OBR: Oʻzbekiston raqamli moliyani jamgʻarmalarga aylantirishi kerak
Raqamli moliya Oʻzbekistonda xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirdi, biroq keyingi bosqich aholiga mablagʻ jamgʻarish va xavf-xatarlarni boshqarishda yordam berishi kerak.

OBR: Oʻzbekiston raqamli moliyani jamgʻarmalarga aylantirishi kerak
Oʻzbekiston navbatdagi qadamni qoʻyishi — aholining raqamli moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini shunchaki kengaytirishdan, ulardan mablagʻ toʻplash, xavf-xatarlarni boshqarish va iqtisodiy imkoniyatlarni moliyalashtirish uchun foydalanishga oʻtishi lozim.
Ekspertning baholashicha, raqamli moliyaviy xizmatlar allaqachon mamlakatning millionlab aholisiga rasmiy moliyaviy tizimga kirishga yordam berdi. Endigi vazifa — ushbu imkoniyat uy xoʻjaliklarining jamgʻarmalari oʻsishiga va moliyaviy xavfsizligi mustahkamlanishiga xizmat qilishi, shuningdek, kichik biznes rivojlanishini qoʻllab-quvvatlashidan iborat.
Bugungi kunda qishloq joylarda yashovchi aholi pul oʻtkazmalarini bank kartalariga qabul qilib olishi, toʻlovlarni mobil telefon orqali amalga oshirishi va bank filialiga bormasdan pul oʻtkazishi mumkin. Kichik korxonalar esa, oʻz navbatida, smartfonlar orqali toʻlovlarni qabul qilish imkoniyatiga ega boʻldi.
Bu, ayniqsa, moliyaviy xizmatlar ilgari asosan yirik shaharlarda toʻplangan mamlakat uchun juda muhimdir.
Oʻzbekiston aholining rasmiy moliyaviy xizmatlar bilan qamrab olinishini sezilarli darajada kengaytirdi. 2025 yil boshida katta yoshli aholining 59 foizi bank hisobvaragʻiga ega edi, vaholanki 2021 yilda bu koʻrsatkich 44 foizni tashkil etgan. Shu bilan birga, 72 foiz aholi raqamli toʻlovlardan foydalanishini maʼlum qilgan.
Mobil banking orqali amalga oshirilgan operatsiyalar hajmi 2025 yilda 60 foizga oʻsib, 646 trillion soʻmga yoki 55 milliard AQSh dollariga yetdi. Toʻlovlar uchun QR-kodlar soni 139 mingtagacha koʻpaydi. Shu bilan birga, naqd pul yechib oluvchi bank kartalari egalarining ulushi kamaydi, bu esa kundalik hisob-kitoblarda raqamli toʻlovlardan kengroq foydalanilayotganidan dalolat beradi.
Xuchkarov ushbu oʻzgarishlarni tezkor va kontaktsiz toʻlovlar, birlashtirilgan toʻlov tizimlari, mijozlarni masofadan turib identifikatsiya qilish va mobil servislarga kiritilgan investitsiyalar bilan bogʻlaydi.
Raqamlashtirish xususiy sektorni rivojlantirish uchun ham muhim boʻlishi mumkin. Ekspertning soʻzlariga koʻra, raqamli toʻlovlarni qabul qilish imkoniyati kichik kompaniyalarga tranzaktsiyalar tarixini shakllantirishga, mijozlarni osonroq topishga va biznesni kengaytirish uchun moliyalashtirish zarurligini ishonarliroq isbotlashga yordam beradi.
Biroq, Xuchkarov taʼkidlaganidek, bank hisobvaragʻini ochish — bu moliyaviy ommaboplikning faqat birinchi bosqichidir.
Raqamli hisob-kitoblar tez tarqalayotganiga qaramay, mablagʻ toʻplash uchun rasmiy moliyaviy vositalardan foydalanish cheklanganligicha qolmoqda.
