Layfstayl

“Og‘zida ikkita hotdog, orqasiga esa propan o‘rnatganlar trendda”— xonanda Jo‘rabek hozirgi o‘zbek san’ati ayanchli ahvolda ekanligi haqida

“Og‘zida ikkita hotdog, orqasiga esa propan o‘rnatganlar trendda”— xonanda Jo‘rabek hozirgi o‘zbek san’ati ayanchli ahvolda ekanligi haqida

Muxlislari orasida “o‘zbek Tarkani” nomi bilan tanilgan xonanda Joʻrabek Esanov YouTubeʼdagi “Mashhur qilgan tarona” ko‘rsatuviga intervyu berdi. Suhbat davomida u sanʼatga qanday kirib kelgani, akasiga taqlid qilgani sabab sanʼatga qiziqib qolganini hamda bugungi shou-biznesdagi muammolar haqida fikr bildirdi.

**“Asl kasbim — rejissyorlik”**

— Aslida rejissyorlik yoʻnalishida taʼlim olganman. Baʼzi paytlarda boʻsh qolganimda pianino chalib turardim. Lekin musiqiy taʼlimim boʻlmagan. Xonandalikka kirib kelishim talabalik yillarida tasodifan boshlangan. Birinchi bor institutimizdagi Navroʻz bayramida sahnaga chiqib qoʻshiq aytganman. Oʻsha kezlarda “Umid yulduzlari” degan festival tashkil qilinardi. Shu festivalda qatnashish uchun institutimizga iqtidorli yoshlarni izlab kelishgan. Rektorimiz ularga meni tavsiya qilgan. Keyin meni chaqirtirib, ashula aytib berishimni soʻrashgan. Qoʻshiqni aytib bo‘lgach, ovoz yozish kunini belgilashgan. Mana shunday tasodifiy tarzda xonandalikka kirib kelganman, deydi xonanda.

**“Akam bilan yaxshi chiqishish uchun unga taqlid qilardim”**

— Akam bilan yoshimiz orasida katta farq bo‘lgani uchun gaplarimiz ham, qiziqishlarimiz ham bir-birimizga mos kelmasdi. Shuning uchun ularga yaqin bo‘lishni istab, akamga taqlid qila boshladim. Masalan, u magnitafonni yoqib, oynaga qarab qoʻshiq aytsa, men ham shunday qilardim. Rasm chizsa, men ham unga oʻxshab chizardim. U musiqaga qiziqib, gitara chalishni oʻrganganida yana unga ergashdim. Shu ergashishlar ortidan sanʼatga qiziqib qolganman. Keyinchalik akam gitarachi, men esa xonanda bo‘ldik. Oilamizda bizdan boshqa sanʼatkorlar yoʻq, deydi u.

**“Turk xonandasi Tarkanga taqlid qilgan emishman”**

— Tarkanning ijodini yaxshi ko‘raman. Yoshligimda, hali Oʻzbekiston tanimaganda uni tanirdim. O‘sha paytlarda kichik maktab oʻquvchisi edim.

Xonanda o‘z qiyofasining Tarkanga o‘xshab ketishi haqida shunday izoh berdi:

— Rasm yoki videolarda koʻz qorachigʻim kichkina koʻrinishini aytishgan. Klip olish jarayonida qorachiqni kattaroq ko‘rsatish uchun linza taqishga toʻgʻri kelgan. Linza tanlashga borganimda faqat koʻk ranglisining oʻlchami menga toʻgʻri kelgan. Uni koʻzimga taqib koʻrganimda sotuvchi qiz linza menga yarashganini, bu ko‘rinishda Tarkanga oʻxshab qolganimni aytgan. Shundan keyin undan “Tarkanga oʻxshash yaxshimi?”, deb so‘raganman. U yaxshi ekanini aytgan. Shu tariqa yangi imijda klipda suratga tushdim. Shundan so‘ng “oʻzbek Tarkani”, degan iboralar paydo boʻldi. Ammo bu salbiy emas, ijobiy maʼnoda aytilgani uchun bundan xafa emasman.

**“Bizning davr boshqacha edi”**

— Bizning davrlar boshqacha edi. Hozirgi shou-biznesni unchalik “hazm qilolmayapman”. Bizning paytda sanʼatkor bilan xalq orasida masofa bor edi. Sogʻinch degan narsa bo‘lardi. Sizni sogʻinib turishganda, yangi qoʻshigʻingiz chiqardi va uni tinglab zavqlanishardi. Hozir esa internetda koʻrib, “uf, yana shumi”, deydigan boʻlishgan. Sanʼatkorlar qayerga borgani, qanday taom yegani — hammasini koʻrsatishyapti. Mana shunday, oʻzini sanʼatkor deb ataydiganlarga rahmim keladi, deydi xonanda.

**“Avval sahnada hozirgidek ‘yasab qoʻyilganʼ qizlarni qoʻyib qoʻyishmasdi”**

— Bizning paytlarda ham toʻylarda fonogramma bor edi. Lekin u vaqtda oʻzidan xabari yoʻq kimdirlar sahnada turib olmasdi. Sal boʻlsa ham oʻqigan, musiqani tushunadiganlar boʻlardi. Hozirgidek boshdan oyoq “yasab qoʻyilgan” qizlarni qoʻyib qoʻyishmasdi. Hozir Instagramʼda nechi yuz ming “prosmotr” yigʻgan videoni nima ekan desangiz, ogʻziga ikkita hotdog “osib qoʻyilgan”, orqaga propan “oʻrnatilgan”lardan boshqa hech narsa yoʻq. Hamma shunga pul qistirgan. Shu bilan sanʼat qayergadir yoʻqoldi. Gʻalati va tushunarsiz zamon boʻldi, deydi xonanda Jo‘rabek.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.