“Odisseya” — Kristofer Nolanning eng muhim filmi haqida

“Odisseya” — Kristofer Nolanning eng muhim filmi haqida
“Odisseya”ni nihoyat tomosha qildim. Taassurotlar juda katta. Kristofer Nolanning so‘nggi filmi chiqqanidan ko‘p o‘tmay milliardlab dollar ishlab topgan bo‘lsa-da, uni shubhasiz hammaga birdek yoqadigan asar deb bo‘lmaydi. Buni ijtimoiy tarmoqlardagi bahslar, tanqidlar va maqtovlardan ham ko‘rish mumkin. Shu sababli quyida film haqida yozar ekanman, faqat o‘zim anglagan narsalar va o‘z xulosalarimni bayon qildim. Yaʼni aslida kimdir kinodan butunlay boshqa taassurot va xulosalar olishi, balki rejissyorning o‘zi ham ayrim nuqtalarda boshqa g‘oyani ilgari surgandir. Ammo bularning hech biri “Odisseya” haqida subyektiv fikr bildirishga to‘sqinlik qila olmaydi. Zero, har qanday asarning muallif g‘oyasiga bog‘liqligi masalasida ikki xil qarash mavjud.
Birinchi toifa fikricha, har qanday asar muallif g‘oyasidan mustaqil emas. Muayyan sahna, ohang yoki obraz orqali muallif aynan nima demoqchi bo‘lsa, haqiqiy va yagona maʼno o‘shadir, boshqa talqinlarning barchasi asossiz hisoblanadi. Boshqa qarash esa buni rad etadi — asar muallif g‘oyasidan erkin ravishda bir nechta talqinga ega bo‘lishi mumkin. Tasavvur qiling, biz bir necha ming yil avval chizilgan bir suratni topib oldik, uning muallifini ham, bu asar bilan nima demoqchi bo‘lganini ham bilmaymiz. Lekin uni tahlil qilishimiz, unga turlicha yangi mazmunlar berishimiz mumkin. Yaʼni ikkinchi toifaga ko‘ra har qanday asarni tushunish subyektivdir.
Faqat asarda bizning talqinimizni inkor qiladigan nuqtalar bo‘lmasligi kerak. Masalan, bir filmni o‘zimizcha tushunib, talqin qilyapmiz va qahramonlardan birini real emas, boshqa obrazning xayoloti mahsuli deb baholadik. Agar biz haqiqiy deb bilmagan o‘sha qahramon film davomida boshqa qahramonlar bilan ham muloqotga kirishsa, qaysidir sahnada moddiy taʼsir ko‘rsatsa, tabiiyki, xulosamiz noto‘g‘ri bo‘lib chiqadi. Chunki asarning o‘zida ochiq ziddiyatlar bor. Toki shunday ziddiyatlar topilmas ekan, ushbu filmga oid subyektiv baholarning barchasi yashashga haqli hisoblanadi. Menimcha, tushundingiz.
Kristofer Nolanning o‘zi, menimcha, ikkinchi toifaga kiradi, zero rejissyor ijodida turlicha talqin qilinishi mumkin bo‘lgan sahnalar, ochiq yakunlar juda ko‘p. Masalan, Leonardo Di Kaprio bosh rolni o‘ynagan “Ibtido” filmining yakuni haqida hanuz munozaralar davom etadi. Film oxirida Kob maqsadiga erishdimi yoki so‘nggi sahnalar ham tushda kechyaptimi, aniq javob berilmagan va qizig‘i, shu paytgacha Nolanning o‘zi ham bu bahslarga nuqta qo‘ymadi. Demak, Nolan hatto o‘zi yaratgan asarlarning ham turlicha talqinga ega bo‘lishiga qarshi emas — aynan shu omil menga ham “Odisseya”ni tomosha qilish va tushunishda erkinlik beradi.
