Mahalliy

Oʻzbekistonda Yandex Go servisi bilan 700 nafar kar va eshitishi zaif haydovchilar hamkorlik qilmoqda

Eshitishida nuqsoni boʻlgan va zaif eshituvchi haydovchilar besh yil davomida Yandex Go orqali 850 mingta safarni amalga oshirdilar. Hozirgi vaqtda Oʻzbekistonda ushbu servis bilan 700 nafar shunday haydovchi hamkorlik qilmoqda, ular oyiga oʻrtacha 35 mingta buyurtmani bajarmoqda — bu ikki yil avvalgiga qaraganda ikki baravar koʻp.

Oʻzbekistonda Yandex Go servisi bilan 700 nafar kar va eshitishi zaif haydovchi hamkorlik qilmoqda. Besh yil ichida ular 850 mingta safarni amalga oshirdi, deb xabar berdi «Gazeta»ga Yandex Uzbekistan matbuot xizmati.

Hozirda bunday haydovchilar oyiga oʻrtacha 35 mingta buyurtma bajarmoqda — bu ikki yil avvalgiga qaraganda ikki baravar koʻp, deya qayd etdi kompaniya.

Xabarda aytilishicha, Yandex Go servisi bilan ishlash eshitish qobiliyati boʻyicha nogironligi boʻlgan haydovchilar uchun moslashtirilgan. Platformaga ulanish telefon qoʻngʻiroqlarisiz amalga oshiriladi, Yandex Pro ilovasidagi treninglar ishora tilida taqdim etilgan, qoʻllab-quvvatlash xizmati va yoʻlovchilar bilan muloqot esa matnli formatga oʻtkazilgan.

Yangi buyurtma kelib tushganda, smartfon ekrani miltillay boshlaydi, qurilma esa tebranadi. Haydovchi va yoʻlovchi oʻrtasidagi matnli chat butun safar davomida faol boʻladi, vaholanki oddiy rejimda u yoʻlovchi mashinaga oʻtirganidan keyin yopiladi. Yoʻlovchilar va qoʻllab-quvvatlash xizmati xodimlari uchun ovozli qoʻngʻiroqlar oʻchirib qoʻyilgan.

Avtomobillarda, shuningdek, haydovchi va yoʻlovchiga safar davomida muloqot qilishga yordam beradigan maxsus gʻiloflar va kartochkalar joylashtiriladi. Kompaniyaning taʼkidlashicha, haydovchilarning eshitish xususiyatlari yoʻlovchilarning baholariga va safarlar xavfsizligiga taʼsir qilmaydi.

Kar va eshitishi zaif haydovchilar servis bilan oʻzini oʻzi band qilgan shaxs sifatida yoki taksoparklar orqali hamkorlik qilishlari mumkin. Oxirgilari uchun kompaniya eshitish xususiyatlariga ega odamlar bilan oʻzaro aloqa va muloqot qilish boʻyicha eslatma tayyorladi.

«Bugungi kunda Oʻzbekistonda inklyuziv muhitni rivojlantirish texnologiyalar bilan bevosita bogʻliq. Platformani kar va eshitishi zaif insonlarning qabul qilish xususiyatlariga moslashtirish inklyuziyani bir martalik tashabbuslar toifasidan muntazam amaliyotga aylantiradi. Loyiha statistikasi bunday vositalarga talab borligini isbotlamoqda: ular odamlarga oʻz kasbida oʻzlarini namoyon qilishga yordam beradi va jamiyatda oʻzaro hurmat madaniyatini mustahkamlaydi», — deb taʼkidladi Prezident huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori oʻrinbosari Usmon Sharifxoʻjayev.

«Yandex Uzbekistan nogironligi boʻlgan shaxslarning kasbiy jihatdan oʻzlarini namoyon qilishlari uchun izchil ravishda imkoniyatlar yaratmoqda. Biz nafaqat Yandex Taxi, balki boshqa servislarni ham, masalan, Yandex Lavka’ni ham moslashtirmoqdamiz. Yaqinda servis eshitish qobiliyati boʻyicha nogironligi boʻlgan ombor mutaxassislari uchun boʻsh ish oʻrinlarini ochdi. Eng muhimi, biz bu ishlarni davlat va jamoat tashkilotlari bilan birgalikda hamda odamlarning oʻzlaridan olinadigan qayta aloqaga tayangan holda olib bormoqdamiz. Tajriba va resurslarning birlashtirilishi ular kimga moʻljallangan boʻlsa, oʻshalarning real ehtiyojlariga javob beradigan tizimli yechimlarni yaratish imkonini beradi», — dedi Yandex Uzbekistan vitse-prezidenti Sardor Qodirov.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.