2025 yilda katta yoshli aholining atigi 7,4 foizi rasmiy moliya muassasasi orqali pul jamgʻarishini maʼlum qilgan. Yarimga yaqini jamgʻarmalarini uyda naqd pul koʻrinishida saqlagan, 39 foizi esa umuman mablagʻ jamgʻarmagan.
Shu bilan birga, vaziyat asta-sekin oʻzgarmoqda. Rasmiy jamgʻarmalarga ega katta yoshli aholi ulushi 2021 yildagi 2,6 foizdan oshdi, jamgʻarmalarning umumiy hajmi esa 20 trillion soʻmdan 64 trillion soʻmgacha koʻpaydi.
«Raqamli toʻlovlarning keng tarqalishi va rasmiy jamgʻarma vositalaridan cheklangan darajada foydalanish oʻrtasida hali ham sezilarli farq mavjud», — deb yozadi Xuchkarov.
Uning fikricha, moliyaviy tashkilotlar aholining turli guruhlari daromadlari va xarajatlari xususiyatlariga mos keladigan mahsulotlarni taklif qilishlari kerak. Ular qatoriga arzon hisobvaraqlar, kichik va moslanuvchan depozitlar, avtomatik jamgʻarish vositalari, shuningdek, komissiyalar va shartlar haqidagi tushunarli maʼlumotlar kirishi mumkin.
Muntazam boʻlmagan daromadga ega odamlar, jumladan, norasmiy sektor xodimlari, fermerlar va mikrotadbirkorlar uchun muntazam ravishda kichik miqdordagi mablagʻlarni chetga surib qoʻyish va zarurat tugʻilganda ulardan tezkorlik bilan foydalanish imkoniyati ayniqsa muhim boʻlishi mumkin.
Tadqiqot, shuningdek, moliyaviy ommaboplik, maʼlumot darajasi va iqtisodiy faollik oʻrtasidagi bogʻliqlikni ham koʻrsatmoqda.
Ishlayotgan katta yoshli aholining 77 foizi, oliy maʼlumotli kishilarning esa 70 foizi bank hisobvaraqlariga ega boʻlgan. Ishsizlar uchun bu koʻrsatkich 42 foizni, boshlangʻich maʼlumotga ega boʻlganlar uchun esa 50 foizni tashkil etgan.
Ayollar erkaklarga qaraganda rasmiy bank hisobvaragʻiga biroz koʻproq ega boʻlgan — 54,5 foizga qarshi 61,9 foiz.
Ekspertning baholashicha, erishilgan yutuqlar muhim ahamiyatga ega, biroq raqamli xizmatlardan foydalanish imkoniyatining oʻzigina aholi moliyaviy sektorni yanada raqamlashtirish afzalliklaridan toʻliq foydalana olishiga kafolat bermaydi.
Raqamli xizmatlarning kengayishi bir vaqtning oʻzida yangi xavf-xatarlarni keltirib chiqaradi. Gap firibgarlik, kiberhujumlar, shaxsiy maʼlumotlardan noqonuniy foydalanish, moliyaviy mahsulotlarning tushunarsiz shartlari va vijdonsizlarcha kreditlash haqida bormoqda.
Shu bois, Xuchkarov taʼkidlaganidek, moliyaviy savodxonlik maktab taʼlimi, kasbiy tayyorgarlik, tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash dasturlari va bandlik sohasidagi tashabbuslarning bir qismiga aylanishi kerak.
Odamlarga nafaqat moliyaviy mahsulotlar, balki ularning shartlarini taqqoslash, raqamli servislardan xavfsiz foydalanish, firibgarlik sxemalarini aniqlash, xarajatlarni rejalashtirish va kreditga xizmat koʻrsatish imkoniyatlarini baholash imkonini beruvchi bilimlar ham zarur.
