Oddiy insonlar bilan oila qurgan Gollivud yulduzlari

**Oddiy insonlar bilan oila qurgan Gollivud yulduzlari**
Million dollarlik shartnomalar va nufuzli mukofotlarga ega mashhurlarning ko‘pchiligi hayotini kino olamidan tashqaridagi insonlar bilan bog‘lagan. Ular kinodagi hamkasblarini tanlashi mumkin edi, biroq baxtni oddiy insonlar orasidan topishdi.
**Natali Portman va Benjamin Milpie**
Taqdir unga nafaqat yorqin karyera, balki bo‘lajak turmush o‘rtog‘i — fransuz xoreografi Benjamin Milpye bilan tanishish imkonini ham berdi. Ularning munosabatlari “Qora oqqush” dramasining sahna ortida boshlangan. O‘sha yerda Benjamin raqs kompozitsiyalarini sahnalashtirardi, Natali esa havaskor balerinaga aylangandi.
2012-yilda bu munosabatlar nikoh bilan yakunlandi. Qizig‘i shundaki, Portmanga “Oskar” mukofotini olib kelgan Darren Aronofskiyning filmi unga oilani ham hadya etdi. Ularning nikohidan ikki farzand dunyoga keldi. Afsuski, 11 yillik birgalikdagi hayotdan so‘ng, er-xotin ajralishga qaror qildi.
**Mett Deymon va Luchana Barroso**
“Zakovatli Uill Xanting” filmi yulduzi sevgilisi bilan tasodifan uchrashib qolgan. 2003-yilda Mayamidagi ish kunidan keyin hamkasblari aktyorni kechqurun barga taklif qilishadi. U uzoq vaqt rad etadi, ammo oxir-oqibat, o‘zi ham sababini bilmagan holda taklifni qabul qiladi.
Bu bejiz emas ekan, chunki aynan o‘sha paytda Mett Deymon Luchana Barroso bilan uchrashadi. Luchana ofitsiant bo‘lib ishlardi va qizi Aleksiyani tarbiyalayotgan edi, ammo bu holat aktyorni aslo xijolat qilmaydi. Bu yil ularning oila qurganiga 20 yil to‘ldi. Juftlikning uch qizi bor — Izabella, Jia va Stella.
**Emma Stoun va Deyv MakKeri**
Bu voqea mashhur Saturday Night Live ko‘rsatuvida yuz bergan. MakKeri aktrisa uchun sketch yozgan. Chiqishga tayyorgarlik ko‘rish jarayonida ular o‘rtasida muhabbat paydo bo‘lgan va shundan so‘ng uchrasha boshlashgan.
2020-yilda Stoun va MakKeri yashirincha nikohdan o‘tgan, ko‘p o‘tmay esa farzandli bo‘lishgan.
**Enn Heteuey va Adam Shulman**
Heteueyning turmush o‘rtog‘i bir necha filmlarda rol o‘ynagan bo‘lsa-da, asosan zargarlik buyumlari tayyorlash bilan shug‘ullanadi.
Ular ilk bor umumiy do‘stlarning ziyofatida uchrashishgan. O‘sha paytda aktrisa firibgar bo‘lib chiqqan Rafaello Folleri bilan ajrashgan edi. Aldov qurboni bo‘lgan Heteuey yangi munosabatlardan o‘zini chetga tortardi, ammo Shulman sobiq erining butunlay aksi bo‘lib, Enn uchun juda mos kelardi.
Ular 2012-yilda Kaliforniyaning Big-Sur shahrida nikohdan o‘tishdi va hozirda ikki o‘g‘ilni tarbiyalamoqda. Turmush o‘rtog‘idan farqli o‘laroq, Adam ommaviy e’tibordan chetda yuradi.
**Jorj Kluni va Amal Kluni**
Gollivudning eng mashhur bo‘ydoq aktyori Jorj Klunining qachondir uylanishini kamdan-kam odam tasavvur qila olardi. 1989-yildan 1994-yilgacha davom etgan aktrisa Taliya Bolsam bilan nikoh uning oilaviy hayot unga mos emasligiga bo‘lgan ishonchini yanada kuchaytirdi. Yigirma yil davomida Kluni uylanmadi, hatto intervyularda qayta uylanmaslikka ont ichdi.
Biroq uning prinsiplarini o‘zgartirishga majbur qilgan ayol topildi. U britaniyalik-livanlik huquq himoyachisi Amal Alamuddin edi. Juftlik 2013-yilda uchrasha boshladi, atigi bir yil o‘tgach esa Venetsiyada turmush qurishdi. Hozirda er-xotin egizak farzandlar — o‘g‘illari Aleksandr va qizlari Ellani tarbiyalamoqda. Amal ba’zan qizil gilamda ko‘rinib qolsa-da, ko‘proq e’tibordan chetda qolishni ma’qul ko‘radi.
**Mettyu Makkonahi va Kamila Alves**
“Dallas xaridorlar klubi”da barchani lol qoldirgan Mettyu Makkonahi uzoq vaqt davomida bo‘ydoq sifatida tanilgan edi. Biroq 2006-yilda Los-Anjelesdagi barlarning birida vaziyat butunlay o‘zgardi. Braziliyalik fotomodel va dizayner Kamila Alves soqolli yigit mashhur aktyor ekanini payqamay, unga e’tibor ham bermadi. Ammo Mettyuning qat’iyatliligi o‘z natijasini berdi.
Rojdestvo kechalarining birida u Kamilaga turmush qurishni taklif qildi va 2012-yil iyun oyida Ostindagi ranchoda to‘ylari bo‘lib o‘tdi. Makkonahi va Alves oilasi deyarli 20 yildan beri ahil yashab kelmoqda. Ularning Levi, Vida va Livingston ismli uch farzandi bor.

