OAV: Isroil Flydubai samolyotini urib tushirishga tayyor boʻlgan
Tergovchilarga koʻra, ikkinchi uchuvchi samolyotni Ben-Gurion nomidagi aeroportga yoki Tel-Avivdagi binolardan biriga olib borib urmoqchi boʻlganini tan olgan.

**OAV: Isroil Flydubai samolyotini urib tushirishga tayyor boʻlgan**
Isroil harbiy-havo kuchlari, bortida 150 nafar fuqarosi boʻlishiga qaramay, ikkinchi uchuvchi kapitanga hujum qilganidan soʻng Flydubai samolyotini urib tushirishga tayyor edi.
Suhbatdoshlarga koʻra, Isroilda 11-sentabr terakti ssenariysidagi hodisalarga javob berish uchun ishlab chiqilgan harakat tartibi mavjud. Samolyot keskin pastlay boshlagach, Isroil harbiy-havo kuchlari ekipaj bilan aloqa oʻrnatishga uringan. Bu muvaffaqiyatsiz tugagach, oldindan tuzilgan qoʻmita yigʻilishi chaqirilgan va boshqaruv markazi tashkil etilgan.
Isroil havo kengliklarini yopgan va qiruvchi samolyotlarini havoga koʻtargan. Samolyot yoʻnalishini oʻzgartirib, Saudiya Arabistoniga uchayotgani maʼlum boʻlgach, qiruvchilar qaytarilgan, Saudiya hukumati esa oʻz samolyotlarini havoga chiqargan.
Manbalarning taʼkidlashicha, agar samolyot yoʻnalishini oʻzgartirmaganida, qiruvchi samolyotlar uchuvchilari kabinadagi vaziyatni yaqindan kuzatish, yoʻlovchilarning holatini baholash va olingan maʼlumotni boshqaruv markaziga yetkazish uchun unga yaqinlashishi kerak boʻlardi. Agar u yerdagilar samolyot olib qochilgan, jinoyatchilar esa hech qanday talab qoʻymayotgan degan xulosaga kelishsa, qoʻmita mudofaa vaziri va bosh vazir bilan bogʻlanishi kerak edi.
Protokolga koʻra, samolyotni urib tushirish haqidagi qarorni bosh vazir qabul qiladi. Manbalarga koʻra, agar samolyot osmonoʻpar binolar, aeroportlar yoki quruqlikdagi boshqa nishonlarga hujum qilish maqsadida olib qochilgan boʻlsa, uni urib tushirish kamroq talafot keltiradigan yechim sifatida baholanadi.
**Ikkinchi uchuvchining yangi iqrorlari**
Oʻtgan hafta oxirida Flydubai samolyotining ikkinchi uchuvchisi haqida dastlabki maʼlumotlar paydo boʻlgandi. OAV xabariga koʻra, u Oʻmon fuqarosi, 29 yoshli Hammam al-Hammamiy hisoblanadi. BAA huquq-tartibot organlari uni soʻroq qilishni davom ettirmoqda.
Isroil tomoni tergov jarayoni haqida muntazam xabardor qilinib boriladi, biroq hozircha jamoatchilikka maʼlum maʼlumotlar kam.
Shunga qaramay, Isroildagi nashrlar tergov jarayonidan xabardor manbalarga tayanib, ikkinchi uchuvchi kapitan Smit Machchharga hujum qilganidan keyin parvozni davom ettirish, Isroil havo hududiga kirish va Tel-Aviv aeroportiga qoʻnish uchun ruxsat olish niyatida boʻlganini xabar qildi.