Avvalo, filmning marketingi tahsinga loyiq. Birinchidan, Kristofer Nolan nomining o‘ziyoq katta yurish, zero bu rejissyor ayni damda shunday darajaga chiqqanki, uning har qanday ishini butun dunyo intizorlik bilan kutadi. Rejissyorning avvalgi ishlari ham deyarli shunday holatga guvoh bo‘lganmiz. Tanlangan aktyorlar, premyeradan oldin paydo bo‘lgan kadrlar, film treyleri esa muhokamalarni ilgari kuzatilmagan cho‘qqiga olib chiqdi. “Odisseya” qahramonlarini “Troya” filmi bilan solishtiradigan ko‘pchilikka, rostdan ham Gomer o‘qigan, asarning sof holatini o‘zinikidek himoya qilishga tayyorroq ziyolilar qatlam ham qo‘shildi. “Ko‘rmadim, lekin tanqid qilaman” emas, Gomer bilan farqlarni sezish uchun pardaning biroz ko‘tarilishi kifoya edi. Tanlangan aktyorlar, “Odisseya” olami muhiti, dekoratsiya va kiyimlardan tortib afsonaviy maxluqlargacha boshqacha — Kristofer Nolan adabiyotdagi muqaddasiyotlarimizdan birini oyoqosti qilmayaptimi?
Ammo turli shakllangan stereotiplardan chetlashib, aslida mashhur “Troya” filmida ham farqlar yetarlicha bo‘lganini unutmagan holda, Nolanning filmini alohida bir asar, bir hikoya sifatida tomosha qila boshlasangiz, menimcha, yoqadi. Va amin bo‘lasizki, biroz oddiyroq Odissey, qora tanli Yelena yoki boshqa “ko‘zga botadigan” jihatlar qandaydir marketing siyosati, kinosanoatdagi yangi trend yoki boshqa tashqi taʼsirlar mahsuli emas, balki rejissyorning umumiy g‘oyasidagi bir bo‘lak ekanini anglaysiz.
Kino haqidagi turli mulohazalar orasida menga bir fikr yoqdi — Nolan ham zamonamizning Gomeri. Aniqrog‘i, Gomer ham aslida o‘z davrining “Nolani” bo‘lgan va bu doston ham o‘z zamonasining blokbasteri edi. Rostdan ham uch ming yil oldingi davrni hikoya qiladigan asarlarning bizgacha yetib kelishida, shubhasiz, Gomer, Nolan kabi hikoyanavislarning xizmati beqiyos. Aslida Gomerning o‘zi ham “Odisseya”da o‘z davridan uch-to‘rt yuz yil oldingi voqealarni hikoya qiladi. Bugungi kundan turib, 16-17-asrlarni ko‘z oldingizga keltiring — bu haqda qanchalik bilamiz? Yana tomlab tarixiy va badiiy kitoblar, internet-u ChatGPT’lar bo‘lmagan eramizdan avvalgi 8-asrda Gomer bronza davrini qanchalik aniqlikda hikoya qilib bera olardi?
Yaʼni o‘z vaqtida Gomer ham bugun Nolan shug‘ullanayotgan ishni qilgan, afsonani zamondoshlariga mos va qiziqarli shaklda hikoya qilib bergan. Tarixiy bilimlarga va haqiqiy “Odisseya” dostoniga yaqinlik rostdan ham Nolan filmini qiziqarliroq qilarmidi? Yo‘q, menimcha. Vaholanki, 90-yillar oxirida Andrey Konchalovskiy olgan film yoki 2024-yilda bosh rollarni Reyf Fayns va Jyulet Binosh o‘ynagan “Odisseyning qaytishi” kabi filmlar grek afsonasiga har tomonlama juda yaqin, lekin biz uchun bu qadar sezilmasdan o‘tib ketdi.
Qodiriyning “O‘tkan kunlar” romanini o‘zbek kinosi ikki marta ekranlashtirgan. Qizig‘i, xalq kitobga maksimal yaqinlashtirilgan, dialoglar, til, kiyimlar haqiqiy “O‘tkan kunlar”ga yaqinroq bo‘lib, hatto baʼzi sahnalar bilan to‘ldirilgan ikkinchi, yaʼni 90-yillardagi filmni emas, eski variantni ko‘proq eslab qolgan, ko‘proq tomosha qiladi. Sababi voqealarni zamonga moslashtirish, hikoya tili aynan birinchisida muvaffaqiyatliroq bo‘lgan, buni inkor qilib bo‘lmaydi. Umuman, asarning bugungacha folklorimizning bir qismi bo‘lib qolishida, Otabek va Kumush sevgisining yosh-u qariga tanish bo‘lishida, tabiiyki, kitobgina emas, kinoning ham ahamiyati katta.
