Oilaviy bog‘cha ochgan tadbirkorlarga soliq imtiyozlari va’da qilinyapti
O‘zbekistonda oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotini ochgan yakka tartibdagi tadbirkorlarga soliq imtiyozlari berish ko‘zda tutilmoqda

Oilaviy bog‘cha ochgan tadbirkorlarga soliq imtiyozlari berilishi kutilmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning tadbirkorlar bilan VI ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirishga qaratilgan PF–175-son farmonda tadbirkorlarga qo‘shimcha soliq imtiyozlari berish bo‘yicha qonun loyihasini ishlab chiqish nazarda tutilgan.
Farmonga ilova qilingan qonunchilik hujjatlari loyihalari ro‘yxatiga ko‘ra, oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotini ochgan yakka tartibdagi tadbirkorlarni soliqdan qo‘shimcha qo‘llab-quvvatlash taklif etilmoqda.
Xususan, bunday tadbirkorlar oilaviy bog‘cha faoliyatida foydalanadigan va o‘zlariga tegishli bo‘lgan bino hamda yer uchastkalari bo‘yicha mol-mulk solig‘i va yer solig‘idan ozod etilishi nazarda tutilgan.
Shu bilan birga, bu norma hozircha to‘g‘ridan-to‘g‘ri joriy etilgan imtiyoz emas. Farmon asosida «Tadbirkorlarga soliq imtiyozlari taqdim etish orqali qo‘shimcha qo‘llab-quvvatlashga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ishlab chiqilishi kerak.
Demak, tegishli qonun qabul qilingach, oilaviy bog‘cha ochgan yakka tartibdagi tadbirkorlarning bog‘cha uchun foydalanayotgan o‘z binosi va yeriga nisbatan mazkur soliq imtiyozlari amal qilishi mumkin.

