OʻzDJTUda Yevropa tillari kuniga bagʻishlangan xalqaro tadbir boʻlib oʻtdi
2026 yil 30 sentyabr kuni Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetida Yevropa Ittifoqining Oʻzbekistondagi Delegatsiyasi va Britaniya Kengashi ishtirokida Yevropa tillari kuniga bagʻishlangan xalqaro tadbir boʻlib oʻtdi. Uchrashuv Yevropa mamlakatlari diplomatik missiyalari, xalqaro tashkilotlar va madaniy markazlar vakillarini, shuningdek, universitet oʻqituvchi va talabalarini birlashtirdi. Ochilish marosimida Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti rektori soʻzga chiqdi […]

OʻzDJTUda Yevropa tillari kuniga bagʻishlangan xalqaro tadbir boʻlib oʻtdi
2026 yil 30 sentyabr kuni Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetida Yevropa Ittifoqining Oʻzbekistondagi Delegatsiyasi va Britaniya Kengashi ishtirokida Yevropa tillari kuniga bagʻishlangan xalqaro tadbir boʻlib oʻtdi.
Uchrashuvda Yevropa davlatlari diplomatik missiyalari, xalqaro tashkilotlar va madaniy markazlar vakillari, shuningdek, universitet professor-oʻqituvchilari va talabalari jam boʻlishdi.
Ochilish marosimida Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti rektori Ilxomjon Toʻxtasinov va Yevropa Ittifoqining Oʻzbekistondagi Delegatsiyasi rahbari, elchi Toyvo Klaar soʻzga chiqdilar. Ishtirokchilarga universitet, uning taʼlim yoʻnalishlari va xalqaro aloqalari haqidagi videoprezentatsiya namoyish etildi. Ochilishdan soʻng mehmonlar va ishtirokchilarning umumiy surati olindi.
Soʻngra dastur Yevropa Ittifoqi mamlakatlari tillari va madaniyatiga bagʻishlangan mavzuiy taqdimotlar bilan davom etdi. Diplomatik vakolatxonalar, xalqaro tashkilotlar va madaniy markazlar vakillari tillarning oʻziga xos xususiyatlari, kundalik iboralar, milliy anʼanalar va taʼlim imkoniyatlari haqida soʻzlab berdilar.
Universitet foyesida «Tillar va madaniyatlar yarmarkasi» koʻrgazmasi tashkil etildi. Stendlarda Yevropa mamlakatlari haqidagi axborot va koʻrgazma materiallari: madaniyat va taʼlim muassasalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar joylashtirildi.
Toʻrt yildan buyon frantsuz tilidan dars berib kelayotgan Frantsuz alyansi oʻqituvchisi Mariza oʻz taassurotlari bilan oʻrtoqlashdi.
Marizaning soʻzlariga koʻra, Oʻzbekistonda frantsuz tiliga boʻlgan qiziqish hamon yuqoriligicha qolmoqda. Uni ham talabalar, ham kattalar oʻrganmoqda, ularning koʻpchiligi xalqaro imtihonlarni muvaffaqiyatli topshirmoqda.
«Frantsuz alyansida ishlayotganimdan juda xursandman, chunki talab haqiqatan ham katta. Oʻzbekistonda frantsuz tilini oʻrganayotgan talabalar, shuningdek, imtihonlarni muvaffaqiyatli topshirgan insonlar juda koʻp. Biz bundan faxrlanamiz», — dedi oʻqituvchi.
Marizaning oʻzi bir nechta tilni — frantsuz, ingliz, rus va oʻzbek tillarini erkin biladi. U til bilish kundalik hayotda va muloqotda sezilarli darajada yordam berishini taʼkidladi.
Uning uchun ushbu tadbirda ishtirok etish universitetga ilk tashrifi hamda talabalar va hamkasblar bilan tanishish imkoniyati boʻldi.
Chet tilini samarali oʻrganish haqida gapirganda, Mariza uchta asosiy shartni tilga oldi: aniq maqsad, real muddatlar va muntazamlik.
«Birinchi navbatda maqsad boʻlishi kerak — oʻqish, emigratsiya, ish yoki karyera oʻsishi uchun. Keyin real muddatlarni belgilash muhim. Va, albatta, muntazamlik zarur. Men buni frantsuz tilini oʻrganish yoʻlidagi uchta asosiy qadam deb atagan boʻlardim», — deya tushuntirdi oʻqituvchi.
Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining birinchi kurs talabasi Hamraqulova Zarnigor ham oʻz taassurotlari bilan oʻrtoqlashdi.
U tadbirda ishtirok etish unga tilning madaniyatning bir qismi va odamlarni birlashtiruvchi vosita sifatidagi ahamiyatini chuqurroq anglashga yordam berganini taʼkidladi.
«Bugun bu yerda koʻplab davlatlar vakillari yigʻildi. Til shunchaki muloqot vositasi emas, balki odamlarni birlashtiradigan, ularni oʻtmish bilan bogʻlaydigan va madaniyatni aks ettiradigan vosita ekanligi haqidagi fikr meni ruhlantirdi. Mehmonlarimizni koʻrishdan va ushbu voqeada ishtirok etishdan juda xursand boʻldim», — dedi talaba.
Tadbir universitetning xalqaro aloqalarini rivojlantirishga, koʻptillilik va madaniyatlararo muloqotni qoʻllab-quvvatlashga xizmat qildi. Talabalar Yevropa davlatlari vakillari bilan muloqot qilish, ularning tillari va madaniyatlari haqida koʻproq bilib olish, shuningdek, taʼlim imkoniyatlari va xalqaro tashabbuslar bilan tanishish imkoniyatiga ega boʻldilar.

