pashsha miyasiga ta’sir o‘tkazib, uni masofadan boshqardi

Olimlar pashsha miyasiga ta’sir qilib, uni masofadan boshqardi
AQSHning Hyuston shahridagi Rays universiteti tadqiqotchilari meva pashshalari (drosofila) miyasiga “buzib kirish” va ularni masofadan boshqarish usulini namoyish etdi. Pashshalar miyasidagi muayyan neyronlarga buyruq yuborilgach, ular bir sekund ichida kerakli harakatni amalga oshirdi.
Olimlar pashshalarning miyasiga magnit maydoni ta’sirida qiziydigan temir oksidi nanozarralarini kiritdi. Shu yo‘l bilan ularning geni o‘zgartirildi. Tajriba maxsus joyda — ostida elektromagnit, ustida esa videokamera o‘rnatilgan kamerada o‘tkazildi.
Boshqaruv uchun tadqiqotchilar neyronlardagi harorat o‘zgarishi tezligiga sezgir ion kanaldan foydalandi. Pashshalar kamera ichida o‘rmalab yurgan paytda magnit maydoni o‘zgartirildi. Natijada nanozarralar qizib, kerakli neyronlarni faollashtirdi. Videokamera geni o‘zgartirilgan pashshalar signaldan yarim sekund o‘tib qanotlarini qisman yozganini qayd etdi. Bu harakat odatda ushbu jonzotlarda juftlashish ishorasi hisoblanadi.
“Magnit maydonlari yordamida tanlangan neyron zanjirlarini masofadan boshqarish neyrotexnologiyaning asosiy maqsadi hisoblanadi. Bizning ishimiz miyani o‘rganishda oldinga tashlangan muhim qadam bo‘ldi”, dedi tadqiqot muallifi Jeykob Robinson.
Jamoa hozirda miyani masofadan rag‘batlantirish orqali insonlarda ko‘rish qobiliyatini tiklash usullari ustida ishlamoqda. Mualliflarning umid qilishicha, muayyan sohalarni faollashtiruvchi ushbu texnologiya ko‘plab kasalliklarni, jumladan, nevrologik xastaliklarni jarrohliksiz davolashga asos bo‘ladi.
Shuningdek, u miya va kompyuter o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqa o‘rnatuvchi simsiz quloqchinlarni yaratishga yordam beradi. Olimlarning ta’kidlashicha, miyaning tabiiy signallari aniqligiga erishish uchun javob berish vaqtini sekundning bir necha yuzdan bir qismigacha qisqartirish kerak.