Nolan “Odisseya” rejissyori sifatida aynan shu ish bilan shug‘ullanadi. Asarni aslicha emas, aynan zamonamiz odamiga hikoya qilib beradi. Gomerdagi “Odisseya”dan ko‘ra ko‘proq bizga o‘xshab kiyinadigan Odissey, amerikacha talaffuzda inglizcha gapiradigan qahramonlar, soch turmagidan tortib uslubigacha bizning davr odamlarini yodga soladigan Robert Pattinson, Tom Holland, Sharliz Teron qahramonlari bizga Gomerni emas, mana shu filmni, Nolan hikoyasini tushunishga va his qilishga yordam beradi. Odissey jamoasida qora tanli ham, hind ham, xitoylik ham bor — bu ham xato emas. Dekoratsiya qanchalik eski bo‘lmasin, film qahramonlarini allaqachon o‘lib ketgan uch ming yil oldingi begonalardek qabul qilmaymiz. Aytish kerakki, rejissyor niyatiga yetdi ham — gap yig‘ilgan milliardlab dollarda emas, bugungi kunda yoshlardan tortib kattalargacha yana “Odisseya”ga qaytgani, ushbu hikoya qaytadan blokbasterga aylanganidadir. Kimdir bu afsona haqida maʼlumot qidirgan, kimdir o‘qish uchun Gomer asarini izlagan, boshqasi bu mavzudagi boshqa rejissyorlarning kinolarini ko‘rib chiqqan, internet olamida turli tillarda yuzlab podkastlar, memlar paydo bo‘lgan, umuman bu mavzu qaytadan umumiy kultga aylangan.
Endi muhim jihat shuki, Kristofer Nolanning niyati “Odisseya”ni qaytadan mashhur qilish emas, albatta. Bu afsona yoshlikdan Nolanning qalbiga o‘rnashib qolgan-u, dunyo asarni unutib yuborayotganidan aziyat chekib, nihoyat uni qayta jonlantirdi, deb tushunmagan bo‘lardim. Shubhasiz, unday emas. Nolanning “Odisseya”si, shuningdek, mualliflik filmi bo‘lib, rejissyor ushbu voqeani hikoya qilish orqali o‘z asosiy g‘oyasini ilgari suradi. “Odisseya”ning g‘oyasi esa avvalo urush, uning oqibatlari, insonlar hayotida qoldiradigan iz haqida.
Hikoya qisqacha mana bunday: greklar “Troya”ni qamal qilib, o‘n yillar davomida ishg‘ol qila olishmaydi. Shunda Odissey bir hiyla o‘ylab topadi. Katta ot yasalib, bir nechta usta jangchilar uning ichiga joylashadi, qolganlar esa uzoqroqqa yashirinib olishadi. Otni tangrilar sovg‘asi, g‘alaba ramzi deb tushungan troyaliklar uni shaharning ichiga olib kirishadi. Kechqurun esa otning ichidan chiqqan jangchilar darvozani ochishadi va shahar ishg‘ol qilinadi. Raqib jangchilarni va shahar aholisini qilichdan o‘tkazgan greklar qatori Odissey ham o‘z qo‘shinini olib, o‘z yurtiga, xotini Penelopa oldiga kemada qaytadi. Lekin yo‘lda turli sarguzashtlarga yo‘liqib, ham sheriklaridan ayriladi, ham qaytish yana uzoq yillarga cho‘zilib ketadi.
