Mahalliy

Oilaviy bogʻchalar mol-mulk va yer soligʻidan ozod etiladi

Oʻzlariga tegishli noturar bino va yer uchastkasida oilaviy bogʻcha ochgan YaTTlar shu koʻchmas mulk obyektlari boʻyicha mol-mulk va yer soligʻidan ozod qilinadi. Bozor va savdo komplekslarida xizmat koʻrsatuvchilar uchun foyda soligʻi stavkasi pasaytiriladi. Yangi ochilgan qishloq xoʻjaligi korxonalari qishloq xoʻjaligida foydalaniladigan obyektlar boʻyicha mol-mulk soligʻi toʻlamaydi. Soliq maslahatchilari jinoyat protsessida soliq toʻlovchining vakili sifatida qatnashishi mumkinligi belgilanadi.

Oʻzbekiston Prezidenti tadbirkorlar bilan ochiq muloqotda belgilangan vazifalarni amalga oshirishga qaratilgan farmonni imzoladi. Ushbu farmonga koʻra, tadbirkorlarga bir qator soliq imtiyozlari taqdim etilishi kutilmoqda.

Jumladan, bozor va savdo komplekslarida xizmat koʻrsatishdan olingan foyda uchun foyda soligʻi stavkasi amaldagi 20 foizdan 15 foizga pasaytiriladi. Yangi tashkil etilgan qishloq xoʻjaligi korxonalari bevosita qishloq xoʻjaligida foydalaniladigan obyektlar boʻyicha joriy soliq davrida mol-mulk soligʻidan ozod etiladi.

Shuningdek, oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarini ochgan yakka tartibdagi tadbirkorlar ushbu bogʻchalar faoliyatida foydalaniladigan hamda ularning egaligida boʻlgan noturar bino va yer uchastkalari boʻyicha mol-mulk soligʻi hamda yer soligʻidan ozod qilinadi.

Jinoyat-protsessual kodeksiga soliq maslahatchilari soliq toʻlovchining vakili sifatida ishtirok etishi mumkinligi bilan bogʻliq oʻzgartirishlar kiritiladi. Yuridik shaxsning jismoniy shaxs boʻlgan taʼsischisi tomonidan ushbu yuridik shaxsga ijaraga yoki tekin foydalanishga berilgan koʻchmas mulk obyektlariga nisbatan ijara toʻlovining eng kam miqdori qoʻllanmaydi.

Ushbu oʻzgarishlarni oʻz ichiga olgan qonun loyihasi 2026-yil dekabr oyiga qadar tayyor boʻlishi rejalashtirilgan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.