Mahalliy

Oʻzbekistonning oltita viloyatida gilos bogʻlarini zamonaviy boshqarish boʻyicha amaliy treninglar oʻtkazildi

250 ga yaqin bogʻbonlar va mutaxassislar mahalliy iqlim sharoitlarini hisobga olgan holda daraxtlarga shakl berish, navlar va payvandtaglarni tanlash, shuningdek, butash sohasidagi bilim va koʻnikmalarini mustahkamladilar. Oʻzbekiston Hukumati va Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) zanjirni mustahkamlash boʻyicha hamkorlik doirasida Samarqand, Jizzax, Toshkent, Andijon, Fargʻona va Namangan viloyatlarida bir qator amaliy dala treninglarini oʻtkazdi […]

Oʻzbekistonning otita viloyatida gilos bogʻlarini zamonaviy boshqarish boʻyicha amaliy treninglar boʻlib oʻtdi

250 ga yaqin bogʻbon va mutaxassislar daraxtlarni shakllantirish, nav va payvandtaglarni tanlash, shuningdek, mahalliy iqlim sharoitlarini hisobga olgan holda butash masalalari boʻyicha oʻz bilim va koʻnikmalarini oshirishdi.

Oʻzbekiston Hukumati hamda BMTning Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) gilosning qoʻshilgan qiymat zanjirini mustahkamlash boʻyicha hamkorlik doirasida Samarqand, Jizzax, Toshkent, Andijon, Fargʻona va Namangan viloyatlarida turkum amaliy dala treninglarini tashkil etdi. Oʻquvlarda 250 ga yaqin gilos yetishtiruvchilar, agronomlar va bogʻdorchilik xoʻjaliklari mutaxassislari ishtirok etdi.

Oʻqitish FAO–Xitoy Janub–Janub hamkorlik dasturi orqali «Bir mamlakat — bir ustuvor mahsulot» (OCOP) tashabbusini ilgari surish boʻyicha global loyiha doirasida boʻlib oʻtdi. Loyiha Xitoy Xalq Respublikasi Hukumati tomonidan Qishloq xoʻjaligi va qishloq ishlari vazirligi orqali moliyalashtirilmoqda. Loyiha koʻmagida va Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi bilan hamkorlikda gilosning butun qoʻshilgan qiymat zanjirini — yetishtirish va hosilni yigʻishtirib olgandan keyingi ishlov berishdan tortib, qayta ishlash, marketing va xalqaro bozorlarga chiqish imkoniyatlarini kengaytirishgacha boʻlgan bosqichlarni mustahkamlash boʻyicha ishlar olib borilmoqda.

Asosiy urgʻu daraxtlarni barvaqt hosilga kirishiga yordam beradigan hamda shati va maxsus platformalarga boʻlgan ehtiyojni kamaytirib, butash va hosilni yerdan yigʻib olish imkonini beradigan shakllantirish tizimlariga qaratildi. Loyiha mutaxassisi Shuhrat Abrorov Oʻzbekistondagi qariyb 20 yillik ish tajribasiga tayanib, mahalliy sharoitlarga moslashtirilgan yondoshuvlarni, jumladan Kym Green Bush (KGB) tizimini taqdim etdi.

Ishtirokchilar daraxtlarni shakllantirish bosqichlarini — ekish va yosh bogʻni rivojlantirishdan tortib hosil berish davrigacha oʻrganishdi. Amaliy namoyishlar novdalarni ketma-ket qisqartirish asosiy vertikal shoxlar sonini koʻpaytirishga, daraxt oʻsishini muvozanatlashtirishga va shox-shabba ichiga yorugʻlik kirishini taʼminlashga qanday yordam berishini koʻrsatdi.

Navlar, payvandtaglar va shakllantirish tizimlarining mosligiga alohida eʼtibor qaratildi. Ishtirokchilar Lapins, Sweetheart, Skeena, Santina, Regina va Kordia navlarining oʻsish va hosil berish xususiyatlarini solishtirishdi. shuningdek, KGB tizimi uchun kuchli oʻsuvchi Mazzard, Colt, Mahaleb va CAB 6P payvandtaglari, shuningdek, oʻrtacha oʻsish kuchiga ega MaxMa 14, Krymsk 5 va MaxMa 60 payvandtaglarining mosligi koʻrib chiqildi. Mutaxassislar nav va payvandtag xususiyatlarini hisobga olmasdan tizimdan foydalanish issiqlik stressi, oʻsishning sustlashishi yoki hosildorlikning kamayishi xavfini oshirishi mumkinligini taʼkidladilar.

