“Odamlar norozi bo‘lmasa, sayyor qabullarga kelmasdi”. Oliy sud raisining sayyor qabuli qanday o‘tdi? Reportaj
Oliy sud, Sudyalar oliy kengashi rahbariyati va boshqa rasmiylar Toshkentdagi 'O‘zekspomarkaz' binosida sayyor qabul o‘tkazdi. Unda aholining 1279 ta murjaati tinglandi, 41 tasi joyida hal bo‘ldi. Oliy sud raisi Robaxon Mahmudovaning o‘zi 218 nafar murojaatchini qabul qildi. Gazeta reportaji.

"Odamlar norozi bo'lmasa, sayyor qabullarga kelmasdi". Oliy sud raisining sayyor qabuli qanday o'tdi? Reportaj
8-avgust kuni Toshkent shahridagi "O'zekspomarkaz"da Oliy sud raisi, Sudyalar oliy kengashi rahbari, Toshkent shahri va Toshkent viloyati sudlari raislari va ularning o'rinbosarlari tomonidan Toshkent shahri va Toshkent viloyati aholisi uchun ommaviy sayyor qabul tashkil etildi.
Qabul soat 10:00 da boshlanib, 22:00 gacha davom etdi. Gazeta muxbiri Otabek Turdiyev 10:00 dan 14:00 gacha "O'zekspomarkaz"da bo'lib, jarayonni kuzatdi.
Oliy sud matbuot xizmatining ma'lumotiga ko'ra, qabul davomida 854 ta ish bo'yicha 1279 kishining murojaati tinglandi. 403 ta shikoyat (ariza) qonunda belgilangan tartibda ko'rib chiqish uchun qabul qilindi, 410 ta murojaat yuzasidan huquqiy tushuntirish berildi. 41 ta murojaat qabul jarayonining o'zida ijobiy hal etildi.
Qabulga kelgan fuqarolar ro'yxatga olish burchagida shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarini taqdim etdilar. Sud xodimlari ularni yagona ochiq muloqot sayti orqali ro'yxatdan o'tkazdilar. Shundan so'ng fuqarolar tegishliligiga qarab jinoyat, ma'muriy, fuqarolik va iqtisodiy ishlar bo'yicha sudyalarga yo'naltirildi.
Murojaatchilarning aksariyati Oliy sud raisi Robaxon Mahmudova qabuliga kelganini ko'rish mumkin edi. Eshik oldida biroz tiqilinch va tartibsizlik ham yuzaga keldi. Robaxon Mahmudova 218 nafar murojaatchini tingladi. Ulardan 161 ta ariza kelib tushgan bo'lib, 120 ta ariza o'rganish uchun qabul qilindi.
"Shuncha fuqarolar kelibdi, baribir suddan umid qilyapti-da. Rahbarlar eshitsa, natija boshqacharoq bo'ladi, degan fikrlari bor," — deydi Oliy sud raisining o'rinbosari Malika Qalandarova. — "Qonunlarimiz hammaga barobar, ammo quyi instansiyada ilg'anmay o'tib ketgan narsalarga yechim topishga harakat qilamiz. Ayrim bo'shliqlar bor, masalan, qonunchilikda. Mana shu sayyor qabullar natijasida ayrim takliflarimiz shakllanyapti. Masalan, bir tadbirkorlik subyekti huquqiy masala bilan kelgan. Xalqaro miqyosda ijroni tan olish, ijroga qaratish masalalari bor deyapti. Shu joyda xalqaro shartnomalarni qabul qilish kerakmi deb fikrlar ham bildirishyapti."
U, shuningdek, fuqarolarning sudga vaqtida murojaat qilmasligi va "17-19 yildan beri ovoraman" deb kelishlarini salbiy baholadi. Aholi o'rtasida huquqiy madaniyatni oshirish kerakligini ta'kidlagan Qalandarova "iqtisodiy sudlarda muddatlar bor, xohlasak-da, protsessual qonunchilikni buzolmaymiz" dedi.
