Odamlar dardini gapirgan hokim, valyuta xaridi va sud tizimida o‘zgarishlar - hafta dayjesti
“Na chipta bor, na sharoit”: Surxondaryo hokimi poyezdlardagi ahvol va aviachipta narxlarini tanqid qildi. Shilqimlikka uchragan qizlarga jarima: ayrim sudyalar aybdorga qo‘shib, jabrlanuvchini ham jazolamoqda. Bir vaqtlar tasavvurga ham sig‘magan qulaylik: endi hech qanaqa hujjatsiz bankdan 500 dollar naqd valyuta olish mumkin. Yakunlangan haftaning O‘zbekiston hayotiga oid shu va boshqa muhim voqealari – Kun.uz dayjestida.

**Hafta dayjesti: Hokimning xalq dardini tinglashi, valyuta xaridi va sud tizimidagi yangiliklar**
**Prezident Administratsiyasi to‘g‘risidagi qonun**
O‘zbekistonda davlat boshqaruvi sohasidagi so‘nggi yillardagi eng muhim qonunlardan biri – “Prezident Administratsiyasi to‘g‘risida”gi konstitutsiyaviy qonun qabul qilindi. Ushbu qonun 14-avgust kuni e’lon qilinib, shu kundan boshlab kuchga kirdi. U Administratsiyaning maqomi, vazifalari va vakolatlarini aniq belgilab beradi.
Qonunga ko‘ra, Prezident Administratsiyasi davlat rahbarining faoliyatini tashkiliy, huquqiy va tahliliy jihatdan ta’minlaydi. Shuningdek, prezident qarorlari va topshiriqlari ijrosini nazorat qiladi, kuch ishlatishga vakolatli tuzilmalar faoliyatini muvofiqlashtiradi, ichki va tashqi siyosatning asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha takliflar ishlab chiqadi, kadrlar siyosatini yuritadi va boshqa ko‘plab vazifalarni bajaradi.
Administratsiya rahbarining farmoyishlari va topshiriqlari barcha davlat organlari, korxona va tashkilotlar hamda mansabdor shaxslar tomonidan bajarilishi majburiy hisoblanadi. Administratsiya rahbarining farmoyishlari normativ-huquqiy hujjatlar tizimida Vazirlar Mahkamasi qarorlaridan ustun turadi. Administratsiya rahbari muhim masalalar yuzasidan prezidentga tahliliy axborotlar kiritadi, kadrlar bo‘yicha qarorlar qabul qilinishida muhim rol o‘ynaydi, bir vaqtning o‘zida Prezident huzuridagi Xavfsizlik kengashi raisining o‘rinbosari sifatida xavfsizlikka oid davlat siyosatini yuritishda ham ishtirok etadi.
Qonunga binoan, Administratsiya mansabdorlari oila a’zolari bilan birga yuqori darajadagi moddiy va ijtimoiy ta’minot, xavfsizlik, daxlsizlik va immunitet kafolatlariga ega. Administratsiya mansabdorlarini jinoiy javobgarlikka tortishga, ularga nisbatan surishtiruv yoki tergov o‘tkazishga yo‘l qo‘yilmaydi. Bunday immunitet Administratsiya mansabdorlarida umrbod saqlanib qoladi. Status bo‘yicha ikkinchi darajali mulozimlar – boshqaruv xodimlariga ham qator kafolatlar belgilangan.
Qizig‘i shundaki, lavozimdan ketganidan keyin ham, ya’ni umrbod saqlanib qoladigan daxlsizlik huquqi Administratsiyadagi eng taniqli mulozimlardan biri Ruslanbek Davletovga nasib qilmadi. Chunki u ushbu qonun imzolanishidan bir kun oldin ishdan olingan edi. 2017-2022 yillarda adliya vaziri bo‘lgan Davletov, to‘rt yildan buyon Administratsiyada prezident maslahatchisi bo‘lib ishlagan. U turli yillarda ijtimoiy-siyosiy, diniy va yoshlarga oid masalalar, shuningdek, vakillik organlari va nodavlat-notijorat tashkilotlar bo‘yicha davlat rahbariga maslahatchilik qilib kelayotgandi.
Uning o‘rniga navoiyshunos olim, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori Olim Davlatov O‘zbekiston prezidentining vakillik organlari, nodavlat notijorat tashkilotlar va yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi etib tayinlandi. U oxirgi to‘rt yildan buyon Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi huzuridagi Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar instituti direktori lavozimida ishlab kelgan. Olim Davlatov “Alisher Navoiy she’riyatida Qur’on oyatlari va hadislarning badiiy talqini” mavzusida PhD dissertatsiyasini himoya qilgan.
