Oʻzbekistonning umumiy tashqi qarzi bir yilda 16,5 foizga oshib, 84,1 milliard dollarga yetdi
Oʻzbekistonning umumiy tashqi qarzi 1 iyul holatiga koʻra 84,1 mlrd dollarga yetdi — bu oʻtgan yilning shu davriga nisbatan deyarli 12 mlrd dollarga yoki 16,5 foizga koʻpdir. Davlat qarzi 41,7 mlrd dollargacha, korporativ qarz esa 42,4 mlrd dollargacha oʻsdi. Biroq YAIM oʻsishi va soʻmning mustahkamlanishi qarzning iqtisodiyot hajmiga nisbati kamayishiga xizmat qildi.

Oʻzbekistonning jami tashqi qarzi bir yilda 16,5 foizga oshib, 84,1 mlrd dollarga yetdi
2026 yil 1 iyul holatiga koʻra, Oʻzbekistonning jami tashqi qarzi 84,1 mlrd dollarni tashkil etdi, bu bir yil oldingiga nisbatan 11,9 mlrd dollarga yoki 16,5 foizga koʻpdir, deyiladi Markaziy bank sharhida. Bir yil avval ushbu koʻrsatkich 72,2 mlrd dollar darajasida edi.
Oʻsishga asosiy hissa 2025 yilning ikkinchi yarmiga toʻgʻri keldi. Joriy yil boshidan buyon tashqi qarz 1 yanvardagi 82,2 mlrd dollardan taqriban 1,9 mlrd dollarga yoki 2,3 foizga koʻpaydi.
Davlat tashqi qarzi bir yil ichida 36,8 mlrd dollardan 41,7 mlrd dollarga, yaʼni 13,3 foizga oshdi. Korporativ tashqi qarz esa 35,4 mlrd dollardan 42,4 mlrd dollarga yoki 19,8 foizga koʻtarildi. Yil boshidan buyon oʻsish mos ravishda taxminan 1,2 mlrd va 700 mln dollarni tashkil etdi.
Markaziy bank tushuntirishicha, korporativ tashqi qarz xususiy sektor, jumladan, korxonalar va banklar tomonidan davlat kafolatisiz jalb qilingan qarzlarni oʻz ichiga oladi. Davlat ular boʻyicha majburiyatlar uzmaydi, toʻlovlar esa qarz oluvchilarning oʻz mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
Davlat tashqi qarzini hisoblashda hisoblangan, lekin hali toʻlanmagan foizlar hisobga olinadi, suveren xalqaro obligatsiyalar qiymati esa hisobot sanasidagi bozor narxi boʻyicha qayta hisoblanadi.
Iqtisodchi Mirkomil Xolboyev qarzning nominal qiymatda oʻsishi uning iqtisodiyot hajmiga nisbatan ulushi kamayishi bilan kechayotganiga eʼtibor qaratadi.
Uning hisob-kitoblariga koʻra, ikkinchi chorak yakunlari boʻyicha jami tashqi qarzning iqtisodiyotga nisbati 48,5 foizni tashkil etib, birinchi chorakka nisbatan 4,4 foiz bandga kamaygan.
Ushbu koʻrsatkich 2025 yilning toʻrtinchi choragida eng yuqori darajaga — 55,9 foizga yetgan edi. Shundan soʻng u ketma-ket ikkinchi chorakda pasaymoqda va iyun oyi oxiriga kelib jami 7,4 foiz bandga kamaydi.
Xolboyev bunday dinamikani dollar hisobidagi iqtisodiyotning tashqi qarzdan koʻra tezroq oʻsayotgani bilan izohlaydi. Birinchi yarim yillik yakunlariga koʻra, iqtisodiyotning real oʻsishi bir yil oldingi 7,2 foizga nisbatan 8,5 foizgacha tezlashdi.
Soʻmning mustahkamlanishi qoʻshimcha omil boʻldi. Iqtisodchining hisob-kitoblariga koʻra, 2026 yilning ikkinchi choragida iqtisodiyotni dollarga qayta hisoblash uchun ishlatilgan oʻrtacha kurs bir yil oldingiga nisbatan taxminan 5 foizga kuchliroq boʻlgan. Bu, oʻz navbatida, iqtisodiyot hajmining dollardagi bahosini oshiradi.
Hisob-kitob uchun Xolboyev oxirgi toʻrt chorakdagi iqtisodiyot hajmi va tegishli davrdagi oʻrtacha ayirboshlash kursidan foydalangan.
Uning baholashicha, agar iqtisodiy oʻsish va qarz olishning hozirgi surʼatlari saqlanib qolsa va oʻrtacha kurs sezilarli darajada oʻzgarmasa, 2027 yilning ikkinchi choragi oxiriga kelib jami tashqi qarzning iqtisodiyotga nisbati taxminan 45 foizgacha pasayishi mumkin.
«Nominal qarzning ancha tez oʻsishiga qaramay, hozir mamlakat daromadlari qarzdan koʻra tezroq oʻsmoqda. Natijada qarz yuki kamaymoqda», — deb taʼkidladi iqtisodchi.
Markaziy bank oʻz sharhida Xalqaro valyuta jamgʻarmasining bahosini ham keltirib oʻtgan boʻlib, unga koʻra Oʻzbekistonning qarz yuki past darajada qolmoqda, tashqi qarzning salmoqli qismi esa imtiyozli shartlarda jalb qilingan.

