Mahalliy

«Oʻzgarishlar odatiy muhitning rivojlanishiga yordam berishi kerak». Arxitektor Mariya Sultanova — shahar maydonini tashkil etish haqida

Boʻsh yotgan parklar, haddan tashqari qizib ketadigan binolar, piyodalar uchun noqulay koʻchalar — koʻplab shahar muammolarini hali loyihalash bosqichidayoq oldini olish mumkin. Tashkent Design Week 2026 tadbirida SAD studiyasi direktori Mariya Sultanova arxitektorlar shahar muhitining sifatiga qanday taʼsir koʻrsatishi mumkinligi haqida soʻzlab berdi.

«Oʻzgarishlar odatiy muhitning rivojlanishiga yordam berishi kerak». Arxitektor Mariya Sultanova — shahar maydonini tashkil etish haqida

Bu yil yozda Toshkentda shahar maydonini maqbullashtirish boʻyicha ikkita loyiha haqida maʼlum boʻldi. Biri «Oqsaroy» qarorgohi atrofidagi hududni oʻzgartirish bilan, boshqasi esa Ekopark va Mirzo Ulugʻbek nomidagi Markaziy parkni (sobiq Telman) yagona yashil hududga birlashtirish taklifi bilan bogʻliq edi.

Ikkala tashabbusda ham SAD arxitektura studiyasi direktori Mariya Sultanova ishtirok etdi. Tashkent Design Week 2026 tadbirida u nima uchun baʼzi hollarda shahar maydonini tashkil etishga boʻlgan odatiy yondashuvlarni qayta koʻrib chiqish talab etilishini tushuntirib berdi.

Xaritada Markaziy park (sobiq Telman parki) va Ekopark yagona yashil massiv kabi koʻrinadi, ammo amalda bir parkdan boshqasiga oʻtish u qadar oson emas. Yoʻllar maydonni bir nechta qismga boʻlib yuboradi va piyodalar qulay oʻtish joyini izlashlariga toʻgʻri keladi. Boshqa jihatlar ham bor.

«Dublyor funktsiyasini bajaradigan yoʻllardan biri, aslida, avtomobillar bilan toʻliq band emas. Yaʼni shaharda uch gektar asfalt bor, ular naf keltirmaydi, balki shunchaki hududni ortiqcha qizitdi va maydonni egallaydi. Agar biz ikkala hududni birlashtirsak, katta va goʻzal massivga ega boʻlamiz. Bugungi kunda shaharda bunday misollar yoʻq», — deb taʼkidladi Mariya Sultanova.

Uning soʻzlariga koʻra, bu misol baʼzi hollarda shahar maydonini tashkil etishga boʻlgan yondashuvlar qayta koʻrib chiqilishini talab qilishini koʻrsatadi. Agar shahar ehtiyojlari oʻzgarsa — bu esa doimo yuz beradi, chunki shahar — jonli muhitdir — transport infrastrukturasi oʻzgarishsiz qolmasligi kerak. «Ushbu oʻzgarishlar bilan hamnafas boʻlish muhim», — deya taʼkidladi arxitektor.

Mariya Sultanova, shuningdek, Toshkentda shaharliklar uchun hordiq chiqarish joylari yetishmasa-da, ommabop boʻlmagan jamoat joylari mavjudligiga eʼtibor qaratdi. Sabablari turlicha boʻladi. Masalan, parkka yetib olish qiyin yoki hududning oʻzi shaharliklarning kundalik yoʻnalishlariga kiritilmagan. Shunday joylardan biri — Furqat parkidir.

Loyihada park yaqinida yangi turar joy massivini yaratish va bir vaqtning oʻzida uning hududini yangilash taklif etilmoqda. Hisob-kitoblarga koʻra, atrofdagi aholi sonining ortishi tashrif buyuruvchilarni jalb qilishga va parkka hayotni qaytarishga yordam beradi.