**Sun’iy intellektda ishlangan “ko‘rgazmali suratlar”**
Mustaqillik bayrami arafasida respublika bo‘ylab mahallalarni obod va ko‘rkam ko‘rinishga keltirish ishlari davom etmoqda. Bu jarayonda Navoiy shahridagi holat ko‘pchilikning e’tiborini tortdi. Gap shundaki, shahar hokimligi Hayot mahallasida qilingan ishlar haqida o‘z Telegram-kanalida e’lon qilgan suratlarda sun’iy intellektdan foydalanilgani odamlar e’tiborini tortdi. Suratlarda fasad qismi ko‘chib ketgan hovli uylar devori bo‘yalgani, ayrim joylarda hatto yashil maysalar ham go‘yoki tezda unib chiqishga ulgurgani aks etgan.
Ko‘p o‘tmay Navoiy shahri hokimligi e’lon qilingan suratlar sun’iy intellekt mahsuli ekanini tan olib, jamoatchilikdan uzr so‘radi va “e’tiborsizlikka yo‘l qo‘ygan” mas’ullarga ogohlantirish berilganini ma’lum qildi. Hokimlikka ko‘ra, mahalladagi o‘zgarishlarni “ko‘rgazmali va sifatliroq formatda” taqdim etish maqsadida sun’iy intellektdan foydalanilgan, lekin suratlar “tekshiruvdan o‘tkazilmasdan” e’lon qilib yuborilgan. Shu bilan birga, Hayot mahallasida haqiqatan amaliy ishlar qilinganini ko‘rsatish uchun ishlov berilmagan haqiqiy suratlar ham taqdim etildi.
Navoiy shahar hokimligidan farqli ravishda, boshqa hech qaysi rahbar “Dolzarb 40 kunlik” doirasidagi nomaqbul ishlari uchun uzr so‘ramadi. Xususan, bir ayolning uyiga kirib, uning sha’ni va qadr-qimmatini kamsitgan, shaxsiy hayot daxlsizligini buzgan Shahrisabz tumani hokimidan sado chiqmadi. “Sharmandali mahalla” va “Uyatli xonadon” bannerlari bilan mashhur bo‘lgan Chinoz tumani hokimi esa, agar aybi bo‘lsa, uzr so‘rashga tayyorligini bildirdi.
Sherzod Salihovning aytishicha, mahalla va xonadonlarga “Sharmandali mahalla” va “Uyatli xonadon” yozuvli plakatlarni ilish tashabbusi uning o‘zidan chiqqan, hech kim unga bunday topshiriq bermagan. “Bu – o‘zimning tashabbusim. Yig‘ilish oxirida agar aytilgan vazifalarni bajarmasalaring, shunaqa qilinadi, deb aytganman. Lekin bu hech qayerda joriy qilinmadi. “Sharmandali mahalla” degan banner yopishtirilib, yana o‘sha zahoti ko‘chirib olib ketilgan. Faqat ijtimoiy tarmoqqa chiqarish uchun videoga olingan. Lekin birorta xonadonga, birorta mahallaga osib qo‘ymaganman. Shunaqa bo‘lishini ko‘rsatib, yana qaytarib olib qo‘yganmiz”, – dedi Chinoz hokimi Daryo'ga bergan izohida.
Uning aytishicha, bu holatni har xil talqin qilayotganlar “bir kun hokim bo‘lib ishlasa, vaziyatni tushunadi”. “Hamma har xil talqin qilyapti buni. Lekin o‘sha talqin qilayotganlar bir kun kelib hokim bo‘lib, xalq bilan ishlasa, vaziyatni tushunadi. Biz kimningdir uyiga tazyiq bilan kirib emas, tushuntirib targ‘ibot qildik. Buni tashviqotning bitta ko‘rinishi deb qabul qilishsa, menimcha, to‘g‘ri talqin bo‘ladi. Balki qaysidir joyda sal qo‘pollashib ketgandirman. Beayb parvardigor. Aybimiz bo‘lsa, uzrimizni so‘raymiz”, – degan Salihov.
