O rezultatax issledovaniya Oxford Economics «Indeks globalnix gorodov 2026» i pozitsii Tashkenta
Ob opublikovannom Oxford Economics doklade «Global Cities Index 2026», v kotorom 1000 gorodov mira otsenivayutsya po pyati napravleniyam: ekonomika, chelovecheskiy kapital, kachestvo jizni, ekologiya i upravleniye, a takje o pozitsii Tashkenta v mejdunarodnom reytinge.

Oxford Economics’ning “Global Cities Index 2026” tadqiqoti natijalari va Toshkentning o‘rni
CEIR Oxford Economics’ning “Global Cities Index 2026” hisobotini tahlil qildi. Ushbu indeks 2024 yilda ishga tushirilgan bo‘lib, unda dunyoning 1 mingta eng yirik shahri 5 yo‘nalish bo‘yicha baholangan: iqtisodiyot, inson kapitali, hayot sifati, ekologiya va davlat boshqaruvi.
2024–2026 yillarda Toshkent o‘z mavqeini sezilarli darajada mustahkamladi: 468-o‘rindan 343-o‘ringa ko‘tarildi va “Kuzatib borishga arziydigan shaharlar” (“Cities to watch”) ro‘yxatiga kirdi.
Indeksda 163 mamlakatdan 1 mingta eng yirik shahar baholangan. Yevropa va Shimoliy Amerika shaharlari dastlabki 100 o‘rindan 78 tasini egallagan, bu esa rivojlangan shahar iqtisodiyotlarining yetakchiligi saqlanib qolayotganini ko‘rsatadi. Reytingning ilk uch pog‘onasida avvalgidek Nyu-York (AQSh), London (Buyuk Britaniya) va Parij (Fransiya) turibdi. Reyting oxirida esa Veynan (Xitoy), Sultanpur (Hindiston) va Sokoto (Nigeriya) joylashgan.
Shu bilan birga, Osiyo shaharlari roli ham kuchaymoqda. Mualliflar ishlab chiqarish samaradorligining oshishi, aholi sonining ko‘payishi va texnologiyalar rivoji hisobiga Xitoy va Hindiston shaharlari yanada o‘sishini kutmoqda.
Toshkent 2024–2026 yillarda reytingda 125 pog‘onaga ko‘tarildi: 2024 yildagi 468-o‘rindan 2026 yilda 343-o‘ringa chiqdi. 2026 yilda Toshkent Osiyo-Tinch okeani mintaqasidagi “Kuzatib borishga arziydigan shaharlar” (“Cities to watch”) ro‘yxatiga Bangalor (Hindiston), Xoshimin (Vyetnam), Kuala-Lumpur (Malayziya) va Shenchjen (Xitoy) bilan birga kirdi.
Mualliflar “Cities to Watch” ro‘yxatidagi shaharlarni “jahon iqtisodiyotining yuksalayotgan yulduzlari” deb ataydi — ya’ni investorlar e’tibor qaratishi kerak bo‘lgan istiqbolli shaharlar.
Toshkent Markaziy Osiyo va Sharqiy Yevropada YaIM o‘sish sur’atlari bo‘yicha eng tez rivojlanayotgan shahar iqtisodiyotiga aylandi.
1-grafik. Markaziy Osiyo va Kavkaz shaharlari pozitsiyalarining dinamikasi, 2024–2026 yillar.
Toshkentning Olmaota bilan farqi 130 pog‘onaga qisqardi (208 o‘rindan 78 o‘ringa), Ostona bilan esa 117 pog‘onaga kamaydi (179 o‘rindan 62 o‘ringa).
Markaziy Osiyodagi boshqa yirik shaharlar orasida 2024–2026 yillarda Ostona 289-o‘rindan 281-o‘ringa ko‘tarildi (+8 pog‘ona), Dushanbe esa 725-o‘rindan 672-o‘ringa chiqdi (+53). Shu bilan birga, Olmaota 265-o‘ringa tushdi (−5), Bishkek 461-o‘ringa (−23), Shymkent esa 550-o‘ringa (−68) pasaydi.
2024–2026 yillarda Toshkentning mavqei “Iqtisodiyot” yo‘nalishida sezilarli yaxshilandi: shahar 365 pog‘onaga ko‘tarilib, 2024 yildagi 553-o‘rindan 2026 yilda 188-o‘ringa chiqdi. 2026–2030 yillarda shahar iqtisodiyotining o‘rtacha yillik o‘sishi 7% dan yuqori bo‘lishi prognoz qilinmoqda.
Mualliflar keyingi rivojlanish omillari sifatida IT Park, xalqaro moliyaviy markaz tashkil etilishi, Yangi Toshkent va yangi xalqaro aeroport qurilishini qayd etadi.
2-grafik. Toshkentning yo‘nalishlar bo‘yicha pozitsiyalari, 2024–2025 yillar.
“Insan kapitali” yo‘nalishida ham ijobiy dinamika kuzatilmoqda. Toshkent 2024 yildagi 136-o‘rindan 2026 yilda 108-o‘ringa ko‘tarildi. 2026 yilda shahar inson kapitali bo‘yicha mintaqada 6-o‘rinni egallaydi.
Mualliflar malakali ishchi kuchi zaxirasining o‘sishini poytaxtning raqobat ustunliklaridan biri sifatida ajratib ko‘rsatadi. Shu bilan birga, daromadlar nisbatan pastligi ularning yuqori daromadli mamlakatlarga oqib ketish xavfini oshiradi.
Biroq tez iqtisodiy o‘sish hozircha hayot sifati va atrof-muhit ko‘rsatkichlari bo‘yicha oldinga siljish bilan birga kechmayapti. 2026 yilda Toshkent “hayot sifati” bo‘yicha 644-o‘rinda, “atrof-muhit” bo‘yicha esa 806-o‘rinda turadi.
Toshkentning zaif tomonlari sifatida mualliflar uy-joy xarajatlarining yuqori ulushi, chiqindilar intensivligi va harorat anomaliyalarini ko‘rsatadi. Alohida uzoq muddatli cheklov sifatida suv tanqisligi qayd etilgan.