Malika Qalandarova. Foto: Gazeta
Inson huquqlari bo'yicha "Ezgulik" jamiyati rahbari Abdurahmon Tashanovning aytishicha, "odamlar norozi bo'lmasa, bunaqa sayyor qabullarga kelmaydi".
"IIVning sayyor qabuliga o'xshab o'tkazishmoqchi bo'lishdi, hozircha yomon emas. Lekin ideal deb ham bo'lmaydi. Tartibsizliklar bo'yicha aytadigan bo'lsam, IIVda bu bo'yicha barcha xodimlar vaziyatni tartibga solishadi, resurslari ham ko'p. Bu yerda hozir biroz faollikni ko'ryapmiz, dam olish kuni bo'lishiga qaramay, hatto Oliy sud raisi, o'rinbosarlari va barcha sudyalar odamlarning murojaatlarini qabul qilishyapti. Lekin bu sud tizimi zo'r bo'lib ketdi degani emas. Agar adolatli hukmlar bo'laversa, sayyor qabullarga bu qadar ko'p odam kelmaydi," — deydi u.
Abdurahmon Tashanov. Foto: Gazeta
Oliy sud raisi Robaxon Mahmudova jurnalistlarga bergan intervyusida keyingi sayyor qabul Jizzax va Sirdaryo viloyatlari aholisi uchun tashkil qilinishi haqida gapirib o'tdi.
Gazeta muxbiri qabulga kelganlarning qanday mavzularda murojaat qilayotganiga qiziqdi va ularning ayrimlari bilan suhbatlashdi.
G'ulomjon Ilhomov, Toshkent shahri
"Bizlar 2023-2024-yillarda Credit House va In-fin-stroy Invest bilan notarial shartnoma qilib, Yunusoboddagi Bog'ishamol obyektidan 48 ta xonadon sotib olganmiz. Boshlang'ich 30-40 foiz to'lov qilganmiz, qolganini uyimizning kvadratiga qarab oyma-oy — kimdir 5 million, kimdir 7 million, kimdir 10 million so'mdan to'lab kelgan.
Uylarni "korobka" holatida olganmiz. O'zimiz eshiklarini qo'yib, ta'mirlab, yashash holatiga keltirganmiz. Har bir xonadon egasi bunga ancha mablag' sarflagan.
Biz bexabar edik, keyin bilsak, In-fin-stroy Invest bizga sotilgan va biz yashab turgan xonadonlarni Anorbank'ga garovga qo'yib, kredit olgan ekan.
2025-yilda kompaniyaga nisbatan jinoiy ish qo'zg'atilib, hisob raqamlari bloklangan. Shundan keyin biz shartnoma bo'yicha to'lovlarni ham davom ettira olmay qolganmiz. Keyinchalik Anorbank In-fin-stroy Invest'ni sudga bergan va uylarimizni undiruvga qaratish bo'yicha qaror chiqqan.
Hozir bizni uylarimizdan chiqarib yuborish va MIB orqali sotib yuborish xavfi bor. Bu 48 ta xonadon, ya'ni 200 dan ziyod odamning ko'chada qolishiga olib kelishi mumkin.
Bugun 48 ta xonadon nomidan besh kishi sudya qabulida bo'ldik. Bizga bankning uylarimizga qo'ygan garovini bekor qilish taklifi berildi. Shuningdek, kredit shartnomasini bekor qilish bo'yicha Anorbank'ga ariza kiritish aytildi.
Ariza kiritish uchun uyning shartnoma summasidan kelib chiqibmi, garovga qo'ygan summasidanmi — aniq bilmadim — 2 foiz boj to'lash kerak ekan. Masalan, 800 million so'mlik uy bo'lsa, 2 foizi 16 million so'm bo'ladi. Bu pulni to'lashga ayrim jabrlanuvchilarning imkoniyati yetmaydi. O'zi jabr ko'rib turibmiz, yutqazib qo'ysak, yana jabr.
Lekin bizning ham o'z taklifimiz bor. Ya'ni bank bilan qonuniy yo'l orqali kelishib, kredit bo'yicha to'lovlarni oyma-oy davom ettirishga tayyormiz. To'lovdan qochmaymiz, faqat uylarimizni nomimizga rasmiylashtirib berishlarini so'raymiz."