Chinoz tumani hokimi “kimningdir uyiga tazyiq bilan kirmadik” deganda, Shahrisabzdagi hamkasbi Samad Hasanovga ishora qilgan bo‘lsa, ajab emas. Eslatib o‘tamiz, Hasanovning qilmishi yuzasidan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Qashqadaryo viloyati hokimligiga taqdimnoma kiritgan.
**“Temiryo‘lda umuman sharoit yo‘q” – Ulug‘bek Qosimov**
Avtomobil yo‘llarimiz ayrim joylarda shunchalik rasvoki, odamlar dodlab yuboryapti. Poyezdda yuray desang, tanish-bilishsiz chipta topib bo‘lmaydi, topganingda ham vagon ichida nafas olib bo‘lmaydi – manzilingga yetguningcha kasal bo‘lib qolasan. Samolyotda boray desang, umuman sharmanda – aviachiptalar narxi ikki barobar oshib ketgan. Transport prokuraturasi, Raqobat qo‘mitasi kabi tashkilotlar esa – tomoshabin.
Bu – bizning gaplarimiz emas, bu – Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimovning tanqidlari. U Jarqo‘rg‘on tumaniga tashrifi vaqtida hokimlar uchun ancha noodatiy va tanqidiy nutq so‘zlab, transport sohasi mas’ullarining po‘stagini qoqdi:
“Surxondaryo aholisini Toshkent bilan bog‘lovchi M-39 yo‘lini hamma yaxshi bilib turibdi. Boysundan o‘tgandan keyin yurib bo‘lmaydi. Taksichilarimiz, avtobuschilar dodlab yuboryapti. Yuziga qarashga ko‘zimiz qolmadi.
Temiryo‘lda umuman sharoit yo‘q. Vagonga mingan odam Toshkentga borguncha kasal bo‘lib qolyapti. Na sovutish tizimi ishlaydi, na sharoit bor, na bilet bor, na vokzalda sharoit bor... Termizdan Sariosiyoga qatnaydigan poyezdlarda odam tashib bo‘lmaydi. Transport prokurori – tomoshabin. Ey, og‘ayni, mansabdor odam obro‘ni mehnat bilan oladi. Umuman sharoit yo‘q. Qanday odam tashiyapsan uning ichida? Transport boshqarmasi qayerga qaraydi?
Aviabiletlarda umuman sharmanda: narxi ikki baravar bo‘lib ketgan. Monopoliya degan tashkilot – tomoshabin. Qanday borsin kambag‘al odam, bilet narxiga qarab bo‘lmaydi. Tanish-bilishsiz bilet topib bo‘lmaydi...
Prezidentimiz temiryo‘ldan yurib, qancha e’tiroz qildi? Bir hafta ichida shahar atrofi poyezdlarini ham, Toshkentga qatnaydigan poyezdlarni ham to‘liq jihozlaysiz. Odam minadigan sharoit qilib, nima talab qo‘yilgan bo‘lsa, qilinishi shart. Biletni monopoliya to‘liq tahlil qilib chiqsin. Kompaniya odamlarga necha pul ustama qo‘yib o‘tiribdi?
Odamlarimizga rahmat-ye, indamay minib ketib boryapti. Student, qari odamlar... Nafas olib bo‘lmaydi uning ichida. Prokuror chiqadimi unga, yuragi ko‘tarmaydi, vaqti yo‘q... Operativ xodimlaring qayerga qarayapti? Temiryo‘lning o‘zining “SES” degan tashkiloti bormi, qayerga qaraydi?”
Surxondaryo hokimi poyezdlar, vokzallar va aeroportlardagi sharoitlarni yaxshilashga bir hafta muddat bergan, shuningdek, Raqobat qo‘mitasi hududiy boshqarmasiga “10 so‘mlik chiptalar sun’iy to‘siqlar bilan 25 so‘mdan sotilayotgani, tanishi borlar chipta olayotgani” bilan bog‘liq muammolarni hal etishni buyurgan. Uning yuqoridagi tanqidlariga temiryo‘l va aviatsiya sohalari mas’ullaridan rasmiy munosabat bo‘lmadi.
**Shahvoniy shilqimlik jabrlanuvchilariga jazo**
Shahvoniy shilqimlik bilan bog‘liq sudlarda ko‘rilgan ikkita holat oxirgi paytlarda jamoatchilik e’tiborini tortdi. Har ikkala holatda ham 18 yoshli qizlar shahvoniy shilqimlikka uchragan, lekin qizig‘i, sudlar o‘zini himoya qilgan qizlarni ham aybdorga qo‘shib javobgarlikka tortgan.