Nolan Gomerning asosiy hikoyasini saqlab qolgan, shuningdek, asosiy g‘oya ham yaqin — urushdan keyingi davr, urushning inson ruhiyatiga taʼsiri, o‘zlikka qaytish va hokazo. Lekin Nolan urush va tinchlik o‘rtasidagi kontrastni yanada bo‘rttiradi. Bu ham juda muhim, zero eski davrlarda urush hayotning ajralmas bir qismi, tiriklik va tirikchilikning bir vositasi edi, tabiiyki, bugungi kun odami uchun unday emas. Shu bilan birga, rejissyor ogohlantiradi ham — insoniyat yana urushlarga murojaat qilar ekan, yana uni normallashtirar ekan, oqibatidan ham qutulib qololmaydi. Shuning uchun ham Gomerning Odisseyi “Troya oti”ni o‘ylab topgani bilan faxrlanib, o‘sha davr shartlarida g‘alabaning asosiy qahramoniga aylangan bo‘lsa, Nolanning Odisseyi aksincha, o‘sha kundan boshlab o‘zini ayblay boshlaydi. Buni biz Gomer qahramoni Troya jangidan keyin ham aldovlarni, masalan siklop bilan bog‘liq voqealarni davom ettirganidan bilamiz, Nolan esa Odisseyni qaytadan yozgandek, Troya voqeasidan boshqa sahnalarda uning quvligi, hiylalarini ko‘rmaymiz. Nolanning Odisseyi shuning uchun o‘limga nisbatan og‘irroq munosabatga ega, shu tufayli ko‘p darajada pushaymon ham.
Nolan tarixga va tarixiy filmlarga xos bo‘lgan asosiy jihat — urush romantikasidan voz kechgani juda o‘rinli o‘ylangan va eng muhim nuqtadir. Mashhur “Troya” filmini eslasangiz kerak. Filmda “Odisseya”dagi voqealargacha bo‘lgan davr, o‘n yillik urush hikoya qilinadi. Asosiy qahramonlardan biri Axil roliga o‘sha davrning eng chiroyli aktyori Bred Pitt jalb qilingan. Pitt Axildek qahramonga yanada monand bo‘lish uchun bir necha oy shug‘ullangan, qomatini mukammal darajaga keltirgan. Uning Gektor bilan jang sahnasi esa, menimcha, kino tarixidagi estetik jihatdan eng chiroyli janglardan biri. Yelena rolini sohibjamol Diana Kryuger ijro etgan, rostdan ham sohibjamol.
Nolan filmida biz Axilni ko‘rmaymiz. Umuman “Troya” yoki “Gladiator” kabi tarixiy filmlarda ko‘rib o‘rganib qolgan qahramonlar deyarli yo‘q, Odissey va uning sheriklari doim nimadandir qo‘rqib qochib yurgan, doim o‘layotgan bir jamoa. Hatto Odisseyning so‘nggi jangida kuyovlarga qarata kamon otishi sahnalarini eslang — o‘ta darajada o‘ng‘aysiz, xunuk...
Bu orqali Nolan urush va o‘limda go‘zallik yo‘qligini ko‘rsatadi. Hatto sohibjamol Yelena liniyasi ham boshqacha. Gap tanlangan aktrisaning qora tanli ekanida ham emas, yo‘q, xuddi Kumush singari har bir o‘quvchining o‘z Yelenasi bor, buni ham bilaman. Nolan agar biror qahramonini chiroyli deb namoyish qilmoqchi bo‘lsa, buni uddalashini yaxshi bilamiz. Ammo ataylab shunday qilmaydi, chunki “minglab qayiqlarni suvga tushirgan Yelenaning yuzi” qisman bo‘lsa ham urushni oqlab qo‘ygan bo‘lardi. Axir bir sohibjamol uchun minglab erkaklarning jon berishi aslida noto‘g‘ri bo‘lsa-da, romantik bir jarayon. Rejissyor buni ham istamaydi. Yelena obraziga Lupita Niongo tanlash orqali Nolan Yelena chiroyli yoki xunuk edi, demaydi, shunchaki Yelenaning kimligi, qanaqaligi umuman farqsiz demoqchi. Agamemnon yoki Yelenaning eri bo‘lmish Manelayga aslida Yelena emas, Troya kerak edi. Yelena esa bir bahona, demak uning yuzi yo qomati qanday ekani umuman farqsiz.