To'lqin Zakirov, tadbirkor
"2012-yilda MXX tomonidan nomimizdagi to'rtta AYOQSH tortib olinib, noqonuniy ravishda sotib yuborilgan. O'sha paytda ham sudlar mustaqil emas edi, sudlarga aytib, hamma mulklarimni oldirib qo'ygan. O'zimni jinoiy javobgar qilib, 12 yilga qamab yuborishgan. 2017-yilga kelib, prezidentimiz kim MXXdan jabr ko'rgan bo'lsa, murojaat qilsin degandi. Murojaat qilganimizda to'liq oqlandim.
To'lqin Zakirov. Foto: Gazeta
Lekin bugungi kungacha mulklarimizni qaytarib ololmayapmiz. Mulklarimizni olgan tomon hozirgi kungacha sudlarga bosim o'tkazib, mulkimizni bermayapti. Sudyalar ham taftish tayinlamayotgan edi. Hozir Oliy sud raisi Robaxon Anvarovna qabuliga kirib chiqdik. Endi obyektiv ko'rib, taftish tayinlashga ijobiy xulosa berdi. Ko'ramiz, qani, qanaqa holat bo'ladi."
Abdurahmon Tashanov, Inson huquqlari bo'yicha "Ezgulik" jamiyati rahbari
"Hozir bloger Sirojiddin Odilov ishi bo'yicha qabul bo'ldi. Bizni Oliy sud raisining birinchi o'rinbosari eshitdi. Undan tashqari, Nozim Abdullayev ishi, ya'ni qiynoqlar masalasi bo'yicha men harbiy prokuratura tomonidan javobgarlikka ham tortilgan edim. Ikkita ish ham hozircha yaxshi, qabul qilishdi. Hamma imkoniyatlarni yaratib beramiz deyishdi. Biz biror-bir imtiyoz so'rayotganimiz yo'q, bizga kurashish uchun maydon yaratib bering, biz sudda o'z yo'limiz bilan kurashamiz dedik. Endi shunga imkoniyat yaratib beradigan bo'lishdi.
"Sirojiddin Media" bo'yicha Jizzax shahri sudida hozir muzokara bosqichi ketyapti. Keyingi haftaning seshanba kuni (18-avgust) muzokara bo'ladi va so'nggi so'zdan keyin hukm e'lon qilinadi. Sud jarayonlarida himoyachi sifatida va advokatlar Sirojiddin Odilovning aybi yo'qligini to'liq isbotlab berdik. Endi u ozod qilinadi degan umiddamiz."
Feruza Toshpo'latova, Toshkent viloyati Ohangaron tumani
"2023-yil 25-iyun kuni Toshkent viloyati Bo'ka tumani IIB xodimlari tomonidan o'g'limni narkotik bilan bog'liq jinoyatga aralashtirish maqsadida soxta tadbir uyushtirildi.
Albert Fayzullin ismli bola o'g'limga Bo'kada to'xtab tur, uydagilarim narsa berib yuboryapti degan. Bekoboddan Damas mashinasida kelgan Alisher Yusupov bo'yoq idishiga berkitilgan narkotikni olib kelib, o'g'limning qo'liga tutqazib qo'ygan. Shundan so'ng o'g'lim Bo'kada, ichki ishlar va prokuratura yonida ushlangan. Albert Fayzulinni bu ishning asosiy tashkilotchilaridan biri deb hisoblayman. Uning Tojikistonga qochib ketganiga uch yil bo'lgani operativ xodimlar tomonidan ham aytilgan, ammo haligacha topilmadi. Yusupov Alisher ham sudda qatnashmayapti.
O'g'limga 12,5 yillik qamoq jazosi berilgan. Biz sud qaroridan norozimiz. O'g'limni Buxoro viloyati Qorovulbozordagi og'ir tartibdagi koloniyaga joylashtirishgan. Taftish sudida uning onlayn qatnashishiga ham ruxsat berilmadi, guvohlar chaqirilmadi. Faqat bir nafar operativ xodim chaqirildi, u esa advokat savollariga to'liq javob bera olmadi. Shunga qaramay, sud qarori o'zgarishsiz qoldirildi.
