Oʻzbekistonga 1,1 mln dan ortiq mehnat migranti qaytib keldi
2026 yil boshidan beri mamlakatga 1,116 mln fuqaro qaytib keldi. Yil oxirigacha ularning 250 mingtasini ish bilan taʼminlash rejalashtirilmoqda.

Oʻzbekistonga 1,1 mln dan ortiq mehnat migranti qaytib keldi
2026 yil boshidan beri ilgari mehnat migratsiyasida boʻlgan 1,116 mln nafar fuqaro xorijdan Oʻzbekistonga qaytib keldi. Yil oxirigacha hokimiyat organlari ularning 250 ming nafari uchun ish oʻrinlarini tanlab berishni rejalashtirmoqda. Ushbu masalalar 2 noyabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida oʻtkazilgan yigʻilishda muhokama qilindi. Bu haqda davlat rahbarining matbuot kotibi Sherzod Asadov maʼlum qildi.
Qaytganlar orasida Germaniya, Buyuk Britaniya, Janubiy Koreya, Yaponiya va Rossiyada kasbiy tajriba orttirgan mutaxassislar bor. Ular sanoat, qurilish, logistika, xizmat koʻrsatish sohasi va qishloq xoʻjaligida band boʻlgan.
Davlat rahbari yirik xorijiy korxonalarda ishlagan fuqarolar zamonaviy texnologiyalar va ishlab chiqarishni tashkil etishning yangi usullarini oʻzlashtirganini taʼkidladi. Ularning bilim va koʻnikmalari Oʻzbekiston korxonalarida asqotishi mumkin.
Shu munosabat bilan hokimlar va tarmoq idoralari rahbarlariga qaytgan migrantlarga mos boʻsh ish oʻrinlarini tanlash va ularning kasbiy tajribasini mamlakat iqtisodiyotida qoʻllashga koʻmaklashish topshirildi.
Ishga joylashtirishni yanada samarali qilish uchun maxsus axborot platformasini ishga tushirish rejalashtirilmoqda. Unda fuqarolarning xorijdagi ilgarigi ish joylari, olgan kasblari, malakasi va mehnat staji davomiyligi haqidagi maʼlumotlar yigʻiladi.
Platforma hokimlar va tarmoqlar rahbarlari foydalanadigan axborot tizimi bilan integratsiya qilinishi kutilmoqda. Bu mahalliy korxonalarda mos boʻsh ish oʻrinlarini tanlashda har bir fuqaroning kasbiy profilini hisobga olish imkonini beradi.
Alohida topshiriq oʻz biznesini ochishga qiziqqan fuqarolarga tegishli. Ular uchun konsultativ yordam koʻrsatish va tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish nazarda tutilgan.
Shu bilan birga, prezident matbuot kotibining axborotida qaytgan 1,116 mln migrantning qanchasi allaqachon ish topgani va qanchasi hozircha ish qidirayotgani haqida maʼlumot keltirilmagan.
Ilgariroq, sentyabr oxirida kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vaziri Botir Zahidov Oliy Majlis Qonunchilik palatasida 2026 yilning birinchi yarmida mamlakatga 661 ming nafar mehnat migranti qaytib kelganini maʼlum qilgan edi. Uning maʼlumotlariga koʻra, ularning 557 ming nafari daromad keltiradigan faoliyatga jalb qilingan.
Vazir, shuningdek, qaytgan yana 70 ming nafar fuqaroning bandligini ularning xohish-istaklarini inobatga olgan holda taʼminlash rejalari haqida gapirgan edi. Shu bilan birga, 557 ming koʻrsatkichi daromad keltiradigan faoliyatning turli shakllarini qamrab oladi va bu barcha ushbu fuqarolar mehnat shartnomalari boʻyicha doimiy ishga ega boʻlganini anglatmaydi.