Gomer asarida bormi, yo‘qmi, bilmadim, filmda “Dengiz xalqlari” haqida so‘z boradi. Dengizda suzib yurib orollarga hujum qiladigan qaroqchilar to‘dasi bo‘lib, Odisseyning yurti bo‘lmish Itakada mana shu xavfdan qo‘rqib yashashar edi. Oxirida Itakaga qaytib keladigan Odissey Penelopaga “balki, biz o‘zimiz dengiz xalqlariga aylanib qolgandirmiz” degan fikrni aytadi. Kinoda ushbu qaroqchilarni ko‘rmaymiz, balki rostdan ham oroldan orolga suzib yurgan Odissey komandasi tildan tilga ko‘chib kelgandir yoki Odisseyning Kalipso orolida yetti yil qolib ketganini eʼtiborga olsak, qaroqchilar butunlay boshqa odamlardir. Nolan ham buni aniqlashtirmaydi, zero buning aslida farqi yo‘q, Troyada xunrezliklarni amalga oshirgan Odissey va sheriklari sivilizatsiyaga bolta urgan, doim ishlab kelgan tartibni buzib, yangi, tartibsiz davr boshlanishiga sabab bo‘lgan. Bu orqali Nolan urush qayerda, hatto yigirma yillik masofada bo‘lsa ham, uning oqibatlari va shamoli uyingizga ham yetib kelishidan ogohlantiradi — Odissey Troyada jang qilgan bo‘lsa-da, bu urushning oqibatlari va xavfi “kuyovlar” yoki “dengiz xalqlari” o‘laroq Itakagacha yetib borgandi. Kim biladi, yana qanchalab Troya urushi “mazlumlari” va “g‘oliblari” o‘z kemalarida daydib yurgandir? Balandparvoz qo‘shiqlar orqali bizgacha yetib kelgan buyuk janglar bilmadik, yana qanchalar hayotlarni chilparchin qilgan, mag‘lublarning tanasini, g‘oliblarning qalbini o‘ldirgan? Urush oqibatlari haqidagi ishoralar Remark yoki Heminguey asarlarini ham eslatib yuborishi shubhasiz.
Odisseyning sayohati shaklan Gomerdagi kabi saqlanib qolgan bo‘lsa-da, baʼzi qo‘shilgan yoki olib tashlangan detallar, urg‘ular orqali Nolan o‘z asarining umumiy g‘oyasidan chalg‘imasligini ko‘ramiz. Gomerda Odissey sayohati bir sarguzasht, Penelopaga qaytish mashaqqatining qiziqarli tasviri bo‘lsa, Nolanning har bir sahnasi umumiy g‘oyaga xizmat qiladi.
Masalan, siklop bilan janglarni olaylik. Gomerda Odissey siklop bilan muloqot qiladi, hiyla ishlatadi. Filmdagi siklopning gapirishini esa eng oxirida bilib qolishadi.
- Iye, u gapirarkan-ku, balki gaplashib ko‘rarmiz, unga nima kerak?
- Endi kech bo‘ldi .
Rostdan ham allaqachon bir nechta askar o‘ldirilgan, siklopning ko‘zi esa ko‘r qilingan edi. Bu shunga ishoraki, har qanday ziddiyatni muzokara va gaplashish orqali hal qilish mumkin, lekin qo‘lga qurol olinar ekan, maʼlum vaqtdan keyin kech bo‘ladi. Ikki tomon qurbonlar berib, qaytarib bo‘lmas yo‘qotishlardan so‘ng, bir stol atrofiga kelish yanada qiyinlashadi. Endi manfaatlardan tashqari qasos, g‘urur kabi masalalar ham aralashadiki, har tomon rozi bo‘ladigan nuqtani topish imkonsiz bo‘lib qoladi. Ukraina yoki Falastindagi voqealarga ishora qilingan bo‘lsa ne ajab.
Yoki zirhlangan bahaybat odamlar orolidagi voqealarni eslang. Gomerda zirhlar yo‘q, Nolan ularning hatto bolasiga ham jang kiyimlarini kiygizish orqali vahimani kuchaytiradi. Odissey qarshisida o‘zidan kuchli, qurollangan, qarshi tomonni faqat yanchilishi kerak bo‘lgan dushman sifatida ko‘radigan toifani ko‘radi. Bu qaysidir jihatdan Troyaga kirib kelayotgan greklarni, yaʼni Odisseyning o‘zini eslatadi. Boshqa insonlarni o‘zi kabi bir inson sifatida ko‘rmaslik, empatiyaning yo‘qligi odamni mana shunday vahshiy qavmga aylantiradi.