2020 yildan buyon Markaziy bankning Finlit platformasi shunday tavsiyalarni taqdim etib kelmoqda. U byudjetlashtirish, jamgʻarmalar, kreditlash, raqamli toʻlovlar, moliyaviy xavfsizlik va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga oladi. Platforma, shuningdek, maktab klublari, universitet kurslari, aholi bilan ishlash va axborot kampaniyalari orqali moliyaviy savodxonlikni oshirish dasturlarida ishtirok etadi.
Ekspertning fikricha, raqamli moliyaviy servislarga boʻlgan ishonch bundan keyingi rivojlanishning eng muhim sharti boʻlib qolmoqda. Maʼlumotlarni oshkor qilishga qoʻyiladigan aniq talablar, shikoyatlarni taqdim etishning qulay mexanizmlari, samarali nazorat va masʼuliyatli kreditlash bir vaqtning oʻzida isteʼmolchilarni himoya qilishi va moliyaviy tizimga boʻlgan ishonchni qoʻllab-quvvatlashi mumkin.
Xuchkarov xorijdan pul oʻtkazmalarini moliyaviy ommaboplikni kengaytirishning yana bir manbasi deb ataydi.
Oʻtkazmalarni qabul qilib oluvchilarning 77 foizi olingan mablagʻlarning hech boʻlmaganda bir qismini jamgʻarishini maʼlum qilgan. Bu moliyaviy tashkilotlar uchun ularga ixtiyoriy jamgʻarma mahsulotlari, sugʻurta, shuningdek, uy xoʻjaliklari va kichik biznesni moliyalashtirish vositalarini taklif qilish imkoniyatini yaratadi.
Tranzaktsiyalar toʻgʻrisidagi raqamli maʼlumotlar qoʻshimcha imkoniyatlar ochadi. Ulardan kreditorlar mijozning qarzga xizmat koʻrsatish qobiliyatini baholash uchun foydalanishlari mumkin.
Kichik korxona uchun raqamli toʻlovlar tarixi daromadlarni tasdiqlashning osonroq usuliga aylanishi mumkin. Muntazam pul oʻtkazmalari esa, oʻz navbatida, uy xoʻjaliklariga moliyaviy tarixni shakllantirishga yordam berishga qodir.
«Isteʼmolchilarni himoya qilishning tegishli mexanizmlari mavjud boʻlgan taqdirda, bunday maʼlumotlar garovga emas, balki koʻproq mijozning qarzga xizmat koʻrsatish qobiliyatiga asoslangan kreditlashni ragʻbatlantirishi mumkin», — deb taʼkidlaydi OBR eksperti.
Ushbu yondashuv kengroq mintaqaviy xulosalarga mos keladi. CAREC Institute tomonidan yaqinda oʻtkazilgan tadqiqot shuni koʻrsatdiki, raqamli moliyaviy xizmatlar tranzaktsiya xarajatlarini kamaytirish, moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish va rasmiy iqtisodiyotda ishtirok etishni oshirish, jumladan, ilgari moliyaviy xizmatlar bilan yetarlicha qamrab olinmagan guruhlar oʻrtasida moliyaviy ommaboplik va inklyuziv iqtisodiy oʻsishga xizmat qilishi mumkin.
Oʻzbekiston tajribasi, Xuchkarovning fikricha, raqamli infratuzilma, bozor islohotlari va davlat siyosatining muvofiqlashtirilgan holda rivojlanishi bilan qanday natijalarga erishish mumkinligini koʻrsatadi.
Shu bilan birga, moliyaviy ommaboplikni faqat ochilgan hisobvaraqlar yoki amalga oshirilgan toʻlovlar soni boʻyicha baholash yetarli emas.
«Islohotlarning birinchi avlodi moliyaviy tizimga koʻproq odamlarni uladi. Navbatdagi bosqich ularga ushbu aloqadan jamgʻarmalarni shakllantirish, iqtisodiy larzalardan himoyalanish va yangi imkoniyatlar yaratish uchun foydalanishga yordam berishi kerak», — deb yozadi ekspert.