«Ushbu keys aholi zichligining zarur boʻlgan hududlarda oshirilishi shaharda mavjud boʻlgan jamoat joylarini sogʻlomlashtirishga qanday hissa qoʻshishi mumkinligini koʻrsatadi», — deb tushuntirdi arxitektor.

Uning soʻzlariga koʻra, loyihalashda qurilish zichligi balansiga rioya qilish muhim. Baland binolar va muhim arxitektura obʼyektlari hamma joyda ham mos kelavermaydi — ularni joylashtirishda hududning xususiyatlari hisobga olinishi kerak.

Aholi zichligi past boʻlgan obʼyektlar bilan ishlashga misol tariqasida arxitektor Namangan viloyatidagi «Shoʻrariq» mahallasi renovatsiyasini keltirdi.

Bunday hududlar bilan ishlashda, deb tushuntirdi u, shunchaki qurilishni yangilash yoki koʻchalarni obodonlashtirishning oʻzi yetarli emas. Vazifa shundan iboratki, oʻzgarishlar odatiy muhitni vayron qilmasdan, balki uning rivojlanishiga yordam berishi kerak. Bu, ayniqsa, mahalliy oʻzlik kundalik hayotni tashkil etish bilan chambarchas bogʻliq boʻlgan hududlar uchun muhimdir.

Muhokama chogʻida uchrashuv ishtirokchilari Toshkent uchun yana bir muhim mavzuga — arxitekturaning mikroiqlimga taʼsiriga toʻxtalib oʻtishdi.

Mariya Sultanova loyihalashda havo harakati, binolarning quyoshga nisbatan joylashuvi va derazalarning oʻrnatilishini hisobga olish zarurligini tushuntirdi. Odamlar oʻzlarini qanchalik qulay his qilishlari ushbu qarorlarga bogʻliq.

Agar derazalar janubga yoki gʻarbga qaragan boʻlsa va toʻgʻridan-toʻgʻri tushadigan quyosh nurlaridan himoyalanmagan boʻlsa, xonalar ortiqcha qizib ketishi mumkin. Aholi balkon va lodjiyalarni yopishga, qoʻshimcha soyalash vositalarini oʻrnatishga va xonadonlarni salqinroq qilish yoʻllarini izlashga majbur boʻlmoqda.

Shu bilan birga, binolar toʻgʻri joylashtirilsa, koʻplab muammolarning oldini hali kontseptsiyani ishlab chiqish bosqichidayoq olish mumkin.

Alohida savol modernizm davridagi baʼzi binolarga xos boʻlgan quyoshdan himoya qiluvchi konstruktsiyalarga taalluqli edi. Arxitektor javoban bunday elementlar xonalarni toʻgʻridan-toʻgʻri quyoshdan himoya qilishini, ammo loyihalashda binoning atrofdagi maydonga qanday taʼsir qilishini ham hisobga olish kerakligini tushuntirdi.

Masalan, yetarlicha quyosh himoyasisiz katta miqdordagi oynaning mavjudligi atrofdagi hududga qoʻshimcha issiqlik yukini yaratishi mumkin. Bino ichida energiya tejovchi oyna paketlari oʻrnatilgan boʻlsa ham, bu yondashgan koʻcha yoki daraxtlar ortiqcha qizib ketishdan himoyalanadi degani emas.

Chiqishi yakunida Mariya Sultanova shaharsozlik qarorlari har doim uzoq muddatli oqibatlarga ega ekanini taʼkidladi.

Oʻzbekiston aholisi oʻsmoqda, iqtisodiyot rivojlanmoqda, qurilish hajmi ortmoqda. Bularning barchasi allaqachon shahar oʻn yilliklardan keyin qanday boʻlishi haqidagi savolni oʻrtaga tashlamoqda.

«Bizning — arxitektorlar, rejalashtiruvchilarning faoliyati natijalarini faqat 10−20 yildan keyin koʻrishimizni tushunish kerak. Ular amalga oshishiga juda umid qilamiz. Bu yaxshi bajarilishiga va sifatli muhitga [aylanishiga] cheksiz ishonamiz», — deya xulosa qildi spiker.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.