Iqtisodiyot

OKMKda MDHdagi eng yirik qoldiq ombori qurilmoqda

OKMKda MDHdagi eng yirik qoldiq ombori barpo etilmoqda

Sanoat korxonasi uchun qoldiq ombori — togʻ-kon metallurgiya tarmogʻidagi eng masʼuliyatli obʼyektlardan biri: maydonning toʻgʻri tanlanishi va qurilish texnologiyasiga rioya etilishiga atrof-muhit hamda yaqin atrofda yashovchi odamlar xavfsizligi toʻgʻridan-toʻgʻri bogʻliqdir. Ayni paytda Olmaliq KMKda — bosqichma-bosqich toʻliq loyiha quvvatiga chiqayotgan 3-sonli mis boyitish fabrikasi yaqinida aynan shunday obʼyekt qurilmoqda.

Qoldiq ombori boʻyicha ishlar «Yoshlik» konini oʻzlashtirish bilan bir vaqtda boshlandi: oʻshanda yangi boyitish fabrikasi, suv olish inshooti va qoldiq omborining oʻzini loyihalashga kirishildi. Loyihaga O'zGEORANGMETLITI instituti mutaxassislari jalb etildi, inshoot esa xalqaro muhandislik standartlari hisobga olingan holda loyihalashtirildi.

«3-MBF uchun qoldiq omborini loyihalash togʻ-texnik, muhandislik-geologik, ekologik va texnologik omillarning butun bir majmuasini hisobga olishni talab etdi, – deydi loyiha bosh muhandisi Vladimir Kanonyuk. – Obʼyekt gidrotexnika inshootlariga tegishli boʻlgani va muddatsiz mavjud boʻlishga moʻljallangani sababli, unga eng qatʼiy talablar qoʻyiladi. Biz ilgari ham bunday obʼyektlarni loyihalaganmiz, ammo 3-MBF qoldiq ombori oʻz koʻlami bilan noyobdir. Loyihamiz toʻgʻonning mutlaq barqarorligini va atrof-muhitning ishonchli himoyasini kafolatlashi kerak edi, shu bois biz jahon tajribasini batafsil oʻrgandik va yetakchi xorijiy kompaniyalar bilan fikr almashdik».

Uning soʻzlariga koʻra, yakunda ilgʻor xalqaro standartlarga toʻliq javob beradigan, nafaqat Oʻzbekistonda, balki butun MDH makonida bunday toifadagi yagona inshoot yuzaga keldi. Dunyoda bunday obʼyektlar barmoq bilan sanarli.

Qurilish maydonchasini quyosh nuri yoritganda, koʻz oʻngida qurilish haqidagi odatiy tasavvurni oʻzgartiradigan manzara namoyon boʻladi: boʻlajak rezervuarlarning ulkan kosalari relyefga singib, landshaftni oʻzgartirmoqda, oʻnlab texnika vositalari esa deyarli balet ritmida harakatlanmoqda. Qudratli buldozerlar va ekskavatorlar metrbay-metr asosni tekislab, qadimiy grunt qatlamlarini ochmoqda, samosvallar esa toʻgʻonlar barpo etish uchun tonnalab tuproq jinslarini tashimoqda.

«Obʼyektda jadal ishlar yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, ularga 300 ga yaqin maxsus texnika, jumladan, choʻmich hajmi 6 m³ boʻlgan ekskavatorlar, 60 tonnalik samosvallar, 36 tonnalik vibratsion katoklar va buldozerlar jalb etilgan. Jarayonlarni kuzatib borishni turli yoʻnalishlardagi mingdan ortiq malakali mutaxassislar taʼminlamoqda», – deydi loyihaning qurilish maydonchasi sektori rahbari Aleksandr Ten.

Hozirgi asosiy ish fronti — toʻsiq toʻgʻonini qurishdir. Uning uzunligi 7 kilometrni tashkil etadi, maksimal balandligi esa 57 metrga yetadi. Toʻgʻon asosi ostida 176 gektar maydonda gruntni 4 metr chuqurlikkacha qazib olgan holda kotlovan tayyorlanmoqda, shundan soʻng qatlam-qatlam qilib qayta toʻldirish va zichlash ishlari bajarilmoqda — buning uchun mahalliy gruntdan foydalanilmoqda, bu esa logistikani sezilarli darajada osonlashtiradi. Qudratli texnik park tufayli kunlik oʻrtacha yer ishlari hajmi 70–80 ming m³ ga, oyiga esa 2 mln m³ dan ortiqqa yetmoqda.

Qurilish qatʼiy sifat nazorati ostida olib borilmoqda: gruntning har bir qatlami loyiha belgilariga muvofiqligi boʻyicha geodezik tekshiruvdan oʻtkaziladi, soʻngra dala laboratoriyasi mutaxassislari namunalar olib, ularning namligi va zichligini aniqlaydilar. Bunday tekshiruvlar shunchaki rasmiyatchilik emas: aynan ular inshootning butun foydalanish muddati davomida mustahkamligi va ishonchliligini kafolatlaydi.

Konstruktsiyaning asosiy elementlaridan biri — loy qulfi deb ataladigan qatlamdir.