Odissey kemasi ulkan bir tog‘ yo‘lagi va uning oldida bir suv girdobi yoniga borib qoladi. Girdob agar kema yaqinlashsa, butun odamlari bilan yutib yuborishga qodir, lekin agar ilojini qilib chetlab o‘tilsa, yaʼni ikki tog‘ orasidan yurilsa, u yerda bir maxluq bo‘lib, bir necha askarni o‘ldirishi muqarrar. Odissey bu ikki xavfdan xabardor bo‘ladi, lekin sheriklariga tog‘ tepasidagi maxluq haqida indamaydi. U ikki yomonlikdan birini tanlashi zarur edi. Filmda bu tanlov jarayoni orqali yana urushga ishora bor — urushda g‘oliblar bo‘lmaydi, yo ko‘p narsa yo‘qotasiz yoki yanada ko‘proq.
Aslida Zevs qonunlari nafaqat mehmondo‘stlik va mehmon munosabatlari, balki adolat, zulm qilmaslik, yolg‘on gapirmaslik, umuman juda ko‘p axloqiy normalarni o‘z ichiga olgan bo‘lsa-da, filmda aynan mehmondo‘stlik masalasiga ko‘proq urg‘u beriladi, eng ko‘p shu qonunlar takror va takror tilga olinaveradi, xuddiki bundan boshqa mavzu yo‘q-u, o‘sha davr faqat mehmondorchilikdan iboratdek. Lekin bu yerda ham mehmon bugungi dolzarb masala — Ikkinchi jahon urushidan so‘ng muqaddaslashtirilib, hozir unutilayotgan suverenitet masalasiga eʼtibor qaratayotgandir?
Umuman g‘oya va struktura jihatidan aslida “Odisseya” Nolanning avvalgi kinosi “Opengeymer”ni yodga soladi. Har ikki filmda ham qahramon urushni tugatish uchun bir narsa kashf qiladi, har ikki kashfiyot joriy urushning barham berilishida katta ahamiyat kasb etsa-da, Odissey ham, Oppengeymer ham o‘ylanib qoladi — “bu kashfiyot yaxshiroq davrga eshik ochadimi yoki aksincha?”. Oppengeymer davomli ravishda o‘z vijdoni bilan yuzma-yuz kelsa, Nolanning Odisseyi ham xuddi shu — film sarguzashtlar bilan boyitilgan bo‘lsa-da, urg‘u qahramonning kechinmalariga qaratiladi. Film xronologik shaklda emas, fleshbek qismlari sifatida taqdim etilishi ham shu uchun qo‘llangandek — markazda Odisseyning o‘z vijdoni bilan yolg‘izligi.
Ayniqsa, kinoning eng chiroyli qismi va oxirida qilinadigan ajoyib tryuk “Afina obrazi” bilan bog‘liq. Zendeya ijro etgan obraz doim Odisseyga hamroh bo‘ladi, uning qarorlariga fikr bildiradi, maʼlum tomonga yo‘naltiradi. Hikoyani Gomerdan taniydigan tomoshabin butun kino davomida uni Afina deb qabul qiladi ham. Film yakunida Odissey Troya jangining bor dahshati bilan hikoya qilib berayotganda shu maʼlum bo‘ladiki, aslida grek askarlari Troyadagi Afina haykalining boshini kesayotgan paytda Odisseyning ko‘z o‘ngida boshqa bir guruh askarlar bir begunoh qizning ham boshini tanidan judo qilishadi. O‘sha qiz obrazini ham Zendeya ijro etgan. Yaʼni shunday tushunish ham mumkinki, doim Odisseyga hamroh bo‘ladigan qiz Afina emas, balki gallyutsinatsiya, o‘sha begunoh qiz o‘limining yukidir? “Troya oti” hiylasi bilan shaharga kirgan armiyaning bu xunrezliklarida, xususan, o‘sha qizning o‘limida Odissey o‘zini ayblagan, bu azobdan qutula olmagan, butun sayohat mobaynida Afina emas, aynan o‘sha qiz Odisseyni taʼqib qilgan?