Birinchi holat Sirdaryo viloyati Sayxunobod tumanida ro‘y bergan. Sport maktabida murabbiy bo‘lib ishlovchi 26 yoshli erkak sobiq o‘quvchisi bo‘lmish 18 yoshli qizni xiyobonda uchratib qolib, unga jinsiy aloqa qilishni taklif qilgan. Bundan jahli chiqqan qiz ustozi bilan janjallashib ketgan. Sudda erkak aybiga to‘liq iqror bo‘lib, shahvoniy shilqimlik moddasi bo‘yicha 5 sutkaga qamalgan va, e’tiborlisi, jabrlanuvchi qiz ham jamoat joyida baqir-chaqir qilgani uchun mayda bezorilikda ayblanib, 1,2 mln so‘m jarimaga tortilgan.
Sud qarori tarmoqlarda tanqidlarga sabab bo‘lgach, ish apellyatsiyada qayta ko‘rib chiqildi va qiz hech qanday huquqbuzarlik sodir etmagan deb topilib, jarima bekor qilindi. Sirdaryo viloyati sudlari xabariga ko‘ra, mazkur ish bo‘yicha surishtiruv olib borgan profilaktika inspektori va birinchi instansiya tergov sudyasiga nisbatan taqdimnoma kiritilgan.
Shunga o‘xshash ikkinchi holat Namangan shahrida kuzatildi. U yerda 66 yoshli erkak avtobusda 18 yashar qizning son qismidan ushlab, unga shahvoniy shilqimlik qilgan. Qiz esa bunga javoban erkakka qo‘l ko‘targan. Namangan shahar sudi bu holatda erkakka 824 ming so‘m, qizga esa shilqimni urgani uchun 206 ming so‘m jarima tayinlagan. Keyinchalik apellyatsiya sudi tomonidan qiz o‘z harakatini zaruriy mudofaa holatida sodir etgani e’tirof etildi va tayinlangan jazo bekor qilindi. Uning sonini ushlagan erkakning jazosi esa og‘irrog‘i bilan almashtirildi.
**Sud tizimida nimalar o‘zgaradi?**
O‘zbekistonda 2030-yilga qadar xalqchil va adolatli sud tizimini barpo etish strategiyasi qabul qilindi. Strategiya loyihasini davlat rahbariga Oliy sudning yangi raisi Robaxon Mahmudova taqdimot qildi va shu kuni imzolangan prezident farmoni bilan, “Odil sudlov – 2030” strategiyasi tasdiqlandi.
Unga ko‘ra, ayni bir sud o‘zi chiqargan qarorni o‘zi qayta ko‘rib chiqishi amaliyotiga chek qo‘yish va odamlarning adolat izlab Toshkentga qatnashiga zaruratni kamaytirish maqsadida, viloyat sudlarining qarorlarini qayta ko‘rish bilan shug‘ullanuvchi beshta hududlararo sudlar tashkil etiladi. Odamlarning eng ko‘p ishi tushadigan fuqarolik sudlari ham odamlarga yaqinlashib, deyarli barcha tuman-shaharlarda ishlay boshlaydi. Iqtisodiy sudlarda esa nizolarni tezkor hal etish, tadbirkorlarning idorama-idora sarson bo‘lishi va hujjatlarni qayta-qayta topshirishiga chek qo‘yish uchun “iqtisodiy ishlarni proaktiv boshqarish” standarti joriy etiladi.
Shuningdek, tergov sudyalarining qamoqqa olishga sanksiya berishni rad etish bo‘yicha vakolatini kengaytirish, yagona sud amaliyotini ta’minlash maqsadida “Pretsedentlar reyestri”ni yuritish, “Raqamli sud” konsepsiyasi doirasida sudlarga murojaatlarning kamida 50 foizi elektron shaklda berilishiga erishish ko‘zda tutilgan. Kutilayotgan tartibga ko‘ra, agar kelib tushgan ariza boshqa sudga taalluqli bo‘lsa, ariza qaytarib yuborilmaydi: bunday holatda arizani olgan sudning o‘zi uni tegishli sudga yo‘naltirishi kerak.