«Toʻgʻon asosi va tanasining zarur zichligini taʼminlash uchun loyli va suvli-gruntli aralashmalardan foydalaniladi, – deb tushuntiradi loyihaning umumiy qurilish ishlari muhandisi Madir Adiljanov. – Olingan massa kotlovan tubiga va yonbagʻirlariga odatda 20–25 santimetrli qatlamlar bilan yotqiziladi, shundan soʻng katoklar bilan yaxshilab zichlanadi. Qalinligi 0,5 metrdan boshlanadigan bunday qatlam qudratli tabiiy gidroizolyatsiya kabi ishlaydi: suv bilan toʻqnashganda loy shishadi va zich suv oʻtkazmaydigan qatlam hosil qiladi».

Ishlash printsipi oddiy va shu bilan birga ishonchli: loyning mayda zarrachalari suv bilan toʻyinganda gʻovaklarni deyarli toʻliq yopib qoʻyadi. Bundan tashqari, loy tabiiy filtr vazifasini bajaradi — uning tarkibidagi montmorillonit texnologik chiqindilardan ogʻir metallar va boshqa moddalarni bogʻlash xususiyatiga ega. Loy qatlamining yana bir afzalligi — plastiklikdir: vaqt oʻtishi bilan yuk ostida yoriladigan quruq grunt yoki betondan farqli oʻlaroq, loyli aralashma asosning kichik deformatsiyalariga moslashib, yaxlitligini saqlab qola oladi.

Qurilishda ekologik xavfsizlik va resurslardan oqilona foydalanishga qaratilgan texnologiyalar qoʻllanilmoqda. Asosiy yechimlardan biri — aylanma suv taʼminoti tizimidir: flotatsiya jarayonidan soʻng tindirilgan suv suzuvchi nasos stantsiyalari orqali texnologik jarayonga qaytariladi. Kombinat uchun bu yechim birinchi marta qoʻllanilmoqda va u tabiiy manbalardan suv olish hajmini sezilarli darajada kamaytiradi.

Qoʻshimcha himoya uchun qoldiq ombori asosi va asosiy uchastkalari yuqori mustahkamlikka ega geomembrana bilan yopiladi, bu texnologik suvlarning gruntga sizib kirishini oldini oladi va yer osti suvlarini himoya qiladi. Sizib chiquvchi suvlarni nazorat qilish uchun kuzatuv quduqlari jihozlanadi, chiqindilardan sizib chiquvchi suvlar va gazlarni xavfsiz yigʻish hamda chiqarib yuborishni esa drenaj tizimi taʼminlaydi.

Parallel ravishda qoldiq omborining ikkinchi xaritasida — u fabrikadan taxminan 7 kilometr uzoqlikda, Qurama tizmasining shimoli-gʻarbiy qismida joylashgan — mavjud muhandislik kommunikatsiyalari koʻchirilmoqda. Birinchi xaritaning maydoni 1 420 gektarni, ikkinchisiniki esa 1 380 gektarni tashkil etadi, shu bois obʼyektning umumiy maydoni qariyb 2 800 gektarga yetadi. Flotatsiyadan keyingi chiqindilar qoldiq omboriga gidrotransport tizimi — uzunligi qariyb 9 kilometr boʻlgan pulpa quvurlari orqali kelib tushadi. Obʼyekt yiliga 300 mln m³ gacha boyitish qoldiqlarini qabul qilishga moʻljallangan boʻlib, undan 59 million tonnadan ortigʻi qattiq tashkil etuvchidir.

Obʼyektning barcha texnologik jarayonlari raqamlashtiriladi: ularning parametrlari yagona boshqaruv tizimi tomonidan nazorat qilinadi, maʼlumotlar esa real vaqt rejimida markaziy dispetcherlik punktida tahlil qilinadi. Bu jarayonlar barqarorligini saqlash, nosozliklarni tezkor aniqlash va tezkor qarorlar qabul qilish imkonini beradi.

Gʻira-shira qorongʻilik tushishi bilan qurilish toʻxtab qolmaydi — u faqat qiyofasini oʻzgartiradi. Yoritish machtalarining qudratli projektorlari yonib, kotlovanni futuristik sahnaga aylantiradi: qorongʻida texnika siluetlari yanada mahobatli koʻrinadi, yorugʻlik nurlari poʻlat konstruktsiyalarning yaltirashini, mashinalardan koʻtarilayotgan chang bulutlarini va nur qaytaruvchi jiletlardagi odamlar siluetlarini yoritadi. Salqin tun havosida motorlarning guvillashi yanada chuqurroq eshitiladi, ishlayotgan katoklarning ovozi esa ulkan temir yurakning urishini eslatadi. Bu muhandislik tafakkuri va inson irodasi oʻz imkoniyatlari chegarasida ishlab, obʼyekt ekologik toza ishlab chiqarish zanjiridagi ishonchli boʻgʻinga aylanadigan lahzani yaqinlashtiradigan vaqtdir.

Ushbu ekopoligon sanoat va ekologik xavfsizlikning zamonaviy talablari hisobga olingan holda yaratilgan OKMKning yana bir yirik strategik obʼyektiga aylanadi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.