Odamlarni Oyga qaysi kompaniya olib boradi? NASA sinovlar jadvalini ochiqladi
NASA «Artemida» dasturi uchun SpaceX va Blue Origin yaratayotgan Oyga qoʻnish apparatlarining sinov jadvallarini taqdim etdi. Rejaga koʻra, 2027-yilda astronavtlar Yer orbitasida ularning Orion kemasi bilan tutashishini sinaydi. Keyingi bosqichda esa apparatlar ekipajsiz Oyga qoʻnib, odam tashishga tayyorligini koʻrsatishi kerak.

Odamlarni Oyga qaysi kompaniya olib boradi? NASA sinovlar jadvalini e’lon qildi
Space.com xabariga ko‘ra, ushbu jadvallarni NASA’ning inson ishtirokidagi qo‘nish tizimlari — Human Landing System dasturi rahbari vazifasini bajaruvchi Stiv Krich taqdim etgan.
2028-yil boshigacha orbitada yonilg‘i quyish, kemalarni tutashtirish va Oyga ekipajsiz qo‘nish kabi muhim sinovlar rejalashtirilgan. Ularning natijasi astronavtlarni Oy yuzasiga yetkazadigan apparatni tanlashda hal qiluvchi bo‘ladi.
«Artemida III» missiyasini 2027-yilning uchinchi choragida uchirish ko‘zda tutilgan. To‘rt astronavt Orion kemasida Yerning past orbitasiga chiqib, SpaceX va Blue Origin apparatlarining sinov nusxalari bilan tutashish amaliyotlarini bajaradi.
Bu missiyada Oyga qo‘nish rejalashtirilmagan. Uning vazifasi — kemalar tizimlarining o‘zaro mosligini tekshirish. Natijalarga asoslanib, NASA 2028-yil boshiga mo‘ljallangan «Artemida IV» missiyasida qaysi apparatdan foydalanishni belgilashi kerak.
SpaceX «Artemida III» uchun mavjud Starship V3 yuqori bosqichlaridan birini qayta ishlashni rejalashtirmoqda. Unga tutashish uzeli va burun qismining himoya qoplamasi o‘rnatiladi. NASA hujjatlariga ko‘ra, bu elementlarning mexanik mosligi bo‘yicha tekshiruvlar yakunlangan.
2027-yilning birinchi choragida Orion bilan hamkorlikda ishlash uchun zarur tizimlarni integratsiya qilish va astronavtlarga kabina trenajyorini taqdim etish ko‘zda tutilgan. Ikkinchi chorakda parvoz sinovlari, qo‘nish tayanchlarini tekshirish va ekipaj kabinasi shlyuzini sinash ishlari davom ettiriladi.
Biroq «Artemida III»da qatnashadigan Starship sinov nusxasida astronavtlar uchun kabina bo‘lmaydi. U Orion bilan tutashishni namoyish etishga mo‘ljallangan.
SpaceX oldidagi eng murakkab vazifalardan yana biri — orbitada kemalar o‘rtasida yonilg‘i o‘tkazish. Starship Oyga yo‘l olishi uchun Yer orbitasida qo‘shimcha yonilg‘i olishi kerak.
Buning uchun maxsus tanker kemalarni o‘ntagacha marta uchirish talab qilinishi mumkin. Ular yonilg‘ini orbitadagi saqlash apparatiga yetkazadi, Oyga boradigan kema esa shu yerda yonilg‘i zaxirasini to‘ldiradi. Kompaniya juda past haroratdagi yonilg‘ini kosmosda ishonchli saqlash va bir apparatdan boshqasiga o‘tkazishni isbotlashi lozim.
«Artemida III»ning Yer orbitasidagi sinovlari uchun bunday yonilg‘i quyish talab etilmaydi. SpaceX Oyga mo‘ljallangan ekipajsiz Starship’ni 2027-yil uchinchi choragi oxiri yoki to‘rtinchi choragi boshida uchirib, yil yakunigacha Oyga qo‘ndirishni rejalashtirmoqda.