«Past shox-shabbali bogʻni boshqarish — bu shunchaki daraxtlar balandligini kamaytirish degani emas. Asosiy shoxlar soni, navning hosil berish xususiyatlari va payvandtagning oʻsish kuchi bir-biriga mos kelishi kerak. shuning uchun butash boʻyicha har bir qarorni biz muayyan daraxtning holatini hisobga olgan holda tushuntirdik», — dedi loyiha mutaxassisi Shuhrat Abrorov.

Dastur shuningdek, Oʻzbekistonning issiq yozi va sovuq qishi sharoitida bogʻlarga qarashni ham qamrab oldi. Ishtirokchilarga bogʻ barpo etilgandan keyingi dastlabki uch yilda, ayniqsa butashdan keyin oʻsishning qayta tiklanishini qoʻllab-quvvatlash uchun sugʻorish va oʻsimliklarni oziqlantirishni izchil boshqarishning muhimligi tushuntirildi. 40 ° C dan yuqori haroratda tanalarni quyosh urishidan himoya qilish choralari ham koʻrib chiqildi.

Butash muddatlari boʻyicha mashgʻulotlar davomida koʻrib chiqilayotgan sharoitlarda yozgi shakllantiruvchi kesishlarni iyun ortigacha yakunlash zarurligi muhokama qilindi. Keyinroq rivojlanadigan novdalar qishgacha yetarlicha yogʻochlashishga ulgurmasligi mumkin, bu esa sovuq urish xavfini oshiradi. Ishtirokchilar dekabr–yanvar oylarida va nam havo sodir boʻladigan butash bilan bogʻliq bakterial rak va yelim oqishi xavflarini ham oʻrganishdi.

Dala namoyishlari keng tarqalgan xatolarni aniqlash imkonini berdi: haddan tashqari vegetativ oʻsishni keltirib chiqaradigan juda kam sondagi asosiy shoxlarni saqlab qolish; kuchsizlangan daraxtlarni yozgi butash; shox-shabba ichining haddan tashqari soyalanishi. Mashgʻulotlar yakunida ishtirokchilar bogʻlar holatini baholash uchun nazorat roʻyxatlarini va mahalliy sharoitlarni hisobga olgan holda butash rejalarini ishlab chiqish boʻyicha amaliy topshiriqlarni olishdi.

«Oltita viloyatda biz bogʻlarni boshqarish boʻyicha aniq yechimlarga — navlar va payvandtaglar mosligidan tortib, butash muddatlari va asosiy shoxlar sonigacha boʻlgan masalalarga eʼtibor qaratdik. Bizning maqsadimiz — bogʻbonlar va mahalliy mutaxassislarga oʻz bogʻlari holatini baholashga va raqobatbardosh mahsulot yetishtirish uchun sharoit yaratgan holda ularni parvarishlashni asosli rejalashtirishga yordam berishdir», — deb taʼkidladi loyihaning milliy koordinatori Muhammadjon Qosimov.

Oʻzbekiston global loyiha doirasida Yevropa va Markaziy Osiyoni ifodalovchi OCOP’ning namoyish mamlakatlaridan biri hisoblanadi va gilosni ustuvor mahsulot sifatida tanlagan. Dala treninglari turkumi 2026 yil may oyida Namanganda boʻlib oʻtgan OCOP mintaqaviy seminarida va Fargʻona vodiysidagi keyingi texnik mashgʻulotlarda boshlangan bilim almashinuvi va hamkorlikni davom ettiradi.

Amaliy oʻqitish ishtirokchilarning daraxtlarni shakllantirish, mavsumiy butash va bogʻlarni parvarishlashdagi keng tarqalgan xatolarni aniqlash sohasidagi bilim va koʻnikmalarini mustahkamladi. Mevalar sifati, hosildorlik va hosilni yigʻib olish xarajatlarining oʻzgarishini baholash uchun oʻrganilgan usullarni keyingi mavsumlarda qoʻllash va natijalarni atroflicha kuzatib borish talab etiladi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.