Oʻzbekistonda ov qilish guvohnomalari raqamli formatga oʻtkaziladi

Oʻzbekistonda ov qilish guvohnomalari raqamli formatga oʻtkaziladi
Oʻzbekistonda ov qilish va ov qilish guvohnomalarini berish tartibi oʻzgartiriladi. Hujjatning oʻzi raqamli formatga oʻtkaziladi, ov xoʻjaliklari uchun esa yetishtirilgan va tabiatga qoʻyib yuborilgan yovvoyi hayvonlarni ovlashning yangi qoidalari joriy etiladi.
Yangi qonunga koʻra, guvohnomani ovchilar uchun maxsus oʻquv kurslarini tamomlagan va test sinovlaridan muvaffaqiyatli oʻtgan 18 yoshdan oshgan muomalaga layoqatli fuqarolar olishlari mumkin boʻladi. Hujjatni rasmiylashtirish Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali — my.gov.uz orqali amalga oshiriladi.
Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi guvohnomani ikki yil muddatga beradi. Uni uzaytirish egasining arizasiga koʻra amalga oshirilishi mumkin boʻladi.
Ov qilishning oʻzi faqat ov xoʻjaliklariga biriktirilgan hududlarda, shuningdek, erkin ov qilish joylarida ruxsat etiladi. Ularning roʻyxatini Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi belgilaydi.
Pitomniklarda yovvoyi hayvonlarni mustaqil ravishda yetishtiradigan xoʻjaliklar uchun alohida tartib nazarda tutilgan. Agar ular tomonidan qoʻyib yuborilgan hayvonlar biriktirilgan ov joylarida moslashib ketsa, xoʻjalik koʻpayish davridan tashqari, yil davomida ularni ovlashni tashkil etishi mumkin boʻladi.
Ovlangan hayvonlar soni qoʻyib yuborilganlar sonidan koʻp boʻlmasligi kerak. Bunda ularni tutish uchun alohida ruxsatnoma talab etilmaydi.
Koʻpayish davri Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Zoologiya institutining xulosasi asosida belgilanadi.
Bundan avval Oʻzbekistonda kamyob va yoʻqolib ketish xavfi ostida turgan yovvoyi hayvonlar turlarini ovlashga taqiq joriy etilishi haqida xabar berilgan edi.

