Oʻzbekistonning 38 ta oliy oʻquv yurti QS Asia 2027 reytingidan oʻrin oldi
Oʻzbekistonning 38 ta universiteti QS World University Rankings: Asia 2027 reytingidan oʻrin oldi. Eng yuqori pozitsiyani hamon Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti (TIQXMMI) egallab turibdi — mintaqaviy top-600 da 113-oʻrin.

Oʻzbekistonning 38 ta oliy oʻquv yurti QS Asia 2027 reytingiga kiritildi
Oliy taʼlim sohasidagi tahlillar bilan shugʻullanuvchi QS Quacquarelli Symonds kompaniyasi eʼlon qildi
Reytingga Osiyoning 26 ta mamlakati va hududidan 1722 ta universitet kirdi. Oʻzbekiston unda 38 ta oliy oʻquv yurti, jumladan 15 ta yangi ishtirokchi bilan taqdim etilgan. Mamlakat koʻrsatkichlari 17 foizga oʻsdi.
Oʻzbekiston oliy oʻquv yurtlari orasida eng yuqori oʻrinni egallab kelayotgan Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti (TIQXMMI) hamon 113-oʻrinda bormoqda. Shu bilan birga, oʻtgan yilgi reytingga nisbatan oliy oʻquv yurti 10 pogʻona yoʻqotdi.
Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti 196-oʻrinni egalladi (2026 yilda 180-oʻrin). Samarqand davlat universiteti 92 pogʻonaga koʻtarilib, 215-oʻrindan joy oldi.
Oʻzbekiston oliy oʻquv yurtlari orasida eng sezilarli oʻsishni Namangan davlat texnika universiteti koʻrsatdi va u 245 pogʻonaga koʻtarilib, 469-oʻrinni egalladi.
QS Asia Rankings taʼlim muassasalarini 11 ta mezon boʻyicha baholash asosida tuzilgan. Koʻrsatkichlar mintaqa xususiyatlarini hisobga olgan holda moslashtirilgan, bu esa reytingni global dunyo universitetlari reytingidan (QS World University Rankings) farqlaydi.
QS tadqiqoti maʼlumotlariga koʻra, Oʻzbekiston oliy oʻquv yurtlari «Ish beruvchilar oʻrtasidagi reputatsiya», «Xalqaro oʻqituvchilar ulushi» va «Talabalar almashinuvi» kabi mezonlar boʻyicha kuchli natijalarga ega.
Ilmiy-tadqiqot mahsuldorligi Oʻzbekiston universitetlari uchun asosiy chorlov boʻlib qolmoqda: eng past baholar «Bitta nashrga iqtiboslar soni» va «Bitta oʻqituvchiga toʻgʻri keladigan nashrlar soni» mezonlari boʻyicha qayd etilgan.
«Oʻzbekiston — bu yilgi reytingning eng jadal rivojlanayotgan oliy taʼlim tizimlaridan biri. Shiddatli kengayish, ortib borayotgan xalqaro hamkorliklar soni va Samarqand davlat universiteti kabi universitetlarning rekord darajadagi natijalari sektorning jadallashib borayotganidan dalolat beradi. Keyingi ilgarilash mamlakatning ortib borayotgan miqyosi va xalqaro ambitsiyalariga mos kelishi kerak boʻlgan ilmiy-tadqiqot salohiyatini oshirishga bogʻliq boʻladi», — dedi QS aavvalgi vitse-prezidenti Ben Sauter.
Umumosiyo reytingida birinchi oʻrinni Gonkong universiteti saqlab qoldi. Ikkinchi pogʻonada Pekin universiteti qoldi. Uchinchi oʻrinni toʻqqiz pogʻonaga koʻtarilgan Tsinxua universiteti egalladi.
Top-20 talikka umuman olganda Gonkong, materik Xitoyi, Singapur, Janubiy Koreya va Malayziya universitetlari kirgan.
Markaziy Osiyo Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Tojikistondan 99 ta universitet bilan taqdim etilgan.