Feruza Toshpo'latov. Foto: Gazeta
Bu masala bo'yicha 40 martadan ortiq murojaat qildim. Prezident administratsiyasiga, Toshkent viloyati sudi va prokuraturasiga murojaat qildim, ammo murojaatlarim xolisona o'rganilmayapti.
O'g'lim avval ham sudlangan. 18 yoshida zo'rlashga urinish bo'yicha yetti yil qamoqda bo'lgan, keyin esa "da'vomiz yo'q" deb yozib berishdi. Jazosini o'tab chiqqanidan keyin yana shunaqa ishlarga aralashtirishdi deb hisoblayman. O'g'limning aybi bor deb o'ylaganimda, bu qadar sarson bo'lib yurmagan bo'lardim.
Endi Oliy sudga yana taftish tartibida murojaat qilamiz. Asosiy talabim — ishni xolisona qayta ko'rib chiqish, narkotikni olib kelgan va ishga aloqador deb hisoblayotgan shaxslarni topish, guvohlarni chaqirish va haqiqatni aniqlash."
Isomiddin Eshonqulov, Jizzax viloyati G'allaorol tumani
"Yer masalasi bo'yicha bir necha yildan beri sudlashib kelyapmiz. Menda umumiy 2,2 gektar yer maydoni bo'lgan, avvalroq shundan 1,1 gektarini boshqa shaxslardan sud orqali qaytarib olganman. Bu joy ilgari "Yoshlar — kelajagimiz" davlat dasturi asosida boshqa shaxslarga ajratilgan va u yerda qurilishlar qilingan. Keyinchalik bu ajratish qonun hujjatlari va normalarga zid bo'lgani sababli G'allaorol tumani bosh arxitektori sudlangan.
Qurilgan imoratlarning bir qismi sud qarori asosida buzilgan. Qolgan qismini buzdirish jarayonida narigi tomon ichki ishlarga ariza yozib, jinoyat ishi qo'zg'attirgan. Menimcha, shu jinoyat ishi orqali mening yer ijara shartnomamni soxta deb chiqarib, yerimni tortib olishmoqchi.
Jinoyat ishida kadastrda ishlagan Imomqul Abduqulov va marhum otam Ummatqul Eshonqulov ham ishga jalb qilingan. Sud hujjatlarida esa Imomqul Abduqulovning kadastr organlarida ishlagan yoki ishlamagani bo'yicha qarama-qarshi xulosalar mavjud. Bir sud hujjatida u kadastr organlarida ishlagani ko'rsatilgan bo'lsa, boshqa sud hujjatida "umuman ishlamagan" degan xulosa berilgan.
Otam ham Imomqul Abduqulovning ko'rsatmasi asosida ishga sherik qilingan. Go'yoki otam undan hujjatni soxtalashtirib berishni so'ragan degan gap bo'lgan. Vaholanki, "Serquyosh yurt fayzi" fermer xo'jaligining rahbari menman va xo'jalik ishlarini ham o'zim yuritganman. Otam bu ishlarga aralashmagan.
Otam 2025-yil 4-fevralda vafot etgan. 7-fevral kuni esa narigi tomon menga nisbatan ariza yozgan. Menimcha, otam hayotligida ular bunday ishni qila olmasdi.
Isomiddin Eshonqulov. Foto: Gazeta
Bugun Oliy sudga shu masala bo'yicha keldim. Oliy sud raisining jinoyat ishlari bo'yicha sudlov o'rinbosari Alisher Usmonovga ariza bilan murojaat qilmoqchi edim. Ammo ish Oliy sudning taftish instansiyasida hali ko'rilmagani sababli qabul qilishmadi.
Men faqat ishni adolatli ko'rib chiqishlarini so'rab keldim. Hozir ish Jizzax viloyati taftish instansiyasida ko'rib chiqilishini kutyapman. Umid qilamanki, ish adolatli ko'rib chiqiladi."