Bundan tashqari, sudyalarni har xil tashkiliy ishlardan ozod qilish va ular faqat odil sudlov bilan shug‘ullanishiga sharoit yaratish maqsadida, xalqaro andozalarga mos “sud ma’murchiligi” instituti joriy etiladigan bo‘ldi. Sud apparati xodimlari uchun maxsus xizmat kiyimi ham amaliyotga kiritiladi. Xizmat kiyimining joriy etilishi – sud xodimlarini oson tanib olish imkonini berishi va ularning kasbiy mas’uliyatini oshirishga xizmat qilishi aytilyapti.
Shavkat Mirziyoyev: “Odamlar suddan rozimi degan savol ko‘ndalang turibdi”
**Bu hafta yana nimalar ro‘y berdi?**
**Bolaga familiya berish tartibi o‘zgartirildi.** Oila kodeksiga shu hafta kiritilgan o‘zgarishga binoan, bundan buyon bolaga otasining ismi ham familiya sifatida berilishi mumkin. Bunday holatlar amaliyotda uchrab turgan bo‘lsa ham, ushbu qoida kodeksda nazarda tutilmagan edi. Oila kodeksi bo‘yicha, bunga qadar bolaga otasi yoki onasining familiyasi berilishi, yo bo‘lmasa otasi yoki onasi tomondan bobosining ismi bo‘yicha familiya qo‘yilishi mumkin edi. Yangi tartib esa otalarga o‘z ismini farzandiga familiya qilib berishga ruxsat beradi. Mazkur qonun bilan, shuningdek, xususiy arxivlar faoliyatiga ham ruxsat berilmoqda.
**Bankdan naqd valyuta sotib olish tartibi liberallashtirildi.** Endilikda banklardan 500 dollargacha naqd valyutani pasportsiz sotib olish mumkin. 9-avgustgacha bu chegara 100 dollar edi. Shuningdek, agar 500 dollardan ko‘proq naqd valyuta olmoqchi bo‘lsangiz yoki boshqa turdagi bank xizmatlaridan foydalanmoqchi bo‘lsangiz, endi shaxsni tasdiqlovchi hujjat albatta yoningizda bo‘lishi shart emas: pasport yoki ID-kartaning elektron shaklini MyGov va “Ijtimoiy karta” ilovalari orqali ham bank xodimiga taqdim etsa bo‘ladi. Eslatib o‘tamiz, joriy yil 22-maydan kuchga kirgan hukumat qaroriga asosan, MyGov ilovasidagi hujjatlar, xususan haydovchilik guvohnomasining elektron shaklini ichki ishlar xodimlari ham qabul qilishi kerak, lekin vazirlik bu talabni amalda bajarishni paysalga solib kelmoqda.
**Ukraina dronlarining Tataristonga hujumida 8 nafar o‘zbekistonlik halok bo‘ldi.** Nijnekamsk shahriga uyushtirilgan tungi hujumda dronlardan biri sanoat zonasida joylashgan, qurilish ishchilari yashayotgan hostelga kelib urilgan. Oqibatda 13 kishi, xususan 8 nafar o‘zbekistonlik va bir tojikistonlik halok bo‘ldi. Marhum yurtdoshlarimiz jasadlari O‘zbekiston Mudofaa vazirligi samolyotida vatanga olib kelindi. Ukraina tomoni fuqarolik ob’yekti bo‘lmish hostelga qilingan hujum va uning oqibatlari yuzasidan munosabat bildirmadi. Kun.uz suhbatlashgan siyosatshunoslar ta’kidicha, rasmiy Kiyev O‘zbekiston tomoniga hamdardlik bildirishi, halok bo‘lganlarning oilalaridan uzr so‘rashi va kompensatsiya masalasini ko‘rib chiqishi kerak.
**Markaziy Osiyo energetika tizimida o‘zaro bog‘liq uzilishlar ro‘y berdi.** 14-avgust kuni tushdan keyin O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistonning qator hududlarida deyarli bir vaqtda elektr ta’minoti uzilishi kuzatildi. O‘zbekiston Energetika vazirligi qo‘shni mamlakatda ro‘y bergan avariya mintaqaning yagona energotizimiga ta’sir qilgani va avariyaga qarshi avtomatika ishlaganini ma’lum qildi, ammo qaysi mamlakat haqida gap ketayotganiga aniqlik kiritmadi. Qozog‘iston tomoniga ko‘ra, mintaqaviy blekaut Qirg‘izistondagi To‘xtag‘ul GESda ikkita generatorning o‘chishi bilan bog‘liq bo‘lgan. Qirg‘iziston va Tojikiston rasmiylari muammo sabablariga aniqlik kiritayotganini bildirdi.