O‘z anʼanasiga bu safar ham Nolan sodiq qolgan — yakun biroz ochiq. Odissey jazosiz qolishi, qaytib kelib hukmronligini davom ettirishi mumkin emas edi. Bu yana o‘sha yangi-eski davrning davomi bo‘lib qolardi. Rejissyor boshqacha usulni qo‘llaydi — go‘yo Odissey o‘q yeb Penelopa quchog‘ida jon berayotgandek sahna. Keyin birdan uning kemaga minib, o‘z orzusi bo‘lmish quyosh botishi tomon Penelopa bilan yo‘lga chiqayotganini ko‘ramiz. Bu rostdan ham haqiqatmi yoki Odissey o‘limi oldidan xotiniga o‘sha orzuni qaytadan hikoya qilyaptimi, aniq aytish qiyin. Buni Nolan ham aniq aytmaydi, film so‘ngida Odissey kemasi borayotgan tomon esa g‘arb — grek afsonalarida o‘limni ifodalaydi. Shaxsan menga Odisseyning vafot etishi mantiqiy yakundek tuyuldi, kimdir boshqacha tushunar, Nolan har ikki talqin uchun ham asos qoldiradi.
Gomer asarini grek “xudolari” ishtirokisiz tasavvur qilish qiyin. Zevs, Poseydon, Afina va boshqalar xuddi Odissey, Penelopa, Axil kabi voqeaning faol ishtirokchilari. Nolanning hikoyanavislikdagi quroli esa bugungi davrga parallellar, bugungi til bo‘lgani uchun bu obrazlardan butunlay voz kechilgan. Nolanning maqsadi “Odisseya” afsonasini tiklash emas, yuqorida aytilganidek, shu hikoya orqali bugungi kun odamiga murojaat qilish ekan, qahramonlar va voqealarni imkon qadar bugungi davrga yaqinlashtirish juda muhim edi. Shu bilan birga rejissyor xudolarni ham, ularning ishtirokini ham rad etmaydi, xuddi bugungi kun odami kabi — xudolar qahramonlarning ishonchida mavjud.
Masalan, Odissey siklopga nayza otib yaralagach, sheriklari unga aytadi — “u Poseydon, dengizlar xudosining o‘g‘li ekan, endi u bizga qarshilik qiladi, uyimizga bora olmaymiz”. Shundan so‘ng biz shamol va to‘lqinlar Odissey kemasiga xalaqit berishini ko‘ramiz. Nolan bu shunchaki tabiiy jarayon, demaydi, shu bilan birga aynan Poseydon shu ishlarni amalga oshiryapti, deb ham aytmaydi. Poseydonga ishonadiganlar uchun, mayli, Poseydon bo‘la qolsin, filmda bu muhim emas. Lekin shu bilan birga, o‘sha davrlarda greklar hayoti va afsonalarining ajralmas qismi bo‘lgan “xudolar” Nolan asarida butunlay chetga surilgan deb ham bo‘lmaydi. Biz qahramonlar lafzida Zevsni ham, boshqa “xudolarni” ham ko‘p eshitamiz. Tabiiyki, qarorlarda, obrazlarning harakatlari markazida ularning o‘rni ham katta. Masalan, mana bu ishimiz uchun falon xudo bizni jazoladi, falon ishimiz mana bu xudoga yoqmadi, deb insonlarning oniy jazolardan qochishi Gomer olamida tabiiydek tuyuladi. Nolan esa savolni boshqacha qo‘yadi: sen Zevsga xiyonat qildingmi yoki insonga?
Filmda “tilanchiga yoki mehmonga yomon munosabatda bo‘lsa, u mana shu ko‘rinishda kelgan xudo bo‘lishi mumkin..” degan fikr bir necha marta takrorlanadi. Bu o‘zimizning yoshlikdan eshitib katta bo‘lgan Xizr haqidagi rivoyatlarni ham yodga soladi. Kimgadir yaxshilik qilib, keyin u odam Xizr bo‘lib chiqishi va u ko‘p tilaklarni ijro qilishi haqidagi ertaklar ham juda ko‘p. Bu insonlarni imkon qadar hammaga yaxshilik qilishga undaydi. Yaxshilikning oniy shaklda kattaroq mukofot bo‘lib qaytishi odamlarni har bir o‘ziga o‘xshagan insonni Xizr deb bilishga chaqiradi. Insonning roziligini muqaddaslashtiradi, unga qilingan zulmning narxini oshiradi.
Nolan “Odisseya”da mana shu g‘oyani davom ettirgan. Insonlarga zulm qilma, balki u inson qiyofasidagi “Xizr”dir... Insonni o‘ldirma, balki u inson qiyofasidagi “Afina”dir?

