Oʻzbekistonda yangi kripto-dokonga litsenziya berildi

Oʻzbekistonda yangi kripto-doʻkon litsenziyalandi
Oʻzbekiston Istiqbolli loyihalar milliy agentligi Monetex kompaniyasiga kripto-doʻkon faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziya berdi. Natijada rasmiy reyestradagi kripto-doʻkonlarning umumiy soni 14 taga yetdi.
Tegishli buyruq 26 oktyabr kuni imzolangan.
Agentlik xabariga koʻra, litsenziya kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi xizmatlar provayderlari faoliyatini litsenziyalash toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq berilgan. Kompaniya haqidagi maʼlumotlar litsenziyalarning elektron reyestriga kiritilgan va idoraning rasmiy veb-saytiga joylashtirilgan.
Reyestrga koʻra, Monetex Toshkent shahri, Mirzo Ulugʻbek tumani, Sayram koʻchasi, 2-uy manzili boʻyicha roʻyxatdan oʻtgan. Kompaniyaning yagona muassisi sifatida ustav kapitalining 100 foiziga egalik qiluvchi Sherzod Kasimov koʻrsatilgan.
Shu bilan birga, bir qator kripto-doʻkonlar litsenziyasining amal qilishi olti oyga toʻxtatib qoʻyilgan. Cheklovlar Cryptocorp, C-Cash, T-Firm va Crypto Magnat kompaniyalariga taalluqlidir. Tegishli buyruqlar 2026 yilning avgust va sentyabr oylarida chiqarilgan.

