Odam savdosidan jabrlanganlarga ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish tartibi tasdiqlandi
Vazirlar Mahkamasi odam savdosidan jabrlanganlarning ehtiyojlarini aniqlash va ularga ijtimoiy yordam koʻrsatish mexanizmini belgiladi. Xizmatlardan foydalanish uchun «Inson» markazlari, ixtisoslashtirilgan muassasalar yoki 1146 ishonch telefoni orqali murojaat qilish mumkin.

Odam savdosi qurbonlariga ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish tartibi tasdiqlandi
Vazirlar Mahkamasining 06.10.2026 yildagi 539-son qarori bilan odam savdosi qurbonlari uchun ijtimoiy xizmatlar tizimini joriy etish chora-tadbirlari tasdiqlandi. Hujjat Prezidentning 03.08.2026 yildagi PF-146-son Farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida qabul qilingan.
Milliy ijtimoiy himoya agentligi huzurida Odam savdosi qurbonlariga yordam koʻrsatish boʻyicha Respublika reabilitatsiya markazi faoliyat koʻrsatadi. Uning shtat birligi 11 nafar xodimdan iborat boʻladi, mehnatga haq toʻlash shartlari esa Agentlikning hududiy boʻlinmalari xodimlari mehnatiga haq toʻlash shartlariga tenglashtiriladi.
Tasdiqlangan maʼmuriy reglamentga koʻra, ijtimoiy xizmatlarni shaxs odam savdosining taxmin qilinayotgan qurboni deb tan olinganidan keyin bir oy davomida va rasman qurbon deb tan olinganidan keyin bir yil davomida olish mumkin.
Yordam soʻrab bevosita «Inson» markazlariga va ixtisoslashtirilgan muassasalarga, yashash joyidagi ijtimoiy xodim orqali yoki Milliy ijtimoiy himoya agentligining 1146 qisqa raqamli ishonch telefoni orqali murojaat qilish mumkin. Zarurat tugʻilganda va ariza beruvchining roziligi bilan maʼlumotlar ichki ishlar organlariga yoki shoshilinch tibbiy yordam xizmatlariga uzatilishi mumkin.
Murojaatdan soʻng shaxsning birlamchi identifikatsiyasi va ehtiyojlarini baholash amalga oshiriladi. Qurbon va uning oila aʼzolarining ijtimoiy-iqtisodiy ahvolini «Inson» markazi bir ish kuni ichida «Yagona milliy ijtimoiy himoya» axborot tizimi orqali baholaydi.
Aniqlangan ehtiyojlarga qarab, shoshilinch tibbiy, psixologik va huquqiy yordam koʻrsatiladi, hujjatlarni rasmiylashtirish yoki tiklash, kasb-hunarga oʻqitish va ishga joylashishda koʻmaklashiladi. Bundan tashqari, «Inson» markazlari oʻzlari tomonidan bevosita koʻrsatilmaydigan xizmatlarni olishda ham yordam beradi.
Shaxsini tasdiqlovchi hujjatlari boʻlmagan Oʻzbekiston fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar uchun alohida tartib belgilangan. Ushbu hujjatlar rasmiylashtirilgunga qadar bunday shaxslarga ham tibbiy, psixologik va huquqiy yordam koʻrsatilishi, shuningdek, hujjatlarni tiklash va kasb-hunarga oʻqitishda koʻmaklashilishi mumkin.
Milliy ijtimoiy himoya agentligi, Raqamli texnologiyalar vazirligi va Ichki ishlar vazirligiga 1 noyabrga qadar «Yagona milliy ijtimoiy himoya» axborot tizimini takomillashtirish va zarurat boʻlganda uni boshqa davlat axborot tizimlari bilan integratsiya qilish topshirildi.
Ichki ishlar vazirligi, shuningdek, odam savdosi qurbonlari ixtisoslashtirilgan muassasalarga yetib kelganida ularni doimiy kuzatib borish va monitoring qilishni taʼminlaydi.
Hujjat Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasida davlat tilida eʼlon qilingan va 07 kundan kuchga kirdi.

