Mahalliy

Odilxon Ismoilov ozodlikka chiqdi

“Rayxon oilaviy milliy taomlari” taʼsischisi Odilxon Ismoilov sud zalidan qamoqdan ozod etildi. Apellyatsiya sudi unga tayinlangan jazoni shartli hisoblab, 3 yil sinov muddati berdi. Jinoyat ishi doirasida yetkazilgan zararning bir qismi naqd pul shaklida depozit hisob raqamiga topshirilgani va boshqa holatlar inobatga olingan.

Odilxon Ismoilov ozodlikka chiqdi

“Rayxon oilaviy milliy taomlari” taʼsischisi Odilxon Ismoilovga oid jinoyat ishi apellyatsiya sudida koʻrib chiqildi. Bugun mazkur ish yuzasidan apellyatsiya sudi ajrimi eʼlon qilindi.

Maʼlum qilinishicha, jinoyat ishi doirasida yetkazilgan zararning bir qismi naqd pul ko‘rinishida depozit hisob raqamiga topshirilgan, Odilxon Ismoilovga tegishli mulk bankning talabiga binoan bank balansiga qabul qilinishi belgilangan. Shuningdek, xatlangan mulklar sotilib, zararni qoplashga yo‘naltirilgan. Shu va boshqa holatlar inobatga olinib, Odilxon Ismoilovga Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan tayinlangan jazo o‘zgarishsiz qoldirildi hamda Jinoyat kodeksining 72-moddasiga asosan shartli hisoblanib, 3 yil sinov muddati belgilandi.

Shu tariqa u sud zalida qamoqdan ozod qilindi.

Odilxon Ismoilov JIB Pop tuman sudining 2026-yil 13-iyuldagi hukmi bilan 8 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingandi.

Odilxon Ismoilov 1977-yilda Namangan viloyatida tug‘ilgan, «Rayxon oilaviy milliy taomlari» taʼsischisi hisoblanadi.

U 2010-yildan Toshkent shahar bosh imom-xatibi o‘rinbosari bo‘lgan. 2011-yildan 2018-yil iyuligacha Shayxontohur tumani bosh imom-xatibi va «Shayx Zayniddin» jome masjidi imom-xatibi sifatida ishlagan. 2018-yil iyulida esa Musulmonlar idorasi Ismoilov «tasdiqlanmagan xabarlarni internet orqali tarqatgani va bemorligi vajidan vazifani uddalay olmayotgani sababli» ishdan olinganini maʼlum qilgan.

Odilxon Ismoilov 2019-yildan boshlab «Vaqf» xayriya jamoat fondida faoliyat yuritgan.

2019-yil fevralida Odilxon Ismoilov Shayxontohur tumani «Xo‘ja Alambardor» masjidiga imom-xatib etib tayinlangan. 2019-yil sentabrida esa sog‘lig‘idagi muammolar tufayli o‘z xohishiga ko‘ra lavozimidan ozod etilgan.

U 2026-yil yanvarida o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish, soxta tadbirkorlik va boshqa ayblovlar bilan qamoqqa olingandi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.