Odamsimon robotlar Useyn Bolt va Xaviyer Sotomayorning rekordlarini yangiladi
22-avgust kuni Pekinda Butunjahon robotlar oʻyinlari boshlandi. Musobaqalarning birinchi kunidayoq insonlar tomonidan oʻrnatilgan ikkita mashhur rekord yangilandi.

**Robotlar Useyn Bolt va Xaviyer Sotomayorning rekordlarini yangiladi**
Bir necha yil avval talabalar yigʻini sifatida boshlangan Butunjahon robotlar oʻyinlari bu yil dunyoning deyarli barcha yirik ommaviy axborot vositalarining diqqat markaziga aylangan yirik tadbirga aylandi. Norasmiy ravishda "robotlar Olimpiadasi" deb ataluvchi ushbu musobaqada 16 mamlakatdan 666 jamoa 2 mingdan ortiq robotlari bilan ishtirok etmoqda.
Musobaqada toʻliq avtonom, faqat akkumulyatorini almashtirish uchun inson yordamiga muhtoj boʻlgan robotlardan tortib, tashqi boshqaruvni talab qiladigan mashinalargacha boʻlgan turli xil robotlar qatnashmoqda. Ular nafaqat sport turlarida, balki kundalik hayotda foydali boʻlishi mumkin boʻlgan vazifalar, masalan, gaykani burash, shisha va turli chiqindilarni koʻtarish, hatto joy yigʻish boʻyicha ham bellashmoqda.
Pekindagi X-Humanoid odamsimon robototexnika innovatsiya markazi tomonidan yaratilgan robot 100 metr masofani 9,39 soniyada bosib oʻtib, yamaykalik Useyn Boltning 2009-yilda oʻrnatgan 9,58 soniyalik jahon rekordini yangiladi. Biroq, oʻyinlar rasmiy ochilishidan avvalroq Honor kompaniyasining Lightning roboti namoyish vaqtida undan ham tezroq – 9,32 soniya natija koʻrsatgan edi. Shuni taʼkidlash joizki, robotlar tez yugurishni yaxshi oʻrgangan boʻlsa-da, toʻxtashni yaxshi oʻzlashtirishmagan. Ular marraga yetganidan soʻng na toʻxtaydi, na buriladi, natijada toʻsiqqa borib urilib, parchalanib ketadi. Lightning bilan ham shunday boʻldi va u musobaqada qatnashmadi.
Lightning joriy yil aprelida yarim marafon masofasida 50 daqiqa 26 soniya natija bilan rekord oʻrnatgan edi. Bu efiopiyalik Yomif Kejelchaning 56 daqiqa 51 soniyalik jahon rekordidan ancha yaxshi natija hisoblanadi.
Yana bir rekord ham X-Humanoid robotiga tegishli boʻldi. U balandlikka sakrashda 2,88 metr natija qayd etdi. Kubalik mashhur sportchi Xaviyer Sotomayorning 1993-yildan beri hech kim yangilay olmayotgan rekordi esa 2,45 metrni tashkil etadi.
Butunjahon robotlar oʻyinlari 26-avgustgacha davom etadi.

