Oktoberfestda «yubka ostidan suratga olish» (upskirting)ning oldini olish uchun ayollarga kalta shimlar tarqatildi
Myunxen festivalidagi ushbu qadam ijtimoiy tarmoqlarda minglab voyeristik (yashirincha olingan) videolar paydo boʻlganidan keyin tashlandi.

Oktoberfestda yubka ostidan yashirincha videoga olishni (apskyorting) toʻxtatish uchun ayollarga kalta shimlar tarqatildi
Myunxendagi Oktoberfest festivalidagi ommabop attraktsion operatori ijtimoiy tarmoqlarda minglab voyeristik (yashirincha olingan) videolar paydo boʻlganidan keyin ayollarga bepul velosipedchilar kalta shimini tarqatmoqda.
«Teufelsrad» («Shayton gʻildiragi») attraktsionidagi ayollar tasvirlangan videolar millionlab marta koʻrilgan. Xabar qilinishicha, bir ayol shunday videoni tarmoqqa joylashtirib, minglab yevro ishlab topgan.
«Teufelsrad» — 16 kundan keyin shu dam olish kunlari yakunlanadigan har yillik pivo festivali Oktoberfestdagi eng qadimiy attraktsionlardan biridir. Uning aylana platformasi chavandozlar yiqilib tushguncha tobora tezroq aylanadi, harakat va tezlik esa koʻpincha yubkalarning koʻtarilib ketishiga sabab boʻladi.
Germaniyada yubka ostidan videoga olish noqonuniy hisoblanadi va ikki yillik qamoq jazosiga sabab boʻlishi mumkin.
Shunga qaramay, tanqidchilarning taʼkidlashicha, qonun yetarli darajada samarali emas va «Teufelsrad»da anʼanaviy dirndl koʻylaklarida boʻlgan ayollarning videolarida koʻpincha ularning ichki kiyimlari koʻrinib qoladi. Mahalliy BR teleradiokompaniyasi xabariga koʻra, ayrim hollarda tasvirlar raqamli ravishda qayta ishlanib, ular yalangʻochdek koʻrsatilgan.
Elizabet Polachi bu yil 100 dan ortiq velosipedchilar kalta shimini tarqatganini aytmoqda
BR xabariga koʻra, bir ayol bitta videodan 9 000 yevro (7 650 funt sterling) ishlab topgan va surishtiruvlar natijasida ushbu videolar ortida Ukrainadan kelgan professional yutuberlar guruhi va Bavariyalik bir necha kishi turgani aniqlangan.
Myunxenda nashr etiladigan «Süddeutsche Zeitung» kundalik gazetasining yozishicha, «Teufelsrad»dagi ayollar tasvirlangan kamida 32 000 ta video tarqalgan. Ulardan baʼzilari millionlab marta koʻrilgan.
«Teufelsrad» operatori Elizabet Polachi BBC’ga bergan intervyusida olomon orasida videoga olayotgan odamlardan himoya qilish uchun oxirgi uch yildan beri koʻylak kiygan ayollar va qizlarga bepul velosipedchilar kalta shimini berayotganini aytdi.
Uning soʻzlariga koʻra, bu yilgi Oktoberfestda 100 dan ortiq kalta shim tarqatgan: «Odamlar oʻzlarini xavfsiz his qilishlari uchun qoʻlimdan kelgan barcha ishni qilishni xohlayman».
80 yoshli Polachi kalta shimlarni bepul tarqatish arzonga tushmasligini, lekin oʻz xotirjamligi uchun bunga arzishini aytdi.
«Teufelsrad» chodiri nemis va ingliz tillarida odamlarning yubkasi ostidan videoga olishdan ogohlantiruvchi belgilar va politsiya plakatlari bilan toʻldirilgan, biroq Polachining aytishicha, hammaning smartfonda videoga olishini toʻxtatish imkonsiz.
Bu yilgi pivo festivalidagi baʼzi ofitsiant ayollar ham dirndl koʻylaklari ostidan velosipedchilar kalta shimini kiyishni boshlashganini aytishdi.
Bavariya politsiyasi matbuot kotibi BBC’ga maʼlum qilishicha, 2025 yildan boshlab Oktoberfestda apskyortingdan ogohlantiruvchi plakatlar kampaniyasi yoʻlga qoʻyilgan.
Myunxenda bu yilgi Oktoberfestga moʻljallangan politsiya plakatida «apskyorting jinoyatdir» deb aniq yozib qoʻyilgan
Bu yil politsiya 45 yoshli Shveytsariya fuqarosini telefoni orqali germaniyalik ayolning dirndl koʻylagi ostidan videoga olgani uchun hibsga oldi. Oʻtgan yili apskyorting uchun 10 kishi, 2024 yilda esa yetti kishi hibsga olingan edi.
Biroq raqamli zoʻravonlik qurbonlarini qoʻllab-quvvatlovchi Germaniyaning «Hate Aid» nodavlat tashkiloti rahbari Jozefin Ballon BBC’ga bergan intervyusida apskyortingga qarshi amaldagi qonun yetarli darajada himoya taʼminlamasligini aytdi.
Uning soʻzlariga koʻra, yangi qonun loyihasi rejalashtirilgan, biroq amaldagi qonunchilik «faqat yubka ostidan videoga olingandagina qoʻllaniladi», yubka shunchaki koʻtarilib ketgan va suratga olingan holatlarga esa taalluqli emas.
Shuningdek, u yangi kamerali koʻzoynaklar ham xavf tugʻdirishiga ishonadi.
Ballon ayollarning intim suratlarini internetga yuklagan har qanday shaxs va ularni joylashtirgan platformalar jazolanishini istaydi.
Shu bilan birga, Myunxen shahri ijtimoiy tarmoqlardagi postlardan pul ishlaydigan va Oktoberfestda videoga olmoqchi boʻlgan blogerlar (inflyuenserlar) va kontent yaratuvchilar uchun qoidalarni kuchaytirishga kirishdi.
Myunxen festivaldan jonli efir uzatishni taqiqladi va u yerda videoga olmoqchi boʻlgan har bir kishidan shahar tomonidan haq evaziga beriladigan ruxsatnomaga ega boʻlishni talab qilmoqda.
Bu yil mahsulotlarni joylashtirish (product placement) yoki homiylikdan pul ishlaydigan blogerlarga yuzlab litsenziyalar berildi.

