“Oʻzbekistonda olti oyda 815 ta yangi bogʻchalar ochildi” — bosh vazir oʻrinbosari

Bosh vazir oʻrinbosari Jamshid Qoʻchqorovning maʼlum qilishicha, Oʻzbekistonda olti oy ichida 815 ta yangi bogʻcha ochilib, 42 mingga yaqin bolalar uchun qoʻshimcha joylar yaratilgan. Bu haqda u 25-avgust kuni parlament yigʻilishida deputatlarga “Oʻzbekiston-2030” strategiyasi doirasida 2026-yilning birinchi yarmida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan hisobot berayotganida aytib oʻtdi.
Iqtisodiyot va moliya vaziri lavozimini ham egallab turgan Qoʻchqorovning soʻzlariga koʻra, birinchi yarim yillikda respublika boʻylab jami 815 ta yangi davlat, davlat-xususiy sheriklik asosidagi va oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari tashkil etilgan. Natijada 42 mingga yaqin yangi bolalar oʻrni paydo boʻlgan. Shuningdek, nodavlat umumiy oʻrta taʼlim maktablari soni 786 taga yetib, ularda tahsil olayotgan oʻquvchilar soni 181 ming nafarni tashkil etgan.
Jamshid Qoʻchqorov strategiya doirasida xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlashga ham alohida eʼtibor qaratilganini taʼkidladi. Uning aytishicha, 17 ming nafardan ortiq xotin-qizlarga oliygohlarga oʻqishga kirish uchun tavsiyanomalar berilgan. Bundan tashqari, toʻlov-kontrakt asosida taʼlim olayotgan 4 900 nafar talaba qizlarga 64 milliard soʻm miqdorida foizsiz taʼlim kreditlari ajratilgan. Magistraturada oʻqiyotgan 11 ming nafar xotin-qizlarning esa 75,5 milliard soʻmlik toʻlov-kontraktlari qoplab berilgan.
Hukumat vakili yarim yil davomida “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 12 ming nafar yoshga 27 milliard soʻm moddiy yordam koʻrsatilganini ham qayd etdi.
Avvalroq Jamshid Qoʻchqorov yarim yil mobaynida 500 ming nafardan ortiq aholi doimiy ishga joylashtirilganini maʼlum qilgan edi.

