«Oʻzbekneftgaz» M25 konidagi avariyani bartaraf etish qiymatini ochiqlamadi
«Oʻzbekneftgaz» shartnomaning maxfiyligini vaj qilib, «Mustaqillikning 25 yilligi» gaz konidagi halokatni bartaraf etish qiymatini oshkor qilmadi.

«Oʻzbekneftgaz» M25 konidagi halokat oqibatlarini bartaraf etish qiymatini ochiqlamadi
«Oʻzbekneftgaz» AJ «Mustaqillikning 25 yilligi» (M25) gaz konidagi halokat oqibatlarini bartaraf etish ishlari qanchaga tushishini ochiqlamadi. Kompaniyada bu pudratchi bilan imzolangan maxfiylik toʻgʻrisidagi kelishuv bilan bogʻliqligi tushuntirildi. Shu bilan birga, ishlar boshlab yuborilgan, zarur texnika esa obʼyektga yetkazib berilgan.
Bu haqda davlat kompaniyasi vakillari 27 oktyabr kuni toʻqqiz oylik faoliyat yakunlariga bagʻishlangan matbuot anjumanida maʼlum qildi.
Jurnalistning shartnoma narxi haqidagi savoliga javob berar ekan, «Oʻzbekneftgaz» vakili tomonlar maʼlumotlarni oshkor etmaslik toʻgʻrisida kelishuv imzolaganini aytdi.
«Shu asosda, har qanday raqamni oshkor qilishdan oldin biz ikkinchi tomonning fikri va roziligini olishimiz kerak», — dedi u.
Kompaniyada, shuningdek, ishlar qiymatining oshirib yuborilgani boʻlishi mumkinligi haqidagi taxminlar rad etildi. «Oʻzbekneftgaz» vakilining soʻzlariga koʻra, pudratchini tanlash va hamkorlik shartlari toʻliq ekspertizadan oʻtkazilgach hamda tegishli davlat idoralarining xulosalari olingach belgilangan.
Kompaniya matbuot xizmati rahbari Moʻmin Ibodov potentsial pudratchilar bilan oʻtkazilgan barcha muzokaralarda ishtirok etganini maʼlum qildi.
Muhokamalar davomida ishlarning qiymati, muddatlari va sifati koʻrib chiqildi. Uning soʻzlariga koʻra, boshqaruv raisi bir necha bor oshirib yuborilgan yoki talablarga javob bermaydi deb hisoblagan takliflarga qarshi chiqqan. Yakuniy qaror ushbu masalalar koʻrib chiqilgandan soʻng qabul qilingan.
«Bu yerda maqsad narxda emas, balki halokat oqibatlarini imkon qadar tezroq bartaraf etishdadir», — deb taʼkidladi matbuot xizmati rahbari.
Jurnalist tomonidan yangragan maʼlumotlarga koʻra, 23 oktyabr holatiga koʻra, halokat oqibatlarini bartaraf etish masalalari Xitoyning CNPC kompaniyasi bilan birgalikda muhokama qilingan. Ishlar 2027 yilning birinchi yarmigacha davom etishi kutilmoqda.
Bevosita ijrochi sifatida CNPC tarkibiga kiruvchi CCDC chiqmoqda. Qaror qabul qilingunga qadar kompaniya AQSh, Xitoy va Rossiyadan kelgan pudratchilar bilan muzokaralar oʻtkazdi. Ular halokat oqibatlarini bartaraf etishning turli texnik variantlarini taklif qilishdi.
Yechimni tanlashda ishlarni bajarish muddatlari, yuzaga kelishi mumkin boʻlgan xavf-xatarlar, qiymati va shunga oʻxshash halokatlar oqibatlarini, jumladan, qoʻshni hududlarda bartaraf etish tajribasi hisobga olingan.
Shu bilan birga, shartnomaning aniq summasi va moliyaviy shartlar tafsilotlari hamon oshkor qilinmayapti.

