Ogayo shtatida Demokratik partiyadan gubernatorlikka nomzodga suiqasd qilishga urinishda ayblangan qurollangan erkak hibsga olindi
Nomzod Emi Akton jarohat olmadi, biroq uning jamoasi erkak unga «tashlanishga» uringanda yana bir necha kishi jarohatlanganini maʼlum qildi.

Ogayo shtatida Demokratik partiyadan gubernatorlikka nomzodga hujum qilishga uringan qurollangan erkak hibsga olindi
AQShda yakshanba kuni boʻlib oʻtgan tadbir paytida Ogayo gubernatorligiga nomzod, Demokratik partiya siyosatchisi Emi Ekton tomon yugurgan qurollangan erkak hibsga olindi.
Ektonni himoya qilishga masʼul boʻlgan Ogayo shtati yoʻl patrul xizmati BBC’ga bergan bayonotida, uning xodimlari gumonlanuvchini Ogayo shtatidagi har yillik Kenfild yarmarkasida Ektonga yaqinlashmasdan oldin toʻxtatib qolganini maʼlum qildi.
Shaxsi 38 yoshli Patrik Xavas ekanligi aniqlangan gumonlanuvchi hibsga olingan paytda yonida ikkita toʻpponcha boʻlgan.
Hodisa oqibatida Ekton jabrlanmagan, biroq uning saylovoldi shtabi erkak unga «tashlanishga» uringanda yana bir necha kishi jarohat olganini bildirdi.
«Doktor Ekton va [uning turmush oʻrtogʻi] Erik huquq-tartibot idoralarining tezkor va qatʼiy harakatlari uchun minnatdorlik bildiradi hamda jarohatlanganlarning sogʻayib ketishini soʻrab duo qilmoqda», — deyiladi uning aloqa boʻyicha direktori bayonotida.
«Bunday zoʻravonlikka Ogayoda oʻrin yoʻq. Doktor Ekton bizni bir-birimizga qarshi qoʻyadigan tartibsizlik, nafrat va gʻazabga qarshi doimo kurashadi».
Maxoning okrugi sherifi Jerri Grin sodir boʻlgan voqeani batafsilroq tasvirlab, BBC’ning AQShdagi hamkori CBS News telekanaliga Kenfild shahridan boʻlgan Xavas «qoʻlida uyali telefonni ushlab turgan holda, olomon orasidan Ekton tomon tajovuzkorlik bilan yoʻl ochganidan» keyin hibsga olinganini aytdi.
Shuningdek, u nogironlar aravachasidan foydalanayotgan ikki kishini urib yuborgan, deya qoʻshimcha qildi Grin.
Xavas okrug qamoqxonasida saqlanmoqda va unga nisbatan bezorilik va ikkita yengil tan jarohati yetkazish ayblovi qoʻyilgan.
Ektonning Ogayo gubernatorligi uchun poygadagi Respublikachi raqibi, AQSh Prezidenti Donald Trampning ittifoqchisi Vivek Ramasvami ushbu voqeani qoraladi.
Ramasvamining aloqa boʻyicha direktori shunday dedi: «Nomzodlar tahdid yoki zoʻravonlikdan xavotir olmasdan saylovchilar bilan uchrasha olishlari kerak. Bugun sodir boʻlgan voqea mutlaqo qabul qilinishi mumkin emas va siyosatda bunga oʻrin yoʻq, umid qilamizki, hech kim jiddiy jarohat olmagan».
Ogayo gubernatori, respublikachi va amaldagi rahbar Mayk DeVayn ham ommaviy tadbirlarda siyosiy zoʻravonlikka oʻrin yoʻqligini aytdi.
AQShda soʻnggi yillarda koʻplab shov-shuvli siyosiy zoʻravonlik holatlari, jumladan, qonun chiqaruvchilarga qilingan hujumlar va Trampning hayotiga suiqasdlar kuzatildi.
Baʼzi holatlarda zoʻravonlik oʻlim bilan yakunlangan. Taniqli konservativ faol Charli Kirk oʻtgan yilning sentyabr oyida Yuta shtatida oʻldirilgan edi. Demokratik partiyadan shtat qonun chiqaruvchisi Melissa Xortman va uning turmush oʻrtogʻi ham Minnesotadagi uyida oʻldirib ketilgan.

