Oʻzbekistonliklarning aksariyati yangiliklarni Telegram orqali oladi — tadqiqot
Foydalanuvchilarning 55 foizi mepsenjerda kuniga ikki soatgacha vaqt oʻtkazadi.

Oʻzbekiston aholisining koʻpchiligi yangiliklarni Telegram orqali oladi — tadqiqot
Oʻzbekiston aholisi yangiliklarni eng koʻp Telegram messenjeri orqali bilib oladi. Bu haqda 2 noyabr kuni Toshkentda boʻlib oʻtgan «Oʻzbekistonda mediaisteʼmol boʻyicha milliy tadqiqot» taqdimotida «Ijtimoiy fikr» markazi direktori oʻrinbosari Mansur Saidov maʼlum qildi.
Tadqiqot Mass-media milliy fondi, Yevropa Ittifoqining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi, Kontent-markaz va «Ijtimoiy fikr» markazi bilan hamkorlikda oʻtkazildi.
Soʻrovnomada mamlakatning barcha hududlaridan 18 yoshdan katta boʻlgan 1411 nafar respondent ishtirok etdi. Tadqiqot joriy yilning 8 sentyabridan 19 sentyabrigacha oʻtkazildi. Ishtirokchilarga, xususan, axborot olish uchun eng koʻp qaysi manbalardan foydalanishlari haqida savol berildi.
«Telegram mamlakat mediamakonining oʻziga xos fenomeniga aylandi. Foydalanuvchilarning 55 foizi messenjerda kuniga 30 daqiqadan ikki soatgacha vaqt oʻtkazadi», — dedi Mansur Saidov.
Tadqiqotning eʼlon qilingan natijalariga koʻra, ishtirokchilarning 45,7 foizi yangiliklarni Telegram-kanallardan oladi. Shu bilan birga, 36,9 foizi buning uchun ijtimoiy tarmoqlardan, 33,8 foizi esa televideniyedan foydalanadi.
Yana 30,7 foiz respondentlar maʼlumotlarni internet-nashrlar va yangiliklar saytlaridan olishlarini maʼlum qilishgan.
Ijtimoiy tarmoqlar faol rivojlanayotganiga qaramay, televideniye hamon oʻz auditoriyasini saqlab qolmoqda. «Ijtimoiy fikr» markazi vakilining soʻzlariga koʻra, soʻralganlarning 67 foizga yaqini muntazam ravishda tele koʻrsatuvlarni tomosha qiladi.
«Televideniye oilaviy hordiq va ishonchli axborot manbai sifatida xonadonlarimizda hamon muhim oʻrin egallab kelmoqda. Bu, ayniqsa, 35 yoshdan oshgan aholiga tegishli. Milliy telekanallar orasida “Oʻzbekiston 24”, “Milliy”, “Sevimli”, “Zoʻr TV” va “Yoshlar” yetakchilik qilmoqda. Xolis va rasmiy axborot olish uchun aholining yarmidan koʻpi “Oʻzbekiston 24” telekanaliga murojaat qiladi», — dedi Mansur Saidov.
Bundan tashqari, tadqiqot ishtirokchilarining 80 foizdan ortigʻi Oʻzbekistonda va dunyoda yuz berayotgan yangiliklarni muntazam yoki vaqti-vaqti bilan kuzatib borishini bildirgan.

