«Oʻzbekneftgaz» va Xitoyning CNPC kompaniyasi yonilgʻi yetkazib berish hamda M-25 kondagi avariyani bartaraf etishni muhokama qildi
«Oʻzbekneftgaz» va Xitoyning CNPC kompaniyasi Oʻzbekistonga neft mahsulotlarini uzoq muddatli yetkazib berish, M-25 konidagi avariyani bartaraf etish va neft-gaz sohasidagi hamkorlikni kengaytirishni muhokama qildi. Ikki kompaniyaning shartnomalari va qoʻshma loyihalarining umumiy hajmi allaqachon 1 milliard dollardan oshdi.

«Oʻzbekneftgaz» va Xitoyning CNPC kompaniyasi yoqilgʻi yetkazib berish va M-25 kondagi avariyani bartaraf etishni muhokama qildi
«Oʻzbekneftgaz» boshqaruvi raisi Abdugʻani Sanginov 20 oktyabr kuni Bosh direktor Chjou Sinxuay boshchiligidagi Xitoy Milliy neft va gaz korporatsiyasi (CNPC) delegatsiyasi bilan muzokaralar oʻtkazdi.
Uchrashuvda tomonlar geologiya-qidiruv, burgʻilash, seysmik tadqiqotlar, gaz qazib olish samaradorligini oshirish, raqamlashtirish va zamonaviy uskunalar yetkazib berish sohalarida hamkorlikni kengaytirish haqida soʻz yuritdilar.
Ushbu yoʻnalishlarda «Oʻzbekneftgaz» CNPC tarkibiga kiruvchi Xibu, BGP, CCDC va CNLC kompaniyalari bilan hamkorlik qilmoqda.
Oʻzbekiston kompaniyasi maʼlumotlariga koʻra, CNPC bilan hamkorlikning umumiy hajmi, import shartnomalari, servis xizmatlari va qoʻshma loyihalarni oʻz ichiga olgan holda, 1 milliard dollardan oshdi. Shu bilan birga, yoʻnalishlar boʻyicha taqsimot, ushbu summa shakllangan davr va haqiqatda oʻzlashtirilgan mablagʻlar hajmiga aniqlik kiritilmagan.
Muzokaralarning asosiy mavzularidan biri Surxondaryo viloyatining Boysun tumanidagi «Mustaqillikning 25 yilligi» (M-25) gaz konidagi avariya oqibatlarini bartaraf etish boʻldi.
Loyiha doirasida maxsus qutqaruv quduqlarini burgʻilash rejalashtirilgan boʻlib, ular yordamida mutaxassislar gazni nazoratsiz chiqib ketishini toʻxtatishni moʻljallamoqda.
Iyun oyida Abdugʻani Sanginov avariya oqibatlarini bartaraf etishga CNPC tarkibiga kiruvchi Xitoyning CCDC kompaniyasi jalb etilganini maʼlum qilgan edi. Uning soʻzlariga koʻra, xitoylik pudratchi Rossiya, AQSh va Janubiy Koreya kompaniyalari variantlarini koʻrib chiqqandan soʻng eng maqbul texnik yechimni taklif qilgan.
Kompaniya rahbari 2026 yil dekabr oyi oxirigacha toʻrtta qoʻshimcha quduqni burgʻilashni boshlash, avariya oqibatlarini esa 2027 yilning birinchi yarmida toʻliq bartaraf etish rejalashtirilganini aytdi.
Avgust oyida «Oʻzbekneftgaz» Kofrun qishlogʻi yaqinidagi 604-sonli avariyaviy quduqda ishlar boshlanganini maʼlum qildi. Ularni amalga oshirish uchun Xitoydan 40 birlikdan ortiq maxsus texnika yetkazib berilishi koʻzda tutilgan edi. Oʻshanda ishlarni yakunlash 2027 yil iyul oyiga rejalashtirilgan edi.
Eslatib oʻtamiz, 2024 yil 1 sentyabr kuni konning 604-sonli qudugʻida burgʻilash ishlari vaqtida avariya sababli tarkibida vodorod sulfidi yuqori boʻlgan gaz sizib chiqishi yuz berdi, shuningdek, toʻrt kishi halok boʻldi. Mahalliy aholi evakuatsiya qilindi. JInoyat ishi qoʻzgʻatilgani haqida xabar berilmagan.
2025 yil mart oyida gaz chiqishi boshqa — 202-sonli quduqda yuz berdi. Keyingi chiqindilarning oldini olish uchun kondagi gazga oʻt qoʻyildi.
M-25 kondagi gaz zaxiralari 150−170 mlrd kubometrga baholanmoqda. Kon Oʻzbekistonning eng yirik oʻzlashtirilmagan gaz obʼyektlaridan biri hisoblanadi.
Muzokaralarning yana bir mavzusi Oʻzbekiston ichki bozorini taʼminlash uchun neft mahsulotlari yetkazib berish manbalarini diversifikatsiya qilish boʻldi. Avvalroq «Oʻzbekneftgaz» Xitoydan Jet A-1 aviayoqilgʻisini uzoq muddatli yetkazib berishni koʻrib chiqayotganini maʼlum qilgan edi.
Tomonlar uzoq muddatli yetkazib berish mexanizmlarini ishlab chiqishga va sohaviy kompaniyalar ishini muvofiqlashtirishga tayyor ekanini bildirdilar.
Shu bilan birga, «Oʻzbekneftgaz» xabarida aynan qanday turdagi neft mahsulotlarini yetkazib berish koʻzda tutilayotgani, qaysi hajmda va qanday shartlarda ekaniga aniqlik kiritilmagan. Yangi shartnomalar imzolangani haqida ham xabar berilmagan.
Bundan tashqari, Toshkentda CNPC doimiy vakolatxonasini ochish, qoʻshma loyihalarni muvofiqlashtirish uchun maʼmuriy infratuzilmani yaratish va ijtimoiy tashabbuslarni rivojlantirish boʻyicha takliflar muhokama qilindi.
Kadrlar tayyorlash sohasida tomonlar muhandis-texnik mutaxassislarni tayyorlash uchun I. M. Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universitetining Toshkent filialini qoʻllab-quvvatlash imkoniyatini koʻrib chiqdilar.

