Oʻzbekistonda Pokiston bilan hamkorlikda yangi klinika ochilishi mumkin
Pokistonning Maroof International Hospital klinikasi hamkorligida Oʻzbekistonda zamonaviy diagnostika markazi yoki ixtisoslashtirilgan tibbiy klinika tashkil etish muhokama qilindi. Pokiston tomoni Buxoroda ishlab chiqarilayotgan koronar stentlarni oʻz bozoriga olib kirishga ham qiziqish bildirdi.

Oʻzbekistonda Pokiston bilan hamkorlikda yangi klinika ochilishi ehtimoli bor
Bu masalalar Oʻzbekiston elchisi Alisher Toʻxtayev va Maroof International Hospital rahbari Nosir Ahmadning Islomoboddagi uchrashuvida muhokama qilindi.
Suhbat chogʻida sogʻliqni saqlash, tibbiy taʼlim hamda tibbiy turizm yoʻnalishlarida amaliy hamkorlikni kengaytirish istiqbollari koʻrib chiqildi. Pokiston tomoni Oʻzbekistonda diagnostika va ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmatlar boʻyicha investitsiya loyihalarini amalga oshirishga qiziqish bildirganini maʼlum qildi.
Hamkorlikning ilk bosqichida Oʻzbekistondagi tibbiyot texnikumlari bilan birgalikda 3–6 oylik qisqa muddatli oʻquv dasturlarini ishlab chiqish taklif qilindi.
Bu dasturlar hamshiralar, laboratoriya mutaxassislari va shoshilinch tibbiy yordam xodimlarini zamonaviy usullar asosida tayyorlash hamda ularning malakasini oshirishga yoʻnaltiriladi.
Shuningdek, malakali mutaxassislar ishtirokida onlayn darslar, mahorat darslari va amaliy treninglar tashkil etish imkoniyatlari ham koʻrib chiqildi. Talabalar uchun qisqa muddatli amaliyot dasturlarini yoʻlga qoʻyish va tajriba almashish masalalari ham muhokama qilindi.
Tibbiy texnologiyalar va farmatsevtika sohasidagi hamkorlik doirasida Buxoro viloyatida Janubiy Koreya texnologiyalari asosida ishlab chiqarilayotgan koronar stentlarga alohida eʼtibor qaratildi. Nosir Ahmad ushbu mahsulotlarni Pokiston bozoriga eksport qilishga qiziqish bildirdi.
Tomonlar tibbiy turizmni rivojlantirishga doir takliflarni ham qoʻllab-quvvatladi. Xususan, Pokiston fuqarolari uchun Oʻzbekistonda diagnostika, davolanish va sogʻlomlashtirish xizmatlarini turizm dasturlari bilan uygʻunlashtirish masalasi muhokama qilindi.
Oʻz navbatida, Maroof International Hospital klinikalarida oʻzbekistonlik bemorlarga tibbiy xizmat koʻrsatish imkoniyatlarini kengaytirish taklifi ilgari surildi.
2009-yilda tashkil etilgan Maroof International Hospital — 220 oʻrinli koʻp tarmoqli xususiy tibbiyot muassasasi. Unda kardioxirurgiya, bolalar kardioxirurgiyasi, neyroxirurgiya, minimal invaziv jarrohlik, ginekologiya, pediatriya, reanimatsiya va shoshilinch tibbiy yordam yoʻnalishlari mavjud.

